07:49 / 07.09.2023
5108

O‘zbekistonda xususiylashtirishning yangi uslublari belgilanmoqda

Amaldagi qonunda belgilanmagan xususiylashtirishning yangi 8 ta uslubi kiritilmoqda.

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Deputatlar “Davlat mulkini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqdi.

Taklif etilayotgan qonun loyihasi bilan xususiylashtirishning barcha bosqichlari, xususiylashtirishning prinsiplari batafsil to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiluvchi qonun darajasida mustahkamlanmoqda. Xususiylashtirishning qonuniylik, ochiqlik va shaffoflik, hisobdorlik, teng raqobat muhitini ta’minlash hamda korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik kabi prinsiplari belgilanyapti.

Amaldagi qonunda belgilanmagan elektron-onlayn auksion, tanlov va birja, muzokaralarga ommaviy taklif qilish, raqobatga asoslangan muloqot asosida sotish, korxonani va ko‘chmas mulk obektini boshqa jamiyatning ustav fondiga kiritish va korxonalarni keyinchalik sotish sharti bilan ijaraga berish kabi xususiylashtirishning yangi 8 ta uslubi kiritilmoqda.

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinishi munosabati bilan xususiylashtirilgan mulkning daxlsizligini kafolatlash belgilanmoqda.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

Top