19:45 / 22.09.2023
15100

Rossiya MDH davlatlarida raketaga qarshi mudofaa tizimlarini joylashtirmoqchi

Bu tadbir «jamoaviy xavfsizlik mintaqalarida havo mudofaa tizimlarini yaratish bo‘yicha davlatlararo kelishuvlar» bilan izohlanmoqda. 

Foto: RIA Novosti

MDH mamlakatlarida raketaga qarshi mudofaa (RQM) tizimlarini joylashtirish rejalashtirilgan. Bu haqda Rossiya Aerokosmik kuchlari bosh qo‘mondonining qurollanish bo‘yicha o‘rinbosari, general-polkovnik Yuriy Grexov so‘zlariga tayanib, RIA Novosti xabar berdi. 

«Aerokosmik mudofaa vazifalarini hal etishga qodir kuchlar va vositalarni mintaqaviy havo mudofaasi tizimlariga integratsiya qilish, shuningdek, MDH a’zo davlatlarining havo hujumidan mudofaa kuchlarini istiqbolli havo mudofaasi va raketaga qarshi mudofaa tizimlari bilan jihozlash dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish davom etmoqda», dedi u. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu «tadbirlar jamoaviy xavfsizlik mintaqalarida havo mudofaa tizimlarini yaratish bo‘yicha davlatlararo kelishuvlar va MDH havo hujumidan mudofaa yagona tizimi doirasidagi hamkorlikning xalqaro huquqiy asoslarini amalga oshirishni yakunlashga qaratilgan». 

Eslatib o‘tamiz, bugungi kunda MDH havo hujumiga qarshi qo‘shma mudofaa tizimi mamlakatlari Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Armaniston, O‘zbekiston va Tojikistonda raketaga qarshi mudofaa tizimlari mavjud emas. Ularga faqat Rossiya va Belarus ega. 

Rossiyada turli xil zenit-raketa tizimlarining raketaga qarshi mudofaa tizimlari bor. Belarus «S-400 Triumf» uzoq masofali komplekslari va ularni aniqlash vositalari bilan ta’minlangan. 

Top