13:25 / 21.09.2023
6710

Moskva viloyatida gaz portlashi oqibatida yetti kishi halok bo‘ldi

Moskva yaqinidagi Balashixada turar joy binosining to‘rtinchi qavatida gaz portlab, uch qavat qulab tushdi. Qutqaruv operatsiyasi davomida ikkinchi qulash sodir bo‘ldi.

Foto: Maxim Grigorev/TASS/dpa/picture alliance

Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari Balashixa shahridagi to‘qqiz qavatli uyda maishiy gaz portlashi sodir bo‘lgan joyda vayronalarni tozalash ishlarini yakunladi, jami yetti kishi halok bo‘lgan, 20 nafar fuqaro jarohat olgan, deb xabar berdi Rossiya FVV matbuot xizmati 21 sentabr, payshanba kuni. «Qidiruv va vayronalarni tozalash ishlari yakunlandi. Jami 27 kishi tan jarohati olgan, ulardan 7 nafari vafot etdi, 8 kishi kasalxonaga yotqizildi, 12 kishi kasalxonaga yotqizishdan bosh tortdi», — deyiladi vazirlik xabarida.

Bir kun oldin, Moskva yaqinidagi Balashixada Oktyabrskaya ko‘chasida gaz portlashi natijasida 3-, 4- va 5-qavatlar qulab tushdi. Portlash oqibatida kamida o‘nta xonadon vayron bo‘lgan. Bir necha soat o‘tgach, ikkinchi qulash sodir bo‘ldi, uch nafar qutqaruvchi vayronalar ostida qolib ketdi, deb xabar beradi TASS. Bundan tashqari, bir necha kishi vayron bo‘lgan kirish eshigi ostida qolgan.

Balashixadagi portlash joyida 10 ta tez tibbiy yordam brigadasi va tabiiy ofatlarga qarshi kurash hududiy markazining 6 ta brigadasi ishlagan. Favqulodda vaziyatlar vazirligi qidiruv-qutqaruv ishlariga 160 dan ortiq kishi jalb qilinganini qayd etdi. Zarar yetgan uydan 170 kishi evakuatsiya qilingan. Aholi Balashixa dam olish markaziga joylashtirildi, ular oziq-ovqat va suv bilan ta’minlandi, shuningdek, psixologik yordam ko‘rsatildi. 

Rossiya Tergov qo‘mitasi xavfsizlik talablariga javob bermaydigan xizmatlar ko‘rsatish moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. TASS xabariga ko‘ra, uy 1979 yilda qurilgan, u xavfli deb topilmagan va navbatdagi kapital ta’mirlash 2025 yilga mo‘ljallangan. Aholi vakillaridan biriga tayanib, agentlik bir oy avval gaz xizmati uskunalarni ko‘zdan kechirganini xabar qildi. 

Top