Choy, kofe tashishdan kinorejissyorlikkacha – “dahshatlar qiroli”dan 1 dollarga hikoya sotib olgan o‘zbek qizi
Gulnora Ivanova 10 yildan beri kino sohasida. Aslida juda ko‘plab festivallarda mukofotlangan qahramonimiz hozirgi darajasigacha ancha yo‘lni bosib o‘tgan. U Kun.uz'ga bergan intervyusida bir kun kelib o‘zbek kinosi ham Hollywood darajasiga chiqishini aytadi. “Boshqa kinolarni hayrat bilan fransuz, amerikancha kino deyishadi-ku, o‘zbek kinosi ham shunday eshitilishini xohlardim”, – deydi u.
Gulnora Ivanova asli o‘zbek, u 1989 yilda Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida tug‘ilgan. Boshida suratga olish maydonchalarida kofe, choy tashib yurgan, hamma unga “hey, bu yerdan qoch, xalal berma”, – deb baqirgan qiz ayni vaqt ma’lum va mashhur rejissyorga aylangan.
U yaqinda “dahshatlar qiroli” nomi bilan ko‘pchilikka tanish bo‘lgan, mashhur yozuvchi Stiven Kingning “One baby dollar” loyihasida qatnashib, “Qo‘l siqmagan odam” nomli hikoyasini ekranlashtirish huquqini 1 dollarga sotib oldi.
Solishtirish uchun aytib o‘tamiz, o‘ta injiq xarakterga ega bu yozuvchi bilan ko‘plab rejissyorlar film suratga olish uchun 300 ming dollar atrofida ham shartnoma tuzadi. Aslida Stiven King muallifligidagi asarlar asosida juda ko‘plab dunyoga tanilgan filmlar ishlangan. Ular qatorida “Shoushenkdan qochish”, “Yashil makon” ham bor.
Gulnora Ivanova Kun.uz'ga bergan intervyusida qanday qilib bu loyihada qatnashgani, umuman kino sohasiga qachon kirib qolgani, faoliyati aktrisalikdan rejissyorlikka ulanib ketgani-yu, dastlab ishlagan filmlari haqida batafsil gapirib berdi.
– Gulnora, avvalo taklifimizga rozi bo‘lib kelganingiz uchun rahmat. Dastlab o‘zingiz haqingizda gapirib bersangiz. Ismingizdan o‘zbek millatiga mansub deyishimiz mumkin, ammo familiya borasida bunday deyish qiyin. Aslida qayerda tug‘ilgansiz, oilangizdagilarning kinoga aloqasi bormi, bu sohaga qanday qilib qiziqib qolgansiz?
– Birinchi navbatda, mening personamga e’tibor qaratganingiz uchun rahmat. Xo‘p, savolga kelsak, ha, men asli o‘zbekman. Lekin toza o‘zbek emasman, metisman. Onam tatar, otam o‘zbek, bundan tashqari, avlodimizda tojik, boshqird, misharlarning ham qoni bor. Umuman olganda, men “kokteyl”man. Ha, rus tilida yaxshi gaplasha olaman, lekin rus emasman.
Ota-onam kinosanoatga umuman aloqador insonlar emas. Ular muhandislik sohasida birga tahsil olishgan va turmush qurishgan. Qisqa qilib aytsam, oilamiz oddiy, o‘qimishli insonlardan iborat, ota-onamning kasbi muhandis. Oilamizdan faqat men kino sohasidaman.
Bu yo‘nalishga bo‘lgan qiziqishim bolaligimdan boshlangan. O‘sha vaqtlarda filmlarni ko‘rib, bolalar maydonchasida o‘yin tariqasida uni takrorlashga urinardik. Men asosan rejissyor yoki operator vazifasida bo‘lardim, qolganlar esa aktyorlar jamoasi sifatida ishlardi. O‘shanda ham aniq kinosanoatda ishlayman deb aytmaganman, shunchaki shunday qiziqish bo‘lgan xolos.
Umuman olganda, men bolaligimdan ijodkor bo‘lganman, chizishni, kitob o‘qishni yoqtirardim. Hatto, juda ko‘p kitob o‘qiganman ham. Lekin kinoga tushib qolishim bu bilan bog‘liq emas, faoliyatim aktrisalikdan boshlangan. Yuzimdan kinoga mos deb suratga olish jarayonlariga taklif qilishgan. Shu bilan mana shu kinoga kirib qolganman.
Bilasizmi, “s’yomka”dagi barcha jarayonlarni ko‘rgach, menga u yoqdi, soha o‘ziga jalb qila boshladi. Shu sabab kinoaktrisa sifatida ishlashda davom etdim, teatrga qiziqardim, ishim uchun hatto “Ilhom” teatriga borib o‘qidim ham. Keyinroq kinoning yaralish jarayoniga to‘liq guvoh bo‘lib, kuzatgach, bu narsa aynan meniki ekanini, qolganlardan ko‘ra shunga ko‘proq qiziqishimni angladim. Ya’ni noldan boshlab kinoni suratga olib, uni yig‘ish – kadrda ko‘rinish, rol ijro etishdan ko‘ra qiziqroq ekanini bildim.
– O‘zi qanchadan beri bu sohadasiz?
– Menimcha, 10 yilcha bo‘lib qoldi. To‘g‘risi, hozir buni aniq aytolmasam kerak. Boshida shunchaki kino-kino o‘ynab yurgan bir qizaloq, keyin esa suratga olish maydonchalarida kofe, choy tashib yuradigan, hamma unga “hey, bu yerdan qoch, xalal berma”, deb baqiradigan qiz edim. Bilasizmi, birgina suratga olish maydonchalarida bo‘lish uchun hatto bepul ishlab bergan vaqtlarim bo‘lgan. Shunchaki qiziqqanim uchun ham bunga rozi bo‘lganman.
– Gulnora, o‘zingiz suratga olgan ilk filmni eslay olasizmi?
– Men olganimmi? Hmm... Birinchi marotaba suratga olgan filmim, bilasizmi, maksimal ravishda “rasvo” edi. Yo‘q, “rasvo” demaylik, bunday deyish noto‘g‘ri. Birinchi marotaba olgan filmim... Nima desam ekan, noprofessional edi. O‘shanda shunchaki do‘stlarimiz bilan yig‘ilib, kino olishga uringandik. Hatto, buning uchun pul yig‘ib, kamera ham sotib olgandim. Bu oddiy videokamera edi, fotoapparat ham, professional videokamera ham emasdi, taxminan 300 dollarga sotilardi. Kamera sotib olgach, unda kinoni suratga olganmiz. Erta tongda soat 6da turib, jangovar film yaratishga uringanmiz. Hatto, “s’yomka” jarayonlarida mushtlashuv ham bo‘lgan. To‘g‘risini aytsam, buni eng kulgili filmim deb bilaman.
– Tushunishimcha, o‘sha vaqtlarda siz hech qayerda o‘qimagansiz, to‘g‘rimi?
– Yo‘q, albatta. Bizda film olishga istak bo‘lgan xolos. Bo‘ldi... Biz jarayon uchun maxsus chiroqlar ham olib kelib, uni soatlab ushlab turganmiz. Umuman olganda, bunga juda jiddiy yondashganmiz, kino olishga munosabatimiz jiddiy bo‘lgan. O‘shanda kinoga suratga tushib yurgan vaqtlarim edi, lekin rejissyor sifatida hali hech qanday professional suratga olish maydonchalarida bo‘lmagan, hech kim bilan ishlamagan paytim bo‘lgan.
Bilasizmi, kinoda bir qizni avtomobilning orqa yukxonasiga solmoqchi bo‘lganmiz. Tasavvur qiling, kameramiz juda kichkina edi, biz esa qizni yukxonaga solishimiz kerak. Ya’ni “s’yomka” bo‘layotgani sezilmaganidan mahallada yashovchilar kelib, qizni qutqarmoqchi bo‘lishgan. Mushtlashuv bo‘lib ketishiga sal qolgan. Keyin avtomobilning aylanishini ham suratga olganmiz, bu ham qiziq bo‘lgan. O‘shanda viloyatda edik, jarayon bir qishloqda bo‘lgan, tepalikda odamlar kuzatib tomosha qilishgan. Birinchi filmni suratga olish shunaqa qiziq o‘tgan, ha, birinchidayoq juda ajoyib tajribani o‘tkazganmiz, rostan ham dastlabki ishimni janrlardan boshlaganman, shunda ham jangovar film bo‘lgan.
– Ana endi “One baby dollar” loyihasi haqida gapirib bersangiz. Dunyoga mashhur amerikalik yozuvchi, “dahshatlar qiroli”ning hikoyasini filmga aylantirish huquqini 1 dollarga sotib oldingiz. Mana shu jarayon haqida aytib berasizmi?
– Kinosanoatga kirib kelganimga ancha vaqt bo‘lgach, “O‘zbekfilm”ga tushib qolganman. O‘shanda ko‘zlarim katta-katta bo‘lib ketgandi. Hamma tajribali aktyor-aktrisalar, rejissyorlar o‘tib ketishyapti, bu yerda esa men qandaydir mavzuga aloqasi yo‘q insondek edim. Xabaringiz bo‘lsa, “O‘zbekkino”ning o‘zida emas, uning huzurida o‘qitadigan kurslar bo‘lar edi. O‘sha vaqtlarda rahmatli Shuhrat Abbosov imtihonlarni o‘tkazib, yoshlarni qabul qilardi. Men ham shu kursga o‘qishga kirganman.
Mana shu o‘qish davomida Rashid Malikov bizga dars o‘tardi. Kurs davomida Rashid aka Stiven King va uning dasturlari haqida ko‘p gapirib bergan. Lekin men uncha ham qiziqmagandim, chunki arzish yoki arzimasligini bilmagandim. Ammo keyinroq baribir loyihada qatnashib ko‘rishga qaror qildim va Stiven Kingning bir hikoyasini tanlab, rejissyorlik qarashlarim haqida yozdim. U yerda atigi 20 tacha hikoya bor edi, ko‘pchilik bu yozuvchi hamma asarlarini barcha uchun dasturga qo‘yadi deb o‘ylaydi, lekin adashishadi, chunki bunday emas.
Stiven Kingning 1 dollarga sotib olib, filmlashtirish mumkin bo‘lgan ma’lum bir asarlar ro‘yxati bor. Yosh kinematograflarni qo‘llab-quvvatlash uchun u shu narsaga ruxsat bergan. Men mana shu ro‘yxatda o‘zimga yaqinroq bo‘lgan bitta hikoyani tanlab oldim va uni filmda qanday ko‘rsatishim, O‘zbekistonda uni suratga olish qanday o‘tishi haqida batafsil yozib, pochta orqali xatni yubordim. Stiven menga javob yuborishiga umid ham qilmagandim, lekin javob berishdi.
Menga aloqaga chiqishdi, shartnomani yuborishdi. Shartnomada qo‘yilgan talablardan biri – ularga to‘lanadigan bir dollarning qog‘oz variantini pochta orqali yuborish edi. Ha, bu qat’iy va shart bo‘lgan talab edi. Menimcha, Stivenning javoni yosh kinochilarning bir dollariga to‘lib ketgan bo‘lsa ham kerak.
Uning yana bir talablardan biri bu – filmning diskka yozilgan shaklini pochta orqali yuborish edi. Bilmayman-u, lekin bu DVD disk bo‘lishi kerak edi. Stiven Kingning o‘zi – bir qiziq odam. Ba’zilar o‘zining dunyosiga ega, o‘rmonda joylashgan uyida yashaydigan inson deyishadi. Balki katta ehtimol bilan shu sabab ham ajoyib ko‘rinar.
Xullas, qog‘oz dollar va DVD disk shartnomaning talabi sifatida kiritilgandi. Tayyor filmni shundoqqina qandaydir kinofestivalga emas, avvaliga Stiven Kingga yuborish ham belgilangandi. U hatto shartnomani buzishi ham mumkin. Agar muallifga nimadir juda yoqmay qolsa, u aloqaga chiqadi va shunchaki “yo‘qoting”lar deydi. Shu bilan katta mehnat o‘tmay qoladi. Ya’ni King shunday odamki, u katta mablag‘lar evaziga suratga olinishi kerak bo‘lgan film loyihalarini ham xotirjamlik bilan to‘xtata oladi. Ha, uning dasturi shunday.
Lekin Stiven King blan ishlashning ijobiy tomonlari ham bor. Agar ishlaringiz uning e’tiboriga tushsa, keyinchalik u bilan jiddiyroq loyihalar qilish imkoniyati tug‘iladi. Xuddi bir paytlar suratga olish maydonchalarida kichkina odam hisoblangan va hozirda mashhurlikka erishgan rejissyor Frenk Darabont bilan bo‘lganidek. Bularga “Shoushenkadan qochish”, “Yashil maskan” kinolarini misol sifatida keltirish mumkin. Umuman olganda, Stiven King bilan bog‘liq voqea shunday sodir bo‘lgandi.
– O‘zi aslida bu yozuvchi kinorejssyorlar bilan necha pulga shartnoma tuzadi? Solishtirish uchun aytib ketolasizmi?
– To‘g‘risi, Kingning kinorejissyorlar bilan necha pulga shartnoma qilishini bilmayman. Lekin shuni aniq bilamanki, bu juda qimmat turadi. Agar xudo ko‘rsatmasin, uning hikoyasini ruxsatisiz olib, vizuallashtirishsangiz, yozuvchi shunday katta miqdorda jarimaga tortishi mumkinki, keyin shu pullarni to‘lash uchun siz butun umr davomida unga ishlab berishga majbur bo‘lasiz.
Aniqroq aytganda, shartnomaning qiymati juda baland, filmlashtirish huquqi taxminan 350 ming dollar atrofida bo‘lishi mumkin. Harholda shunday deb o‘qib qolgandim, lekin bu aniq shunday summa deb aytolmayman. Chunki Stiven hamma bilan individual tarzda shartnoma tuzadi va ishlaydi. Kimgadir arzonroq, kimgadir qimmatroq bo‘ladi. Bu hikoyaning hajmi va yozilish murakkabligiga bog‘liq.
Bizning vaziyatimizda men 3-4 bet chiqadigan uncha katta bo‘lmagan hikoyani tanlagandim. U ham lekin arzon turmaydi, xuddi shu hajmdagi boshqa asar 1 dollar turmasligi ham mumkin. Menimcha, film budjeti Kingning filmlashtirish huquqi uchun beradigan ruxsatidan arzonroq bo‘lsa kerak.
Intervyuning to‘liq shaklini yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi Shohruz Abdurayimov.
Mavzuga oid
19:33 / 24.12.2024
“Davlatning kino sohasidan chiqib ketishiga hali vaqt bor” – Ozodbek Nazarbekov
11:53 / 18.08.2024
Aktyor Alen Delon vafot etdi
12:16 / 21.06.2024
Aktyor Donald Sazerlend vafot etdi
12:37 / 20.06.2024