08:31 / 15.09.2023
3602

Yevropa Markaziy banki asosiy foiz stavkasini 4,5 foizgacha oshirdi

Yevropa Markaziy banki bazaviy stavkalarni qatorasiga o‘ninchi marta oshirdi. Bu hozircha oxirgi o‘sish bo‘lishi kutilmoqda. Qaror YeMB kengashining «qat’iy ko‘pchiligi» tomonidan qabul qilindi.

Foto: AFP

Yevropa Markaziy banki (YeMB) yevrohududda yuqori inflatsiyaga qarshi kurash choralari doirasida asosiy foiz stavkalarini yana oshirdi. Bu qaror YeMB boshqaruv kengashi a’zolarining «qat’iy ko‘pchiligi» tomonidan qabul qilindi, dedi Yevropa moliya instituti rahbari Kristin Lagard 14 sentabr, payshanba kuni Frankfurt-Maynda. Asosiy kredit stavkasi 0,25 foiz punktga ko‘tarilib, 4,5 foizga yetdi, bu ketma-ket o‘ninchi o‘sishdir

Shu bilan birga, YeMB depozitlar bo‘yicha foiz stavkasini 3,75 foizdan 4,0 foizga oshirdi, bu Yevropa valuta ittifoqi tarixida 1999 yildan beri eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi. «Inflatsiya darajasi pasayishda davom etmoqda. Ammo u hali ham uzoq vaqt davomida juda yuqori darajada qolishi kutilmoqda», - deyiladi Yevropa Markaziy banki bayonotida.

Hozircha so‘nggi oshirish

YeMB, shuningdek, bu, ehtimol, bazaviy stavkalarning oxirgi o‘sishi ekanligini ta’kidladi. Ular inflatsiya ko‘rsatkichlarini maqsadli qiymatga qaytarishga katta hissa qo‘shadigan darajaga yetdi, deya tushuntirildi Frankfurtda. Shu bilan birga, Lagard kerak bo‘lsa, bazaviy stavkalar yanada oshirilishini istisno etmadi. 

Oxirgi marta YeMB bazaviy foiz stavkalarini iyul oyi oxirida 0,25 foiz punktiga oshirgan edi. Tijorat banklari YeMBdan qarz oladigan kredit stavkasi 4,25 foizgacha ko‘tarildi, bu - oxirgi marta 2008 yil oktyabr oyida global moliyaviy inqiroz boshlanishida kuzatilgan daraja. Yuqori foiz stavkalari kreditlarni qimmatroq qiladi. Bu talabni sekinlashtirishi va narxlarning o‘sishini cheklashi mumkin. Shu bilan birga, qimmat kreditlar iqtisodiy o‘sishga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Yevrozonadagi inflatsiya - optimal darajadan ikki baravar yuqori

Biznes va makroiqtisodchilar YeMBni evrozonada yuqori inflatsiyaga qarshi kurash choralarini to‘xtatib turishga chaqirmoqda, chunki yuqori foiz stavkalarining ta’siri darhol sezilmaydi. 

20 a’zosi bo‘lgan valuta ittifoqida inflatsiya darajasi so‘nggi oylarda 2022 yildagi rekord darajadan pasaydi. Avgust oyida yevrohududda o‘rtacha inflatsiya darajasi 5,3 foizni tashkil etdi. Bu YeMBning o‘rta muddatli istiqbolda optimal daraja deb hisoblagan 2,0 foizlik ko‘rsatkichidan ikki baravar ko‘proqdir, deya qayd etadi Reuters. 

Mavzuga oid
Top