10:10 / 18.09.2023
4358

Odessa portiga vaqtinchalik yo‘lak orqali dastlabki ikkita kema kirdi

Chernomorsk porti suvlariga Palau bayrog‘i ko‘tarilgan yuk kemalari yetib keldi. Ular Afrika va Osiyo mamlakatlari uchun qariyb 20 ming tonna bug‘doy olib ketadi. 

Foto: Stringer/AFP

Ukrainaning Odessa viloyatidagi Chernomorsk portiga Rossiya «g‘alla bitimi» deb atalmish shartnomadan chiqqanidan keyin Qora dengizda o‘rnatilgan vaqtinchalik yo‘lakdan foydalangan holda dastlabki ikkita yuk kemasi yetib keldi. Bu haqda 17 sentabr, yakshanba kuni MarineTraffic resursi ma’lumotlariga tayanib. «Interfaks-Ukraina» agentligi xabar berdi.

Palau bayrog‘i ko‘tarilgan Turkiyaning Aroyat va Resilient Africa yuk tashuvchi kemalari bir kun avval mos ravishda soat 18:00 va 22:00 lar atrofida portga kirdi. Ukraina jamoalar, hududlar va infratuzilmani rivojlantirish vaziri Aleksandr Kubrakovning aniqlik kiritishicha, kemalar portga Osiyo va Afrika mamlakatlari uchun salkam 20 ming tonna bug‘doyni olib ketish uchun kelgan. 

Qora dengizdagi vaqtinchalik yo‘laklar

Ukraina harbiy-dengiz kuchlari 10 avgust kuni Qora dengizda vaqtinchalik yo‘laklar yaratilganini ma’lum qildi. Mahkama xabarida ta’kidlanishicha, yo‘nalishlarda rossiyalik harbiylar, shuningdek, minalar tahdidi saqlanib qolmoqda, shuning uchun faqat kapitanlari yoki egalari xavfli sharoitlarda suzishga tayyorligini rasman tasdiqlagan kemalarga o‘tishga ruxsat etiladi. 

16 avgust kuni 2022 yil fevralidan buyon portda bo‘lgan «Yozef Shulte» konteyner kemasi Odessa portini tark etdi. Ko‘p o‘tmay yana to‘rtta kema yangi marshrutdan foydalandi. 

Rossiyaning «g‘alla bitimi»dan chiqishi 

Iyul oyi o‘rtalarida Rossiya hukumati «g‘alla bitimi»dan chiqishini e’lon qildi. Shundan so‘ng, Rossiya Mudofaa vazirligi Qora dengiz bo‘ylab Ukraina portlariga yo‘l olgan barcha kemalarni harbiy nishonlar, bu kemalarda bayroqlari o‘rnatilgan davlatlarni Kiyev tomonidagi urush qatnashchilari deb atadi.  

Ertasi kuni Ukraina Mudofaa vazirligi ham xuddi shunday bayonot berib, Qora dengizda Rossiya portlari va Rossiya tomonidan egallab olingan Ukraina hududlariga ketayotgan barcha kemalarni harbiy yuklarni olib o‘tuvchi sifatida ko‘rishi haqida ogohlantirdi. 

Top