20:07 / 03.10.2023
19601

Frontdagi vaziyat: yangi joydan hujumga tayyorlanayotgan Ukraina, «Vagner»ni tiklamoqchi bo‘layotgan Kreml

Ukraina qurolli kuchlari Rossiya hududiga yana diversiya guruhlari tashlab, yangi uchastkadan hujum qilishga hozirlanmoqda. Rabotine yaqinidagi yorib kirish hozircha uddalangani yo‘q. Rossiya Ukrainani havo orqali raketa zarbalari berishdan to‘xtatib qolgan bo‘lishi mumkin. «Vagner» XHK tiklanmoqda, Ramzan Qodirov esa yangi topshiriqlar oldi.

Ukrainalik askar granatomyotdan o‘t ochmoqda. Foto: Ukraina qurolli kuchlari

Germaniyaning Bremen universiteti qoshidagi Sharqiy Yevropani o‘rganish markazi ilmiy xodimi Nikolay Mitroxin Ukraina frontida so‘nggi hafta ichida sodir bo‘lgan voqealarni tahlil qilib chiqdi.

Frontda yangi jang uchastkalari paydo bo‘lmoqda

Umuman olganda, hafta ichida front chizig‘i juz’iy o‘zgarishga uchramadi, biroq unda ikkita yangi qizg‘in jang uchastkasi paydo bo‘ldi. Hafta o‘rtasida mamlakat shimolida — RFning Belgorod, Bryansk va Kursk oblastlari chegarasida ukrainlarning diversiya va shturm guruhlari faollashgani ma’lum bo‘ldi. U yerda 50 kishilik diversiya guruhlari Rossiya ichkarisiga kirishga ham muvaffaq bo‘lishgan. Endi sentabr oyi o‘rtalarida ukrainlarning Bryansk va Kurskdagi nishonlarga pilotsiz uchar qurilmalar bilan hujum qilgani bejiz ketmagani oydinlashdi. Ukraina QK o‘tgan haftada dronlar bilan Rossiyaning chegaradosh hududlaridagi transformator nimstansiyalariga hujum qilib, ularni toksiz va aloqasiz qoldirgan edi.

Rossiya tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina QK Gulyaypoledan janubroqda — Tokmak yo‘nalishidagi Orixiv va Velika Novosilka shturm uchastkalaridan janubda guruh to‘plamoqda. Agar qarshi hujum shu yerdan boshlansa, u eng avvalo Tokmak tomon yorib borayotgan guruhga yordam berishi kerak bo‘ladi. Bu Ukraina QK rahbariyati tomonidan tanlangan va boshi berk ko‘chaga kirib qolgan hujum yo‘nalishi sharoitida yagona to‘g‘ri qaror bo‘ladi.

Orixivdan janubda joylashgan va Tokmakka yo‘l ochish uchun urinilayotgan Rabotinedan olingan videodan ko‘rinib turibdiki, daraxtlarsiz yaydoq tekislikda Ukrainaning o‘nlab zirhli texnikalari to‘planib, depsinib qolgan, ular uzoq masofadan turib Rossiya artilleriyasi, vertolyotlari va tankka qarshi raketa qurilmalari tomonidan bemalol o‘qqa tutilmoqda. Ukraina QK bir necha urinishlardan so‘ng Rabotinedan janubi-sharqda joylashgan, kelgusi ilgarilashlarni ta’minlovchi tepalikni qo‘lga kirita olmagan. Ukraina qo‘shinlari kengligi 3, uzunligi 10 km bo‘lgan «yeng» yoki «qozon»ga qamalib qolgan va uch tomondan o‘qqa tutilmoqda.

Dnipro frontida Nova Kaxovka yaqinidagi Kazatskiy oroli uchun jang ketmoqda, bu joy egallansa ukrainlar so‘l sohilga yirik desant tashlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Baxmutdan janubroqda, Klishchiyivka va Andriyivka hududida hujum va qarshi hujumga boy og‘ir janglar kechmoqda. Rossiya tomonining ayrim ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari RF qurolli kuchlari uchun mudofaa chizig‘i vazifasini o‘tayotgan temiryo‘l ko‘tarmasi orqali o‘tishga muvaffaq bo‘lgan, keyinroq avvalgi vaziyat tiklangan. Rossiya armiyasining qarshi hujumlari ham zafar keltirmagan. Potensial qarshi hujum uchastkasi hozircha Ukraina QK uchun yorib o‘tish joyiga aylana olmayapti.

Havodagi jang: tomonlar zarba samaradorligini oshirishmoqda

Ukraina QK avvalroq ro‘y bergan Qrimga muvaffaqiyatli zarbalarni bas qilishgan. Ehtimolli sabab — raketalar yetishmovchiligi va zarbaviy dronlarning birlamchi faolligini shimoliy yo‘nalish (RFning markaziy oblastlari)ga ko‘chirish bo‘lishi mumkin. Ukraina tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, eng muvaffaqiyatli hujum 24 sentabr kuni Kursk oblastidagi «Xalino» aerodromiga bo‘lgan. Bu yerda Su-30SM rusumli samolyotlarga ega Jdanov nomidagi 14-gvardiyali qiruvchi aviatsiya polki joylashgan. Ukraina razvedka bosh boshqarmasidagi manbalar ma’lumotlariga ko‘ra, portlash natijasida 14-aviapolk qo‘mondoni, uning o‘rinbosarlaridan biri, aviator ofitserlar guruhi, FSB harbiy kontrrazvedkasi vakili hamda aerodrom ishchi-xodimlari yo o‘ldirilgan yo yarador qilingan. Bunga go‘yoki uchta pilosiz uchar qurilmaning ketma-ket portlatilishi evaziga erishilgan (avval yoqilg‘i-moylash mahsulotlari omboriga hujum qilingan, so‘ngra yong‘inni ko‘rishga va o‘chirishga kelgan guruh ustiga zarba berilgan, uchinchi dron yerga qo‘ndirilgan va uni o‘rab olgan odamlar o‘rtasida portlagan).

Biroq bunday xabarlar qo‘shimcha tekshiruvga muhtoj. O‘tgan haftada Ukraina QK maxsus operatsiyalar kuchlarining RF Qora dengiz floti qo‘mondoni o‘ldirilgani to‘g‘risidagi rasmiy xabari ham qo‘mondonning Rossiya ekranlarida ko‘rinish berishi bilan chippakka chiqarildi. Rossiya manbalari hozircha aerodromda radioelektron kurash vositalari bilan qo‘ndirilgan va ichida «syurprizi» bo‘lgan dronning portlab, harbiylarga talafot yetkazganini tasdiqlashdi, xolos.

1 oktyabr kuni Sevastopol va Sochiga ahyon-ahyonda berilgan zarbalar janubda Rossiya harbiy havo mudofaasida paydo bo‘lgan tuynuk hamon yamalmagani, hali bu hol ko‘p tashvish tug‘dirishidan dalolat berib turibdi. RF o‘z navbatida Shahed dronlaridan o‘zlarining Ukraina bo‘ylab har kunlik tizimli va yopirilma zarbalarida faol foydalanmoqda. 30 sentabr kuni Ukraina QKning janubiy qo‘mondonligi vakili sentabr oyida UQK janubda 300 ta Shahed dronini yo‘q qilganini ta’kidladi. O‘sha kunning o‘zidayoqa UQK qo‘mondonligi bir sutkada 30 ta Shahed yo‘q qilingani haqida hisob berdi.

Lvivga dron hujumi oqibatlari. Foto: Anastasiia Smolienko / Global Look Press

Ukraina QK dronlarning 75–80 foizini urib tushirayotgani to‘g‘risidagi rasmiy ma’lumotlar e’tiborga olinsa, bu Rossiya kuniga 25–30 ta zarbaviy dron ishlab chiqarish darajasiga yetganini anglatadi. Boz ustiga, ulardan foydalanish taktikasi turli-tuman — to‘g‘ridan to‘g‘ri hujum qilish bilan birga, dronlardan bir qismi murakkab yo‘nalishlar bo‘yicha parvoz qilmoqda va Ukrainaning ichki hududlaridagi nishonlar yo‘q qilinmoqda.

Buning oqibatlari ayniqsa Dunay daryosidagi Ukraina portlarida bilinmoqda, negaki bu yerga har kuni bir necha marta kuchli zarba berilmoqda. Shuningdek, infratuzilma obektlari — Ukraina elektr stansiyalari va nimstansiyalari ham nishonga olinmoqda. Hozircha ularga zarba berish «kritik» xarakterga ega emas, biroq yuzlab aholi punktlari tokdan uzilib qolishi odatiy yangilikka aylangan. Ukraina hukumati oy boshida Rossiyaning o‘tgan qish va bahordagi hujumlaridan so‘ng energiya tizimini tiklash past sur’atlarda borayotgani, yangi yopirilma zarbalarga tayyor emasligini bildirgandi.

Shuningdek, Rossiya manbalari «Xarkiv zirhli tank zavodi to‘liq yo‘q qilingani» haqida raport berishdi, bu uning ikkita sexiga S-300 raketalari bilan hujum qilinganini amalda bildiradi. Shuningdek, front oldi polosasida bir hafta ichida uchta, xususan Mikolayivdagi Kulbakine aerodoromida Ukraina qiruvchi samolyotlari yo‘q qilingani e’lon qilindi — agar bu rost bo‘lsa kam sonli Ukraina aviatsiyasi uchun jiddiy yo‘qotish bo‘ladi.

Yuqorida qayd etilganidek, Ukraina QK Rossiya chegaraoldi hududlarida elektr postansiyalariga javob hujumlari bermoqda. Ularning samaradorligi nisbatan pastroq. Masalan, ukrainlar Bryansk oblastida bitta transformatorni yoqib yuborish uchun 20 ta drondan foydalangan.

Ukraina yangi mudofaa sanoati barpo etmoqda

Zelenskiyning AQShga tashrifi va unda qo‘shma mudofaa «ekotizimi» yaratish to‘g‘risidagi kelishuvlardan so‘ng AQSh yordamida Ukrainada yoki u bilan birga uchinchi davlatlarda joriy urush ehtiyojlari, urush tugagach markaziy va sharqiy Yevropa armiyalarini mustahkamlash uchun qurol-yarog‘lar tayyorlaydigan yirik mudofaa ishlab chiqarish korxonalari qurish rejasi yuzaga keldi.

Sabablari oddiy: g‘arbdagi ishlab chiqarish quvvatlari bugun istalganidek mahsulot ishlab chiqarish hajmini ko‘paytira olmaydi, bunday mahsulotning iste’molchisi esa pul bilan, kadrlar bilan sarmoya kiritmoqchi, boz ustiga logistika ham yengillashadi. 29 sentabr kuni Ukraina bosh vaziri Shmigal tomonidan tilga olingan, Rossiya urush boshidan buyon Ukrainaning 37 ta harbiy zavodlarini yo‘q qilgani to‘g‘risidagi ma’lumotlarga qaramasdan, korxonalarni Ukraina ichkarisida qurish rejalari ham bor. Shuningdek, uchinchi davlatlarda ham ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi mumkin. Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Oleksiy Danilov Ispaniyaning ABC nashriga bergan intervyusida Ukrainaning uzoq masofani ura oluvchi «Neptun» raketalari mamlakat tashqarisida ishlab chiqarilgani, chunki mamlakat ichidagi ishlab chiqarish inshootlari vayron qilinganini aytib o‘tgan.

O‘z navbatida, Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andriy Yermak Ukraina o‘z havo hujumidan mudofaa tizimlarini ishlab chiqarishni tashkil etishni rejalashtirayotganini aytib o‘tgan.

Kiyevda 29 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan mudofaa sanoati forumida mamlakatning barcha rahbarlari ishtirok etdi. Zelenskiyning ta’kidlashicha, mamlakat NATO standartlari bo‘yicha qurol-yarog‘ va snaryadlar ishlab chiqarmoqda, Ukraina dunyoda birinchi marta dengiz dronlari flotini yaratadi. Ukraina prezidenti Mudofaa sanoati alyansi tuzilishini e’lon qildi va unga qurol-yarog‘ va harbiy texnika ishlab chiqaruvchilari qo‘shilishi mumkin. Deklaratsiyani 13 ta yetakchi kompaniya imzolagan. Ukrainada ishlashni rejalashtirayotgan kompaniyalar uchun hukumat maxsus iqtisodiy rejim tashkil etib beradi. Shuningdek, maxsus mudofaa fondi tuziladi va mudofaa aktivlaridan dividendlar, musodara qilingan Rossiya aktivlari savdosidan foydalar bilan to‘ldirib boriladi.

Masalan, Chexiya mudofaa vazirligi Ukrainaga CZ BREN 2 shturm vintovkalari ishlab chiqarish uchun litsenziya taqdim etadi, shuningdek o‘q-dorilar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi.

Qo‘lida dron tutgan ukrainalik harbiy xizmatchi. Foto: Volodimir Zelenskiyning Telegram kanali.

Bu so‘nggi bir yarim yil ichida NATO a’zolaridan ko‘proq qurol-yarog‘, ayniqsa kuchli va uzoqni ura oladigan qurollar olishdan umid qilib kelgan Ukraina rahbariyatining pozitsiyasida jiddiy siljish va yangi bosqich hisoblanadi. Ehtimol, Zelenskiyning AQShga tashrifi davomida o‘zi va hamkasblari bu strategiyani o‘zgartirish kerakligiga amin bo‘lishgandir, chunki urush yana bir necha yilga cho‘zilishi tayin, g‘arbdan kelayotgan qurol-yarog‘lar, o‘q-dorilar ombori bo‘shab qoldi, ishlab chiqarish esa keskin o‘sgan talabni hech ham quvib yeta olmayapti.

Yana bir taxminga ko‘ra, Ukrainaning (Bayden qo‘llovida) shoshilinch ishlab chiqarishga kirishishiga sabab, kelgusi prezident respublikachilardan bo‘lishi mumkin (ya’ni, Tramp) va bu partiya Ukrainaga yordamni qisqartirishni yoqlab keladi.

Rossiya esa o‘tgan bir yarim yil ichida o‘q-dori va dronlar ishlab chiqarishni keskin oshirdi, qo‘shinlarning minimal ehtiyojini yopdi va Ukraina bu borada ularni quvib yetishi kerak bo‘ladi. Biroq, jahon hamjamiyatida Ukrainaga nafaqat mudofaa sanoatini moliyalashtirish va ilg‘or texnologiyalarni taqdim etish bilan yordam ko‘rsatish imkoniyati bor. Rossiyaliklar Ukrainaga hujum qilayotgan dronlarda o‘nlab yevropacha tarkibiy qismlar topilgan.

The Guardian nashri yozishicha, Kiyev G7 davlatlariga avgustda uzatgan maxfiy hisobotga ko‘ra, Shahed-131 dronida Yevropada ishlab chiqarilgan 52 ta tarkibiy qism bo‘lgan, Shahed-136 dronida esa 57 ta. Ukraina hukumati bu detallarni ishlab chiqarayotgan 5 ta ishlab chiqaruvchi nomini sanagan. Bu Germaniyaning Ti Automotive Gmbh va International Rectifier, Shveytsariyaning STMicroelectronics va U-blox, Niderlandiyaning NXP Semiconductor kompaniyalaridir. Ularning mahsulotlarini dron ishlab chiqarayotgan Eron Turkiya, Hindiston, Qozog‘iston kabi uchinchi davlatlardan qabul qilib olmoqda. Qozog‘iston shu hafta ichida rasman vositachi rolidan voz kechdi. Uning o‘rniga istalgan davlat kelishi mumkin.

Yevropa Ittifoqi yakuniy iste’molchini topish, nodo‘st davlatlarga mahsulot yetib borishining oldini olish borasida YeI hududini tark etayotgan «qo‘shaloq maqsadli» mahsulotlarni sertifikatlashni yo‘lga qo‘yishdek kompleks yechimga kelishi mumkin.

«Vagner»ning tiklanishi va Qodirov uchun ehtimolli vazifalar

Putin huzurida bir kunda tasodifiy bo‘lmagan ikki uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 28 sentabr kuni kechqurun Putin mudofaa vaziri o‘rinbosari Yunusbek Yevkurov va isyonni qo‘llamagan «Vagner» qo‘mondoni Andrey Troshev-«Sedoy» bilan uchrashdi. Bungacha bir necha kun avval «Sedoy» asosiy «Vagner»dan ajralib chiqqan va hozirgacha faoliyat ko‘rsatayotgan «Qo‘mondonlar kengashi»da faoliyat ko‘rsatayotgan, Rosgvardiya tarkibida Ukraina frontida jang qilishni davom ettirishga rozilik bergan vagnerchilarni boshqarayotgani ma’lum bo‘lgan edi.

Sentyabrning 20-sanalari boshida qayta isloh qilingan «Vagner» XHK bo‘linmalari rus qo‘shinlari taqchilligi juda sezilayotgan Baxmutning janubiy qismiga kelgan. Troshevga omma oldida «ko‘ngillilar» tuzilmasi bilan shug‘ullanish topshirig‘ini bergan Putin bilan uchrashuv bu voqealar fonida oddiy formallik kasb etardi, ammo buning ortida shunchaki frontdagi tuynukni yangi bo‘linma bilan yopishdan ko‘ra kattaroq narsa turgan bo‘lishi mumkin.

O‘sha kuni avvalroq Putin Ramzon Qodirov bilan ham uchrashgandi. Qodirov o‘z jangarilarining faoliyati va respublikadagi vaziyat bo‘yicha hisobot berdi.

Vladimir Putinning Yunusbek Yevkurov va Andrey Troshev bilan uchrashuvi. Foto: Kremlin.ru

Etnik chechen bo‘linmalari va «vagnerchilar» yollanma jangarilardan iborat «alohida» bo‘linmalarda bir tanganing ikki tomoni bo‘lib kelishayotgandi. Ular bitta javobgarlik zonasida jang qilgan holatlar ham ko‘p bo‘lgan. So‘nggi marta «qodirovchilar» aynan Baxmut janubida ko‘zga tashlangan. Chechenlarga ikkinchi mudofaa chizig‘i ishonib topshirilgani Ukraina QKning Kleshchiyivka va Avdiyivka hududidagi muvaffaqiyatlarining bosh sababi deb atalgan.

Bu ikkisi (Qodirov va Troshev) oldiga bitta vazifa qo‘yilgani ehtimoli yuqori: shu yoki boshqa uchastkada tuzilmalarni tiklash. Boz ustiga, RF mudofaa vazirligi Putinning kuzgi chaqiruv to‘g‘risidagi farmonini amalga oshirish asnosida safarbarlik o‘tkazish niyati yo‘qligi, biroq shartnoma bo‘yicha xizmat qiluvchilarni qabul qilish punktlari soni oshirilishi ma’lum qilgan. Bungacha, bir yil avval harbiy safarbarlik bilan urushga chaqirilganlar urush oxirigacha xizmat qilishi e’lon qilingandi.

Ya’ni, safarbarlik o‘tkazish va muddatli xizmatga chaqirilgan yosh askarlarni «Rossiyaning yangi hududlari»ga jo‘natishdan cho‘chiyotgan harbiy idora ham, frontda urush qilayotgan Rossiya kuchishlatarlari ham yangi odamlarga katta ehtiyoji borligini qo‘rqmasdan aytish mumkin. Ko‘ngillilar oqib kelmoqda (shunday bo‘layotgani ehtimoli ham bor), deb berilayotgan raportlarga qaramasdan, tirik jonlar miqyosi ancha qisqargan jangovar harakatlar sharoitida ham yetishmayapti.

Ushbu vaziyatda RF mudofaa vazirligi yaqinda o‘tkazgan brifingda harbiy desant qo‘shinlarining yangi brigadalarini tuzish niyatida ekanini e’lon qildi. Qolaversa, bu Sergey Shoygu tomonidan yil boshida e’lon qilingan, armiyani kengaytirish rejalariga to‘liq mos tushadi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top