11:35 / 27.09.2023
26220

Qo‘shtepa kanali mojarosi. Buning xalqaro huquqiy yechimi bormi?

Ekspert Afg‘oniston mintaqadagi transchegaraviy suvlardan foydalanish bo‘yicha hech qanday mintaqaviy yoki xalqaro shartnomalarni imzolamaganiga e’tibor qaratdi.

Foto: thekabultimes.com

Qo‘shtepa kanali Afg‘oniston shimolida toliblar tomonidan Amudaryodan suvni burish uchun qurilayotgan kanal bo‘lib, uning uzunligi 285 km bo‘lishi kutilmoqda. Qurilishi 2022 yil mart oyida boshlangan kanalning hozirgi kunga qadar 100 km.dan ortiqroq qismida qazish ishlari to‘liq bitirilgani aytiladi.

O‘zbekiston ushbu kanalning Markaziy Osiyo mintaqasi qishloq xo‘jaligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishidan hamda kanal qurilishi natijasida Amudaryodan Orol dengiziga boradigan suv miqdori keskin kamayishidan doimiy xavotirlarini bildirib keladi. «Tolibon»ga ko‘ra, ushbu kanal qurilishi natijasida 550 ming gektar cho‘l maydonlari qishloq xo‘jaligi yerlariga aylanishi kutilmoqda.

Ayrim mustaqil ekspertlar va muhandislar loyihaga shubha bilan qarab, «Tolibon» kanalni samarali yakunlash bo‘yicha nou-hauga ega emasligi va loyihani moliyalashtirish qiyin bo‘lishi, chunki hech bir xorijiy donor uni qo‘llab-quvvatlashga tayyor emasligini ta’kidlaydi.

Shu bilan birga, «Tolibon»ga ko‘ra kanal qurilishining birinchi bosqichini tugallash uchun 8 milliard AQSh dollari sarflangan bo‘lib, qurilishni davom ettirish uchun hozirda Xitoydan qo‘shimcha moliyalashtirish manbalari jalb etilmoqda.

Agarda masalaga xalqaro huquqiy nuqtayi nazardan yondashilsa, shu narsa ma’lum bo‘ladiki, Afg‘oniston mintaqadagi transchegaraviy suvlardan foydalanish bo‘yicha hech qanday mintaqaviy yoki xalqaro shartnomalarni imzolamagan. 

Amudaryo suvlarini taqsimlash bo‘yicha ilk shartnoma SSSR davriga to‘g‘ri kelib, unda Amudaryo suvlari Markaziy Osiyoning to‘rt respublikasi – Tojikiston, O‘zbekiston, Turkmaniston va Qirg‘iziston o‘rtasida ajratilgan edi. Markaziy Osiyo respublikalari mustaqillikka erishganidan keyingi davr davomida, xususan, 1992 yilda Olmaotada Amudaryo suvlaridan foydalanish bo‘yicha mintaqaviy shartnoma imzolangan va ushbu shartnomada ham Afg‘onistonning Amudaryo suvlaridan foydalanish huquqi nazarda tutilmagan.

O‘z navbatida, Afg‘oniston hukumati SSSR davrida ham, Markaziy Osiyo respublikalari mustaqilligi davrida ham Afg‘oniston Amudaryo suvlaridan foydalanuvchi sub’yekt sifatida istisno etib kelinganini iddao qiladi.

Mojaroni xalqaro huquq normalari asosida hal qilish haqida so‘z borganda, «Tolibon» hukumatining xalqaro huquqdagi maqomiga alohida to‘xtalib o‘tish joiz.

«Tolibon» 2021 yil avgustida hokimiyatni qo‘lga kiritganidan beri uni hech bir davlat Afg‘onistonning yangi hukumati sifatida rasman tan olmagan.

Xalqaro huquqdagi an’anaviy yondashuv shundan iboratki, agar u yoki bu hokimiyat guruhi davlat hududini to‘liq, mustaqil va barqaror nazorat qilsa, uning vakolati aholi tomonidan tan olinsa va unga raqobatchi hokimiyat mavjud bo‘lmasa, u hukumat sifatida tasniflanadi.

Shu bilan birga, BMT Xavfsizlik kengashi hukumat noqonuniy ekani va uning tan olinmasligi kerakligi to‘g‘risida majburiy qarorlar qabul qilishi mumkin. Bunga hukumatning xalqaro huquqning imperativ normalari bo‘lmish jus cogens’ni buzishi yoki hukumatning xalqlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash prinsipini rad etish orqali hokimiyatga kelgan holatlar asos sifatida xizmat qilishi mumkin. 

U yoki bu hukumat bilan o‘zaro aloqada bo‘lish har doim ham xalqaro huquqda tan olishni anglatmaydi. Misol uchun, turli davlatlar, jumladan O‘zbekiston ham hozirgi kunda «Tolibon» hukumati bilan insonparvarlik yordami ko‘rsatish masalalarida o‘zaro hamkorlik qilib keladi, yoki ayrim davlatlar (masalan, Xitoy va Rossiya) «Tolibon» Afg‘onistonida o‘z elchixonalarini hozirgi kunga qadar ochiq qoldirmoqda. 

BMTning Transchegaraviy suv oqimlari va xalqaro ko‘llarni muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risidagi 1992 yil qabul qilingan konvensiyasida transchegaraviy xarakterdagi suv manbalaridan adolatli va ratsional foydalanish ko‘zda tutilgan. Ushbu xalqaro konvensiyani Markaziy Osiyo davlatlaridan faqat Turkmaniston, O‘zbekiston va Qozog‘iston imzolagan. Ammo Afg‘oniston ushbu xalqaro shartnoma shartlariga hech qachon qo‘shilmagan.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham 15 sentabr kuni Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi maslahatlashuv uchrashuvida Qo‘shtepa kanali qurilishi masalasiga to‘xtalib, mintaqada suvdan foydalanish jarayonida Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hech qanday majburiyat asosida bog‘lanmagan yangi ishtirokchi paydo bo‘lganini qayd etdi, kanalning ishga tushirilishi Markaziy Osiyodagi suvdan foydalanish tartibi va muvozanatini tubdan o‘zgartirib yuborishi mumkinligini ta’kidladi va Afg‘oniston vakillarini suv resurslaridan birgalikda foydalanish bo‘yicha mintaqaviy muloqotga jalb etish masalasini ko‘rib chiqishni taklif etdi.

Afg‘oniston tomoni Dushanbedagi ushbu bayonotdan so‘ng hozirda mamlakat Markaziy Osiyo davlatlari bilan Amudaryo suvlaridan foydalanish bo‘yicha hech qanday shartnomalarga ega emasligini ta’kidlab, «Tolibon» hukumati Amudaryo suvlaridan foydalanish masalasini tegishli manfaatdor Markaziy Osiyo davlatlari bilan muhokama qilishga tayyorligini bildirdi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, «Tolibon»ning kanalni qurish niyati jiddiy bo‘lib, masalaga xalqaro huquq nuqtayi nazaridan yechim topish mushkul. O‘z navbatida, kanal qurilishi Markaziy Osiyo mintaqasidagi davlatlar o‘rtasidagi suv taqsimoti mexanizmlariga putur yetkazishini hisobga olib, O‘zbekiston va Markaziy Osiyodagi boshqa manfaatdor davlatlar uchun asosiy vazifa – «Tolibon» hukumati bilan diplomatik muzokaralar orqali Afg‘oniston hududi tomon buriladigan Amudaryo suvlari oqimini minimallashtirish va bundan keyingi Amudaryo suvini taqsimlashga oid muzokaralarga va tegishli xalqaro yoki mintaqaviy huquqiy shartnomalarni imzolash jarayonlariga Afg‘oniston hukumatini jalb qilish hamda suv taqsimlash kvotalarini yuqorida ta’kidlangan BMT konvensiyasining adolat va ratsionallik prinsiplariga asosan taqsimlanishini nazarda tutuvchi shartnomalar bilan mustahkamlab qo‘yish maqsadga muvofiq bo‘lib, bunday shartnomalar kelajakda mintaqadagi transchegaraviy suv nizolari keskinlashishi oldi olinishiga xizmat qiladi. 

Abduaziz Isaqulov

Fordham universiteti Xalqaro huquqiy nizolarni hal etish yo‘nalishi bo‘yicha magistr bitiruvchisi,

hozirda Yeshiva universiteti Kardozo huquq maktabi doktoranti

Top