08:38 / 27.09.2023
3900

Yerevan sobiq meri Pashinyanga suiqasd tayyorlashda ayblanmoqda

Siyosatchining advokati ayblovlarni asossiz va bir kishining ko‘rsatmalariga tayangan holda shakllantirilgan deb atadi. Albert Bazeyanning o‘zi aybini tan olmadi va o‘zini siyosiy mahbus deb hisoblayapti.

Foto: Maria Katamadze/DW

Yerevan sobiq meri, parlament sobiq vitse-spikeri va «Yerkrapa» ko‘ngillilar uyushmasi sobiq raisi o‘rinbosari Albert Bazeyan hokimiyatni tortib olishga urinish va bosh vazir Nikol Pashinyanga suiqasd tayyorlashda ayblanib hibsga olindi. Bu haqda uning advokati Georgiy Melikyan 26 sentabr, seshanba kuni ijtimoiy tarmoqlarda ma’lum qildi. «Tergovchining talabi to‘liq qanoatlantirildi. Men esa soddalik bilan adolatdan umid qildim. Yo‘q, Nikol hali ham sud tizimini oyoq osti qilmoqda», - deydi u.

Melikyan davlat to‘ntarishiga urinish ayblovini asossiz deb atadi. Advokatning so‘zlariga ko‘ra, u bir shaxsning ko‘rsatmasi asosida shakllantirilgan. Bazeyanning o‘zi ham aybini tan olmadi va o‘zini siyosiy mahbus deb hisoblayapti.

Albert Bazeyan va «Salibchilar» harbiy-vatanparvarlik tashkilotining 7 nafar a’zosi 23 sentabr kuni ushlandi. Tintuv chog‘ida qo‘lga olinganlardan o‘qotar qurollar, o‘q-dorilar va zirhli jiletlar topilgan. Armaniston Milliy xavfsizlik xizmati hokimiyatni kuch bilan egallashga urinishning oldini olganini ma’lum qildi. 

Qorabog‘dagi mojaro ortidan Yerevanda norozilik namoyishlari 

Bazeyanning ushlanishi Ozarboyjon operatsiyasi natijasida Qorabog‘ hududi qaytarib olingandan keyin Yerevanda boshlangan ommaviy norozilik namoyishlari fonida sodir bo‘ldi. Namoyishchilar Armaniston hukumati tan olinmagan respublikadagi arman diasporasiga harbiy yordam ko‘rsatmayotganidan norozi va bosh vazir Nikol Pashinyan iste’fosini talab qilmoqda. 

Armaniston xavfsizlik kuchlari namoyishlarni qattiq bostirmoqda. Kecha ertalab Yerevanda politsiya shahar markazidagi ko‘chalarni to‘smoqchi bo‘lgan 32 kishini qo‘lga oldi, deb xabar beradi «Interfaks». 

Mavzuga oid
Top