10:42 / 18.09.2023
26778

Suvsizlik tahdidlari: yechimlar muammolarga mutanosib emas

O‘zbekistonda 1 litr eng arzon benzin – 6050 so‘m, 1 litr idishdagi ichimlik suvi esa 3000-4000 so‘m. Boshqa ko‘plab mamlakatlarda esa bu qiymatlar solishtirilganda “suv benzindan ham qimmat” bo‘lgan dalillar, haqiqatlar, xulosalarga duch kelamiz. Butun dunyoda kuzatilayotgan suv inqirozi xavotirlari Yer yuzi va O‘zbekiston aholisi uchun qanchalik yaqin? Kun.uz suv bilan bog‘liq asosli, xavotirli va tanqidiy ma’lumotlarni ushbu maqolada jamladi. Mavzu dolzarb, yozilishga va o‘qilishga ehtiyoj bor!

Suv – bu...

Maqola avvalidan suvning nima ekanini eslatib o‘tishni joiz topdik. Chunki uning dunyo va mamlakatimiz miqyosida muammoga aylanishida siz va biz – hammamizning hissamiz bor. Demak, suv bu:

  • inson organizmining 55-65 foiz (bolalarda 80 foizgacha) tarkibi...
  • Sayyoramizda eng ko‘p foydalaniladigan va kamayib borayotgan resurslardan biri...
  • XXI asrda davlatlararo tahdid va urushlarga sabab bo‘ladigan omillardan biri...
  • Yerning 70 foizdan ko‘proq qismini qoplagan bo‘lsa-da, shundan atigi 3 foizi ichish uchun yaroqli bo‘lgan obi-hayot...
  • Dunyo bo‘ylab iqlim migratsiyasi va muhojirlarining ko‘payishiga olib keluvchi sabablardan biri...
Foto: Change.org

Suvsiz qolgan odam eng uzog‘i 1 haftagacha yashashi mumkin. 2023 yilda 2 milliard odam, ya’ni Yer yuzi aholisining chorak qismi toza ichimlik suvisiz qoladi va yaqin 10 yillikda bularga 700 million odam qo‘shiladi. Demak, yuqorida yozilganidek – mavzu dolzarb, yozilishga va o‘qilishga ehtiyoj bor!

Dunyo asosan suvdan iborat, lekin suv muammo...

Suvning tuzli (okean va dengizlarda), chuchuk (daryo, ko‘l, yer ostida va muz ko‘rinishida), yomg‘ir, mineral hamda insoniyat tomonidan qayta ishlov berilgan shakldagi turlari bor. Dunyoning ¾ qismi suvdan iborat. Shuni ichimlik suviga aylantirib qo‘ysa bo‘lmaydimi? Bo‘ladi. Faqat bu juda qimmat jarayon. Masalan, ichimlik suvi sarfi bo‘yicha eng yetakchi deb sanaladigan davlat – Saudiya Arabistonida (1 kishi uchun kuniga 500 litr suv to‘g‘ri keladi) 5,5 mln kubometr ichimlik suvi ishlab chiqarish uchun 350 ming barrel neft sarflanadi. Paradoks holat yuzaga keladiki, 1 barrel neft ishlab chiqarish uchun esa 159 litr suv ishlatiladi. Shundan ham ko‘rish mumkinki, okean va dengiz suvlarini chuchuk suvga aylantirish o‘zini deyarli oqlamaydigan qimmat jarayon.

Qizdirib tuzsizlantirish / Youtube

Me’yor qancha, sarf qancha?

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti me’yoriga ko‘ra, bir kishining ehtiyojlari uchun kunlik 50-100 litr suv kerak. Afrikaning qishloq joylarida bir kishi odatdagidan sezilarli darajada past va kuniga 10-20 litr suv sarflaydi. AQShda aksincha, normadan ancha darajada yuqori – 450 l. Kanadada – 340 l, Yaponiyada – 320 l. G‘arbiy Yevropada suv ta’minoti xizmatlarining yuqori narxi tufayli u 130 dan 180 litrgacha o‘zgarib turadi. Ruslar yevropaliklarga qaraganda ko‘proq isrofgar – 250 litr. Ammo suvni eng ko‘p sarflaydigan davlat bu – Saudiya Arabistoni aholisidir: ularga bir kishi uchun kuniga 500 litr kerak bo‘ladi.

Foto: Politico.com

O‘zbekistonda-chi?

“O‘zsuvta’minot” AJning Kun.uz’ga taqdim qilgan ma’lumotlarida respublika bo‘yicha kunlik bir kishiga iste’mol o‘rtacha 99,2 litr (Farg‘ona viloyatida – 200 litr, Toshkent shaxrida – 174 litr, Navoiy viloyatida-170 litr, Xorazm viloyatida – 143 litr, Jizzax viloyatida – 130 litr, Toshkent viloyatida – 126 litr, Sirdaryo viloyatida – 103 litr, Samarqand viloyatida – 96 litr, Andijon viloyatida – 84 litr, Namangan viloyatida – 75 litr, Surxondaryo viloyatida – 74 litr, Qoraqalpog‘istonda – 55 litr, Qashqadaryo viloyatida – 42 litr)ga to‘g‘ri keladi.

Suvi ko‘p va suvi kam davlatlar

Dunyoda suv har xil taqsimlangan. BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, eng katta chuchuk suv resurslarining egalari Braziliya (8233 kub km), Rossiya (4507 kub km), Kanada (2902 kub km), Indoneziya (2838 kub km), Xitoy (2830 kub km), Kolumbiya (2132 kub km), AQSh (2071 kub km), Peru (1913 kub km) va Hindiston (1897 kub km).

Chuchuk suv muammosiga duch kelayotgan davlatlar esa Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika aholisi, Markaziy Osiyo, Koreya, Avstraliya, Ruminiya, Moldova, Vengriya va hatto AQShning shimoliy hududlaridir.

Suv narxlari eng arzon va eng qimmat davlatlar

Numbeo tahliliy portali dunyoning 99 ta davlatidagi 1,5 litr idishdagi suv narxlarini ma’lum qildi. Unda Kosta Rika 26 710 so‘m bilan suvi eng qimmat davlat deb topilgan bo‘lsa, bu qiymat Misrni 2566,52 so‘m bilan eng arzon davlatga aylantirdi. Suvi arzon sotilayotgan davlatlar ro‘yxatida O‘zbekiston 91-o‘rinni egallagan. 

 

O‘zbekistonda suv bilan bog‘liq raqamlar va faktlar

1.    O‘zbekistonda foydalaniladigan suv resurslarining:

- 87 foizi qishloq xo‘jaligida;

- 9 foizi energetika, sanoat va baliqchilik maqsadlarida;

- 4 foizi esa ichimlik suv ishlab chiqarish maqsadlarida foydalaniladi.

Foto: "O'zsuvta'minot" AJ

2.    O‘zbekistonda ichimlik suvi iste’molchilarining davlatdan qarzdorligi ayni paytda 1,36 trillion so‘mga yetgan bo‘lsa, shundan 644 mlrd 41 mln so‘mlik qarzdorlik suv uchun 1 mln so‘mdan ortiq pul to‘lamagan qariyb 281 ming nafar yurtdoshlarimizning hissasiga to‘g‘ri keladi.

Foto: "O'zsuvta'minot" AJ

3.    Yerosti suvlari sathi va zaxiralari kamayib bormoqda. Shu sababli 23 ta tumanda quduqlar burg‘ilashga moratoriy joriy etildi.

Foto: "O'zsuvta'minot" AJ

Qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalarning qo‘llanmasligi, sug‘orishdagi eskicha yondashuvlar, suv va suv oqova tarmoqlaridagi texnik kamchiliklar, ko‘chalarda toza ichimlik suvining behudaga oqib yotishi, aholi tomonidan ham ichimlik suvi bilan tomorqa sug‘orish, avtomobillarni yuvish, ko‘chalarga vodoprovoddan suv sepish, suv uchun to‘lovlarni vaqtida qilmaslik, anomal issiq – bularning hammasi kopmleks tarzda yildan yilga mamlakatimizda suv resurslarining kamayib ketishiga sabab bo‘lmoqda.

Bundan tashqari, eksport bo‘layotgan oziq-ovqat, kiyim-kechak, tekstil va boshqa mahsulotlar bilan ham virtual ko‘rinishdagi suvlar O‘zbekiston hududidan chiqib ketmoqda.

Foto: "O'zsuvta'minot" AJ

Yechimlar sifatida ko‘rilayotgan nomuqobil variantlar

Dunyoda suvsizlik tahdidlariga yechim sifatida bir qator variantlar ko‘rilmoqda. Lekin ularni arzirli va ishonchli deb bo‘lmaydi. Masalan, chuchuk suvlarning eng asosiy qismi, ya’ni 40 foizi yerosti suvlaridir. Ularni qazib chiqarish – birinchidan, qimmat, ikkinchidan, og‘ir mehnat talab qiluvchi, uchinchidan esa tugab boruvchi va baribir vaqti kelib, yerosti quduqlarini qurituvchi, suv inqiroziga olib keluvchi vaqtinchalik yechim.

Ichimlik suvining yana bir muhim manbai yerusti toza suvidir. Ular ko‘llar, daryolar, to‘g‘onlar va soylarda saqlanadi. Daryolar va to‘g‘onlar suv ta’minoti uchun muhim bo‘lsa-da, ular faqat 1 foizgina chuchuk suvni o‘z ichiga oladi. Chuchuk suvning taxminan 0,001 foizi atmosfera bug‘i bo‘lib, ular Yer sayyorasida yomg‘ir va qor bilan almashinib turadi. Dunyo olimlari tomonidan ichimlik suvi muammosiga biroz yechim sifatida atmosfera suv almashinuvini tartibga solish uchun yomg‘ir bulutlariga ta’sir qilish yoki tumandan suv kondensatini olish kabi xayoliy g‘oyalar ham ilgari surilmoqda.

Foto: Cbn.com

Suv omborlarini tashkil qilish  XX asrda suvsizlikni kamaytirish borasidagi yutuqlardan biri sifatida baholanadi. Oxirgi 50-70 yil ichida suv omborlari soni o‘n baravar ko‘paygan. Shu yillar davomida har kuni o‘rtacha ikkita suv ombori ishga tushirilgan. Dunyoda jami 60 mingdan ortiq suv omborlari yaratilgan bo‘lib, ularning umumiy hajmi (6500 kub km) Yer sharining barcha daryolaridagi bir martalik suv hajmidan 3,5 baravar ko‘pdir. Maydoni jihatidan esa umumiy ko‘lamini Qora dengiz bilan qiyoslash mumkin. Ammo suv omborlarining xavfsizligini kafolatlamaydi. Chunki ular ifloslanishga, shu jumladan, qasddan ifloslanishga, shuningdek, tabiiy va texnogen ofatlar ta’siriga duchor bo‘lishlari mumkin.

Aysberglar va muzliklardan chuchuk suv olish masalasi ham muhokama qilinadi. Ammo hozirda buni texnik jihatdan amalga oshirish mumkin emasligidan tashqari, bunday loyihalar sayyoramiz ekologiyasiga qanday oqibatlar olib kelishi noma’lum.

Suvsizlik bu – asrning global muammosi ekan, bunga barcha dunyo davlatlari birgalikda kurashishi, bir-biriga yordam berishi, aholi esa suvdan foydalanish madaniyatini his qilgan holda amal qilishlari kerak. Chunki bir yerda suv bilan bog‘liq muammo kattalashgani sari u yerda hayot umidi so‘nib boraveradi. Suvga ehtiyoji bor jamiki jonzotlar esa suvli mamlakatlarga qarab ko‘cha boshlaydi. Va bu o‘sha davlatning ham muammosiga aylanadi. Kech bo‘lsa-da, vaqtimiz bor, dunyoni birgalikda bu inqirozdan qutqarishimiz lozim!

Sardorbek Usmoniy tayyorladi.

Top