21:01 / 30.09.2023
12379

Serbiya–Kosovo nizosi – Yevropaning yuragidagi “porox bochkasi”

O‘tgan hafta oxirlarida Kosovo-Serbiya munosabatlari doimiy ziddiyatdan yuqoriroq darajaga ko‘tarildi. Shu asosda, Kun.uz tarixiy, etnik va diniy omillar sabab chigallashib ketgan Bolqondagi vaziyatni sharhlash uchun ekspertlarni “Geosiyosat” dasturiga taklif qildi.

Suhbatdoshlarimiz – siyosatshunoslar Farhod Karimov va Jahongir Akramov bo‘ldi.

— Bolqonda besh fasl bor deyishadi, ya’ni – bahor, yoz, kuz, qish va urush fasli. Bu mintaqa nega doim qaynab turgan qozondek? Sobiq Yugoslaviya tarkibiga kirgan Kosovo va Serbiya o‘rtasidagi konfliktning asl ildizlari qayerda?

Farhod Karimov: Bu yerda masala ikkinchi jahon urushidan keyingi va sovet ittifoqi parchalanishidan keyingi davr bilan bog‘liq. Sovuq urush boshlanib, dunyo ikkiga bo‘lingach, sotsialistik va kapitalistik bloklar nazorat qiluvchi hududlar bor edi. Ikki qutb foni ostida etnik, hududiy va boshqa muammolar ko‘tarilmasdi, bosimla ushlab turilar edi. O‘sha joylarda mojaro bo‘lishi markazlar manfaatiga to‘g‘ri kelmasdi.

1991 yildan keyin qutblar yo‘qoldi. Sotsialistik blok ta’sirida bo‘lgan hududlarda tarixan mavjud bo‘lib, lekin 1945 yildan keyin fon ortida yo‘qolgan muammolar yuzaga chiqa boshladi. Shunday muammolarlan biri Yugoslaviya, Serbiya, Albaniya, Kosovo muammolari. Bu yerda millatlar identifikatsiyasi, o‘z taqdirlarini o‘zlari belgilash masalalari ko‘tarildi. Sobiq ittifoq parchalangach, uning ta’sirida bo‘lgan hududlarda ham shunday muammolar chiqa boshladi. Shimoliy Afrika va Sharqiy Yevropa shunday muammolar ko‘rina boshladi. 1999 yilda Yugoslaviyada parchalanish boshlandi, NATO qo‘shinlari kirdi, milliy-etnik muammolar boshlandi. Kosovo muammolari paydo bo‘ldi, Kosovoda Serbiya tarkibidagi alban musulmonlar yashardi. Usmoniylar imperiyasi davrida musulmonlar ko‘chirib kelingan. Albanlar hozir serblardan ko‘p, 95 foizgacha yetdi. O‘zi serblar Yugoslaviya parchalanishiga ham qarshi edi, keyinchalik Kosovo ajralib chiqishiga ham qarshi bo‘lishdi. Lekin dunyo hamjamiyati, AQSh kabi davlatlar yordamida Kosovo davlati tashkil topdi.

1999 yildagi va hozirgi Kosovo muammosi farq qiladi. O‘sha payt faqat Kosovo muammosi edi, endi ular bilishadiki Kosovoni 90 dan ortiq davlat tan oldi, endi qaytarib bo‘lmaydi. Shuning uchun Kosovo shimolida joylashgan serblar masalasi ko‘tarilyapti. Kosovodagi serblar ham mustaqil bo‘lishga haqli degan masala ko‘tarilyapti.

Jahongir Akramov: Albanlar 2 ming yil ilgari Bolqonga kirgan illeriyaliklarning avlodi hisoblanadi. Slavyanlarning Bolqonga kirib kelishi esa 6-asrga borib taqaladi. Bu ikki xalq asrlar davomida konflikt ichida bo‘lgan. 14-asr oxiridagi Kosovo jangida Boyazid Yeldirim serblarning yirik kuchini yengadi va Serbiya mustaqilligini yo‘qotadi. Kosovo jangi serblar uchun muhim ahamiyatga ega, shuning uchun ular Kosovoni tarixiy motiv deb bilishadi. Usmoniylar imperiyasi davrida albanlar musulmonlashib bordi va turklar Bolqonni ushlab turish uchun musulmon bo‘lgan albanlardan foydalanishga harakat qildi.

Kosovo aholisi ko‘p bo‘lsa ham, Serbiya tarkibiga o‘tib qolishi 19-asr ikkinchi yarmidagi buyuk davlatlar o‘rtasidagi Antanta kelishuviga bog‘liq. Serbiyaning qo‘llovchilari Fransiya va Angliya edi, shuning uchun ular albanlarni ham qo‘shib olgan.

Albaniya 1912 yilda mustaqil bo‘lgach, Serbiyadan albanlar yashovchi hududlarni talab qilgan, ammo buyuk davlatlar Serbiyani qo‘llagan. 1913 yildagi konferensiyada Serbiya huquqlarini tan olishgan.

Farhod Karimov: Bolqon to‘rtta katta kuch to‘qnashgan hudud hisoblanadi. Bir tomondan Rossiya, bir tomondan G‘arb, yana bir tomon Usmonlilar va musulmon dunyosi. Shuning uchun ham etnik va diniy turfalik bor, har bir kuch ma’lum muddat hukmronlik qilgan u yerda. Bu muammolarni hal etish judayam qiyin. Ichki sub’yektlarning o‘zi bularni hal qilolmasligiga sabab ham shu.

— Pozitsiyalarda bir xil masalaga turli standartlar mavjudmi? Hozirda Kollektiv G‘arbning Kosovo-Serbiya masalasida pozitsiyasi qanday?

Farhod Karimov: Xalqaro huquqda ikkita bir-biriga muvofiqlashmaydigan yondashuv bor. Birinchisi, har bir xalq-millat o‘z identifikatsiyasidan kelib chiqib kelajagini belgilash huquqiga ega. Ikkinchisi, har bir davlat o‘z hududiy yaxlitligini saqlash huquqiga ega. Ya’ni bunday yondashuv xalqaro huquqdagi kamchiliklardan dalolat. Tarixan bunday muammolar bor. Masalan, Ispaniyada Kataloniya, Irlandiya bor, Ukrainada Donetsk, Lugansk bor. Lekin har bittasiga har xil yondashiladi, ya’ni geosiyosiy kuchlar manfaatiga ko‘ra yondashiladi.

Kosovo Serbiyaga nisbatan G‘arbning vositasi bo‘ladi. Chunki Serbiya tashqi siyosatda G‘arbga yo‘nalish olmadi, Rossiya bilan yaqin bo‘lib qoldi. To‘g‘ri, Serbiyada ham demokratik o‘zgarishlar bor, lekin birdan tashqi siyosatni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Masalan, Gruziyaning tashqi siyosatini o‘zgartirishi ancha og‘riqli kechdi. Armaniston shunday og‘ir jarayonda hozir. Balki Sarbiya tashqi siyosiy yo‘nalishini o‘zgartirmas, lekin bu borada mustaqil bo‘lish uchun ham mana shunday bosqichdan o‘tishi kerak.

Kosovo 1999 yilda mustaqil bo‘lgan bo‘lsa, o‘sha paytda bir guruh serblar mamlakat shimoliga joylashdi va 3 ta provensiyani tashkil qiladi. Hozirgi muammo o‘sha 3 ta provensiya borasida bo‘lyapti. Kosovo mustaqilligi haqida gap ketmayapti bu yerda, allaqachon tan olingan bu davlat. To‘g‘ri, Ispaniya, Rossiya kabi davlatlar tan olmadi, chunki ularning o‘zida shunday muammo bor, o‘zlarida ham shunday bo‘lishidan, pretsedent bo‘lishidan qo‘rqishadi. Armanlar va ozarboyjonlar muammosi kabi vaziyat. Serblashtirish orqali nari borsa, serb tilini singdirishlari mumkin edi, ammo diniy jihatdan qo‘shilib ketishmasdi baribir.

Jahongir Akramov: Xalqaro huquqning ikki qarama-qarshi prinsipi yaqqol ko‘zga tashlanadi bu holatda. Sovuq urush davrida xalqlar o‘z taqdirini o‘zi hal qilish masalasi ko‘tarildi, bundan SSSR ham, AQSh ham bir qadar manfaatdor edi. Chunki Yevropaning mustamlakachi davlatlariga qaram bo‘lgan davlatlarni ular ta’siridan chiqarish kerak edi.

Yugoslaviya parchalanishiga sabab bu yerda ham imperiyachilik kayfiyati bo‘lgan baribir va Serbiya asosiy davlat bo‘lgan. Bolqon davlatlari parchalanishi G‘arb davlatlariga ham qo‘l kelgan, chunki o‘z vaqtida Yugoslaviya obro‘si ancha yuqori edi, katta davlatlarga raqobatchi bo‘la olardi.

Kosovoga federal respublika maqomi berilmagan Yugoslaviya tarkibida bo‘lgan paytda. Ular uchun bu kamsitish bo‘lgan. Milliy harakatni boshlashga sabab bo‘lgan bu ham. Serblashtirish harakatlari ham bo‘lgan.

— Kosovo mojarosida tashqi ta’sir va manfaatdor o‘yinchilari qanday ishtirok etmoqda? Ularning manfaatlari qaysi xatti-harakat va tashqi siyosiy amaliyotlarida namoyon bo‘lmoqda?

Farhod Karimov: Yuqorida aytganimdek, Bolqon kuchli davlatlar manfaatlari to‘qnashadigan hudud bo‘lgan doim. Qaysidir ma’noda geosiyosiy maydonga aylanib qoldi. Bu yerda Rossiya manfaatlari birinchi o‘rinda. Hozir Bolqonda Rossiyaga yaqin bo‘lgan faqat Serbiya qoldi, shuning uchun Serbiyani qo‘ldan chiqarmaslikka harakat qiladi. Ikkinchi siyosiy kuchlar esa Yevropa va Buyuk Britaniya, AQShdan ham harakati kuchliroq uning. Yevropada o‘z ta’sirini ko‘rsatish uchun aynan Bolqonda harakat qilyapti Britaniya. Uchinchi kuch esa musulmon dunyosi davlatlari, ya’ni Fors ko‘rfazidagi. Kosovo mustaqilligini birinchi qo‘llagan davlatlar Saudiya Arabistoni va BAA bo‘lgan edi. Chunki musulmonlar yashaydi Kosovoda. O‘zi Yevropada bitta davlatiga ega bo‘lgan musulmonlar albanlar hisoblanadi. 1999 yillarda Saudiya Arabistonining geosiyosiy harakatlari bo‘lgan. Saudiyadan tashqari ba’zi ekstremistik harakatlar ham faol bo‘lgan o‘sha paytlarda, bir paytlar Markaziy Osiyoda ham shunday bo‘lgandi. Albaniya ham bu ekstremistik guruhlardan voz kechgan. Va bundan keyin Fors ko‘rfazi davlatlari bilan Albaniya munosabatlari biroz sovuqlashib, ichki ishlarga aralashish to‘xtagan.

Turkiya manfaatlari ham bor bu yerda. Tarixiy nuqtai nazardan Turkiya hali ham bu hududga o‘zini taalluqli deb biladi. Shu sabab geosiyosiy, iqtisodiy manfaatlari bo‘lishi uchun harakat qiladi. Bu ham tabiiy, albatta.

Jahongir Akramov: Asosiy kuchlardan biri – Rossiya. 19-asrdan beri Rossiyada ikkita asosiy yo‘nalish bor, bulardan biri slavyan-finlar yo‘nalishi. Rossiya barcha slavyanlarning yetakchisi sifatida qarash bor. Shu sababdan Turkiya bilan bir necha marta urush ham qilgan. Bugungi kunda ham mana shunday g‘oyalar kurashi bo‘lib kelmoqda.

Normuhammad Ali Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid
Top