09:58 / 09.10.2023
6742

Finlandiya va Estoniya o‘rtasidagi suvosti gaz quvuri to‘sib qo‘yildi

Finlandiya va Estoniya o‘rtasidagi Balticconnector quvuri orqali gaz o‘tkazish sizib chiqish ehtimoli sababli to‘xtatildi.

Foto: Jussi Nukari/Lehtikuva/IMAGO

Finlandiya va Estoniya o‘rtasida Boltiq dengizi ostidan o‘tuvchi Balticconnector gaz quvuri sizib chiqish ehtimoli tufayli vaqtincha to‘sib qo‘yildi, deya ma’lum qildi 8 oktyabr, yakshanba kuni rasmiylar. 

Finlandiya va Estoniya gaz quvurlari operatorlari Gasgrid Finland va Elering yakshanbaga o‘tar kechasi quvurda bosimning noodatiy pasayganini payqab, gaz ta’minotini to‘xtatishga qaror qildi. 

«Kuzatuvlarga ko‘ra, Finlandiya va Estoniya o‘rtasidagi dengiz quvurida sizib chiqish borligi taxmin qilinmoqda. Hozir quvur klapanlari yopilgan va shu tariqa sizib chiqish to‘xtatildi», — deyiladi Gasgrid Finland bayonotida. Operator taxmin qilinayotgan sizib chiqish sabablarini aniqlashtirmadi va Elering bilan birgalikda hodisani tekshirayotganini bildirdi. 

Agar sizib chiqish bo‘lsa, ta’mirlash uchun bir necha oy ketadi

Gasgrid Finland kompaniyasiga ko‘ra, agar bosim quvur liniyasining shikastlanishi bilan bog‘liq sizib chiqishi tufayli haqiqatan ham pasayganligi aniqlansa, ta’mirlash ishlari zararning xususiyatiga qarab «kamida bir necha oy» davom etishi mumkin. 

Taxminan 80 km uzunlikdagi quvur Finlandiyaga Latviyaning Inchukalnsidagi tabiiy gaz omborlaridan foydalanish imkonini beradi, uning o‘tkazish quvvati esa yiliga 2,6 milliard kub metrgacha yetadi. Finlandiya hukumati ta’kidlashicha, gaz o‘tishining to‘xtatilishi energiya ta’minoti xavfsizligi uchun darhol muammo tug‘dirmaydi. 

«Shimoliy oqim»dagi portlashlar 

2022 yil sentabr oyi oxirida Boltiq dengizida Rossiyadan Germaniyaga olib boruvchi «Shimoliy oqim» va «Shimoliy oqim-2» gaz quvurlarining to‘rt tarmog‘idan uchtasi portlatilgan edi. O‘sha paytda ularning hech biridan gaz o‘tmagan. «Shimoliy oqim» portlashlardan biroz oldin Rossiya tomonidan to‘xtatilgan, «Shimoliy oqim-2» esa Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlari davrida ishga tushirilmadi.

Gaz quvuridagi portlashlar uchun javobgarlikni hech kim o‘z zimmasiga olmadi. Germaniyadan kelgan tergovchilar portlash ortida Ukrainaga aloqador shaxslar turgan bo‘lishi mumkin deya hisoblamoqda, deb yozadi nemis OAV manbalarga tayanib.

Xususan, Germaniya tergovi ikki ukrainalikka tegishli, Polsha kompaniyasi tomonidan ijaraga olingan 15 metrlik «Andromeda» yelkanli yaxtasidan gaz quvurlarida qo‘poruvchilik uchun foydalanilgan, deb hisoblaydi. The Washington Post nashri manbalarga tayanib, Yevropa va Amerika razvedka xizmatlari Ukraina maxsus kuchlarining «Shimoliy oqimlar»ga hujum qilish rejalari haqida 2022 yil iyunida bilgani to‘g‘risida yozgan.

Mavzuga oid
Top