08:23 / 15.09.2023
6992

Rossiya va Turkiya o‘rtasidagi kelishmovchilik gaz habini yaratishga to‘sqinlik qilmoqda

Anqara va Moskva Rossiya gazini Yevropaga yetkazib berish bo‘yicha Turkiyadagi markazni kim boshqarishi kerakligi borasida bahslashmoqda, deb xabar berdi Reuters.

Foto: RIA Novosti

Moskva va Anqara o‘rtasida qaysi tomon boshqarishi borasidagi kelishmovchiliklar tufayli Turkiyada gaz habini yaratish kechiktirildi. Bu haqda 14 sentabr, payshanba kuni Reuters vaziyatdan xabardor ikki manbaga tayanib xabar berdi

«Boshqaruv bilan bog‘liq muammolar bor, ular markazni kim boshqarishi kerakligi ustida kurashmoqda», dedi anonimlik sharti bilan agentlik suhbatdoshi. «Gazprom»ga yaqin yana bir manba rahbariyat bilan bog‘liq «muammo» borligini tan oldi. «Gazprom» va Turkiya Energetika vazirligi vakillari Reuters agentligining izoh so‘rashiga javob bermadi. 

Turkiya hududidagi gaz habi loyihasi 

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2022 yil oktyabr oyida Rossiya yonilg‘isini Yevropaga yetkazib berish uchun Turkiyada gaz markazini yaratishni taklif qildi. Uning fikricha, bu Boltiq dengizida portlagan «Shimoliy oqim» gaz quvurlari orqali yo‘qolgan tranzit hajmini qoplash imkonini beradi. 

4 sentabr kuni Sochida bo‘lib o‘tgan muzokaralardan so‘ng Putin «Gazprom» Turkiyaning Botas kompaniyasiga loyihani amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasi loyihasini topshirganini ma’lum qildi. Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, hali ham qo‘shma ishchi guruh tuzish, hab faoliyatining huquqiy asoslari hamda «sotib olingan gazni sotish va o‘tkazish sxemalarini» kelishish zarur. 

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalar buzilishidan xavotirda 

Yevropa Ittifoqi Rossiya va Turkiyaning rejalarini tanqid qilmoqda. Ba’zi Yevropa davlatlari Turkiya habi yordamida Rossiya o‘z ta’minotini boshqa mamlakatlardan keladigan yonilg‘i bilan aralashtirib, Ukrainadagi urush tufayli joriy etilgan YeI sanksiyalarini chetlab o‘tishidan xavotirda, deb ta’kidlaydi Reuters. 

Top