09:19 / 12.09.2023
4313

«Chegara bilmas muxbirlar» Bishkekning Kloop nashriga nisbatan choralarini tanqid qildi 

Qirg‘izistonda ommaviy axborot vositalari erkinligi bilan bog‘liq vaziyat yomonlashishda davom etmoqda, deydi huquq faollari. Bir yil davomida mamlakat OAV erkinligi reytingida 50 pog‘onaga tushib ketdi. 

Foto: RFE / RL

Bishkek prokuraturasi Qirg‘izistonda jurnalistik surishtiruvlar bilan shug‘ullanuvchi va boshqa ma’lumotlar bilan bir qatorda, Qirg‘izistondagi korrupsiya haqida bir necha bor xabar bergan «Kloop» mustaqil axborot portaliga egalik qiluvchi «Kloop Media» jamoat fondiga qarshi da’vo qo‘zg‘atdi. Bu haqda 11 sentabr, dushanba kuni «Chegara bilmas muxbirlar» (RSF) xalqaro inson huquqlari tashkiloti xabar berdi. Hokimiyat bu jarayon bilan mamlakatdagi eng nufuzli OAVni yo‘q qilishga intilyapti, dedi «Chegara bilmas muxbirlar»ning Germaniya bo‘limi direktori Kristian Mihr. 

«Nashr yopilishi hokimiyat o‘zgargunga qadar Markaziy Osiyoda demokratik deb hisoblangan mamlakatda matbuot erkinligiga yana bir zarba bo‘ladi. Da’voni qaytarib olish kerak», - deydi u.

Da’vo o‘tkazilgan surishtiruvdan so‘ng qo‘zg‘atilgan

Bishkek prokuraturasi 22 avgust kuni «Kloop Media»ga qarshi da’vo qo‘zg‘atdi. Mahkamaning asosiy e’tirozi jamg‘armaning OAV sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilmagani va o‘z ustavining buzilishi, bunda jurnalistlik faoliyati ko‘zda tutilmaganligidir. Qirg‘iziston qonunchiligida bunday qoidabuzarliklar sodir bo‘lgan taqdirda ommaviy axborot vositalarini yopish imkoniyati ko‘zda tutilgan, deya qayd etadi «Chegara bilmas muxbirlar».

Jamg‘arma rahbariyati qo‘yilgan ayblovlarni asossiz, prokuraturaning harakatlarini esa siyosiy sababga ega, deb hisoblaydi. Da’vo jurnalistlar tomonidan Japarovning qarindoshlari tomonidan daromadli loyiha – Ispaniyaning «Barselona» klubi uchun Qirg‘izistonda futbol akademiyasi qurilishi bo‘yicha shartnomalar olingani haqidagi surishtiruvi e’lon qilingan kuni qo‘zg‘atilgan. Bir necha kundan keyin Japarov intervyuda «Kloop» kabi OAV mamlakatga faqat zarar keltirishini va hech qanday foyda bermasligini aytdi.

Bir yilda Qirg‘iziston OAV erkinligi reytingida 50 pog‘onaga tushib ketdi 

«Chegara bilmas muxbirlar» tashkiloti ta’kidlashicha, qo‘zg‘atilgan ish 2021 yildan beri davom etayotgan matbuot erkinligining xavotirli yomonlashuvi bir qismi bo‘ldi. Nisbatan xilma-xil ommaviy axborot vositalariga ega Qirg‘izistonda tanqidiy jurnalistlarga bosim kuchayib bormoqda, mustaqil matbuot nazorati oshmoqda va jamoatchilik tanqidi uchun maydon tobora cheklanmoqda, deydi huquq faollari. Ular, jumladan, ayrim mustaqil nashrlar va jurnalistlar ta’qibga uchraganini keltirib o‘tgan.

Qirg‘iziston hozirda «Chegara bilmas muxbirlar» tashkilotining matbuot erkinligi reytingida 180 davlat orasidan 122-o‘rinni egallab turibdi. Shu bilan birga, mamlakat yil davomida 50 pog‘onaga pastladi, deya ta’kidlanadi ma’lumotda. 

Mavzuga oid
Top