09:01 / 12.09.2023
7850

Pashinyan: Rim statutini ratifikatsiya qilish Rossiya bilan bog‘liq emas

Armaniston bosh vaziri Putin xalqaro qidiruvga berilishidan oldin Yerevan Rim statutini ratifikatsiya qilishni boshlaganini eslatdi.

Foto: RIA Novosti / Ramil Sitdikov

Armanistonning Rim statutini ratifikatsiya qilishi Rossiya bilan munosabatlarga aloqador emas, balki xavfsizlikni ta’minlash uchun zarur, dedi bosh vazir Nikol Pashinyan 11 sentabr, dushanba kuni «Jamoatchilik televideniyesi» telekanaliga bergan intervyusida.

«Bugun biz chegara xavfsizligiga yordam beradigan omillar uchun olishimiz mumkin bo‘lgan vositalardan foydalanishga harakat qilmoqdamiz. Rim statutining Armaniston-Rossiya munosabatlariga hech qanday aloqasi yo‘q. Biz uni ratifikatsiya qilmoqdamiz, chunki 2022 yil sentabr va 2021 yilning may oyi voqealari Xalqaro jinoiy sud tomonidan tekshirildi», deb tushuntirdi Pashinyan. 

Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, hujjatning ratifikatsiya qilinishi «KXShT (Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti) Armaniston oldidagi majburiyatlarini bajarmagan va bajarmayotgan sharoitda xavfsizlik darajasini oshirishga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan yana bir omildir». 

Yerevan Rim statutini Putin bo‘yicha order berilishidan oldin ratifikatsiya qilishni boshladi 

1 sentabr kuni Armaniston hukumati Rim statutini ratifikatsiya qilish masalasini ko‘rib chiqish uchun parlamentga yubordi. Mamlakat rasmiylari buni ikki davlat o‘rtasidagi harbiy mojaro munosabati bilan Ozarboyjonni javobgarlikka tortish istagiga bog‘lamoqda. 

Pashinyan Yerevan Rim statutini ratifikatsiya qilishni 2022 yilning dekabrida, Xalqaro jinoiy sud (XJS) Rossiya prezidenti Vladimir Putinni hibsga olishga order berguniga qadar boshlaganini eslatdi. «Afsuski, bu jarayon Rossiya va XJS o‘rtasidagi munosabatlar kontekstiga to‘g‘ri keldi. Lekin shuni aytishim kerakki, u Armaniston va Rossiya munosabatlariga bog‘liq emas», - deya ta’kidladi bosh vazir. 

Rim statuti Armaniston tomonidan 1998 yilda imzolangan. Joriy yilning mart oyida mamlakat Konstitutsiyaviy sudi hujjatni asosiy qonunga muvofiq deb tan oldi. 

XJS Putinni hibsga olish uchun order berdi 

2023 yilning mart oyida XJS Putin va bolalar ombudsmanı Mariya Lvova-Belovani hibsga olishga order berdi. Sud ma’lumotlariga ko‘ra, Putin va Lvova-Belova «aholini (bolalarni) Ukraina hududidan Rossiyaga noqonuniy deportatsiya qilish bilan bog‘liq harbiy jinoyat uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi». Bu order Rim statutini ratifikatsiya qilgan davlatlar Putin tashrif buyurgan taqdirda uni hibsga olishi kerakligini anglatadi. 

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Yerevanning Rim statutiga qo‘shilish rejalarini «mutlaqo qabul qilib bo‘lmas» deb atadi. Yerevan, o‘z navbatida, 2023 yilda o‘z hududida KXShT mashg‘ulotlarini o‘tkazishdan bosh tortdi. Bunday hodisalar mintaqada xavf tug‘dirishi mumkin, deya tushuntirdi Pashinyan. Keyinroq u Armanistonning KXShTdagi a’zoligi to‘xtatilishi mumkinligini istisno etmadi, shuningdek, Rossiya tinchlikparvar kuchlarini Tog‘li Qorabog‘ bo‘yicha o‘z missiyasini bajarmagani uchun qoraladi. 

Top