01:11 / 29.09.2023
10826

«Tolibon» aslida terrorchilar emas - Rossiya Tashqi ishlar vazirligi

Rossiya TIV vakili Zamir Kabulov so‘zlariga ko‘ra, «Tolibon» «o‘zini milliy harakat deb e’lon qildi» va rivojlandi.

Foto: AP

Rossiya prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Osiyo ikkinchi departamenti direktori Zamir Kabulov Afg‘onistonning «Tolibon» harakati vakillari qanday huquqiy asoslarga ko‘ra Rossiya hududiga kelmoqda degan savolga javob berdi.

Eslatib o‘tamiz, «Tolibon» Rossiya Adliya vazirligi tomonidan terrorchi tashkilot deb tan olingan va Rossiya hududida taqiqlangan.

Zamir Kabulov so‘zlariga ko‘ra, «Tolibon» aslida terrorchilar emas.

«Birinchidan, biz ularni aslida terrorchi deb hisoblamaymiz. Buni hayotning o‘zi isbotladi», dedi Kabulov.

Diplomatning ta’kidlashicha, «Tolibon» «o‘zini milliy harakat deb e’lon qildi» va rivojlandi.

«Tolibon» global jihodni boshlamaslikni, o‘z mafkurasi va tafakkur tarzini qo‘shni davlatlarga singdirmasligini e’lon qildi», dedi Kabulov. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir Afg‘onistonda «Tolibon»ga qarshi chiqadigan kuch yo‘q.

28 sentabr kuni «Tolibon» vakillari delegatsiyasi Afg‘oniston muvaqqat hukumatida tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amir Xon Muttaqiy boshchiligida Rossiyaga bordi. 29 sentabr kuni ular Afg‘oniston bo‘yicha Moskva formatidagi maslahatlashuvlarda ishtirok etish uchun Qozonga yo‘l oldi. Kabulov so‘zlariga ko‘ra, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov delegatsiya a’zolari bilan uchrashmaydi.

Top