20:10 / 30.09.2023
9036

Tog‘li Qorabog‘dan Armanistonga 100 mingdan ortiq qochqin ko‘chib o‘tdi

Hududda bir necha yuz arman qolgani, ular ham tez orada Armanistonga o‘tishi aytilmoqda.

Foto: Euronews

Armaniston bosh vaziri matbuot kotibi Nazeli Bagdasaryan Tog‘li Qorabog‘dan Armanistonga kelgan qochqinlar soni 100 ming 417 nafarga yetganini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Lochin yo‘lagidagi Xakari ko‘prigidan 21 mingdan ortiq avtomobil o‘tgan. Armanistonda allaqachon 81 139 kishi ro‘yxatga olingan va hukumat 32 200 kishiga vaqtinchalik uy-joy ajratgan.

O‘z navbatida, Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Tog‘li Qorabog‘ga 2300 nafar sobiq qochqinlar qaytganini, 2023 yil oxirigacha ularning soni 5500 kishiga yetishini ma’lum qildi.

Tog‘li Qorabog‘ning sobiq ombudsmani Artak Beglaryan so‘zlariga ko‘ra, Tog‘li Qorabog‘da ko‘pi bilan bir necha yuz arman qolgan, «ularning aksariyati amaldorlar, favqulodda xizmat xodimlari, ko‘ngillilar, alohida ehtiyojmand odamlar, ular ham ketishga hozirlik ko‘rmoqda».

2015 yil holatiga ko‘ra, tan olinmagan respublika aholisi 145 053 kishi bo‘lib, ulardan 144 683 nafari armanlar edi. Bu Tog‘li Qorabog‘da yashovchi aholining 99,74 foizini tashkil qiladi.

19 sentabr kuni Ozarboyjon tan olinmagan respublika hududini o‘qqa tutib, «aksilterror operatsiyasi»ni boshladi. Bir kun o‘tib Ozarboyjon va Tog‘li Qorabog‘ rasmiylari harbiy harakatlar to‘xtatilganini e’lon qildi.

28 sentabr kuni Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi tugatilishi haqida e’lon qilindi.

Mavzu
Armanlarning Qorabog‘dan ko‘chishi
Xonkandi Ozarboyjon nazoratiga o‘tgach, Qorabog‘ni 100 mingdan oshiq etnik armanlar tark etdi.
Barchasi
Top