Jahon | 11:13 / 30.09.2023
5636
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi boshlig‘i o‘zgardi

Harbiy-havo kuchlari generali Charlz Braun AQSh shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi rahbari lavozimini general Mark Millidan qabul qilib oldi.

Foto: AP

General Mark Milli 29 sentabr, juma kuni ushbu lavozimda to‘rt yil ishlagandan so‘ng AQSh qurolli kuchlari shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi lavozimini tark etdi. U o‘z vakolatlarini rasman avval Harbiy-havo kuchlarini boshqargan general Charlz Braunga topshirdi, deb xabar berdi Pentagon matbuot xizmati X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘ida

Millini kuzatish va uning vakolatlarini Braunga topshirish marosimi Vashington chekkasidagi Arlington (Virjiniya shtati)dagi Mayyer-Henderson-Holl harbiy bazasida bo‘lib o‘tdi. Unda AQSh prezidenti Jo Bayden va Pentagon rahbari Lloyd Ostin ishtirok etdi.

Milli 2019 yil oktyabr oyida AQSh shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi bo‘ldi. Uning nomzodini AQShning o‘sha paytdagi prezidenti Donald Tramp ilgari surgan edi. Millining armiyaning yuqori lavozimida bo‘lgan vaqti Afg‘onistondan Amerika qo‘shinlari olib chiqilishi, Amerika maxsus kuchlarining Suriyadagi operatsiyalari va Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlari boshlanishini o‘z ichiga olgan. 

Charlz Braun Yevropa, Yaqin Sharq va Osiyo-Tinch okeani mintaqasida qo‘mondonlik lavozimlarida ishlagan. 2020 yilda u Qo‘shma Shtatlar Harbiy-havo kuchlari shtab boshlig‘i lavozimiga tasdiqlangan birinchi afro-amerikalik bo‘ldi. U general Kolin Pauelldan keyin shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasiga boshchilik qiladigan ikkinchi afro-amerikalikka aylandi.

Mavzuga oid