O‘zbekistonning ikki klubi Markaziy Osiyoda qimmat tarkibga ega klublar ro‘yxatiga kirdi
Germaniyaning Transfermarkt portali butun dunyo futbol klublarining taxminiy transfer narxini hisoblab chiqdi. Markaziy Osiyoning eng qimmat tarkibga ega futbol klublari beshligiga Qozog‘istonning 3 klubi va O‘zbekistonning 2 klubi kirdi.
Qozog‘iston Superligasida ishtirok etuvchi «Astana» klubi Markaziy Osiyoning eng qimmat tarkibga ega futbol klubi hisoblanadi. Germaniyaning Transfermarkt portali uning qiymatini 14,2 mln yevroga baholamoqda. «Astana» tarkibida ishtirok etuvchi gambiyalik Dembo Darbo transfer qiymati 1,8 mln yevroga teng.
Ikkinchi o‘rinda Qozog‘istonning yana bir vakili - Chimkentning «Ordabasi» klubi joylashgan. 2023 yil avgust oyi holatiga ko‘ra, bu klub futbolchilarining umumiy narxi 11,8 mln yevroni tashkil qiladi. Uning tarkibidagi eng qimmat futbolchi – ukrainalik Artyom Besedin (1,2 mln yevro).
Markaziy Osiyo klublari orasida uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlarni O‘zbekistonning «Paxtakor» (11,1 mln yevro) va «Navbahor» (10,4 mln yevro) klublari band etgan. Toshkent klubi markaziy yarimhimoyachisi Odiljon Hamrobekov 1 mln yevroga, Namanganning «Navbahor» klubi yetakchisi Jamshid Iskanderov esa 850 ming yevroga baholangan.
Nihoyat, mintaqadagi qimmat futbol klublari kvintetini Qozog‘istonning yana bir vakili – barcha futbolchilarining transfer qiymati 9,73 mln yevroga teng bo‘lgan «Aqto‘be» klubi yakunlaydi. Ushbu klubning eng qimmat futbolchisi - qozog‘istonlik Maksim Samorodov (700 ming yevro).
Tojikiston klublari orasida Dushanbening «Istiqlol» klubiga teng keladigani yo‘q. Transfermarkt uning tarkibini 5,1 mln yevroga baholamoqda. Keyingi o‘rinlarda Ko‘lobning «Ravshan» va Xo‘jandning «Xo‘jand» klublari – har biri 2,48 mln yevro.
Qirg‘izistonda eng qimmat klub - Qantning «Abdish-Ota» klubi (4,5 mln yevro), Turkmanistonda - «Arqadag‘» klubi (1,3 mln yevro).
Markaziy Osiyoda futbol klublari budjetini oshkor qilish odat emas. Shu bois mintaqadagi eng boy klub nomini aytish qiyin, deb yozdi Asia-Plus. Ba’zi OAV xabarlariga ko‘ra, Namanganning «Navbahor» va Toshkentning «Paxtakor» klublarining budjeti taxminan 10 mln dollarni tashkil etadi. OKMK klubi aktivida ham taxminan shuncha pul bor. Qozog‘istonda, ayrim manbalarga ko‘ra, «Astana» budjeti 10 mln dollardan oshadi.
Tojikistonda «Istiqlol» klubi budjeti taxminan 2 mln dollarga baholangan, boshqa klublarning aktivlarida esa 100-800 ming dollar bor. Qirg‘iziston klublari bilan ham vaziyat shunday. Turkmaniston futbol klublarining budjeti oshkor etilmagan.
Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Turkmaniston klublari Tojikiston va Qirg‘iziston klublariga qaraganda ko‘proq pulga ega, ammo Qozog‘iston va O‘zbekiston klublari bilan raqobatlasha olmaydi.
Mavzuga oid
16:46 / 12.12.2024
Fayzullayevning transfer bahosi yana 2 million yevroga oshdi
19:48 / 10.09.2024
Xitoyda 43 futbolchi kelishilgan o‘yinlar uchun umrbod diskvalifikatsiya qilindi
20:41 / 21.06.2024
Italiyada «Oltin to‘p» sovrindori Roberto Badjo uyiga qaroqchilar bostirib kirdi
19:12 / 21.06.2024