Iqtisodiyot | 12:56 / 09.10.2023
22076
3 daqiqa o‘qiladi

Non va un narxlarining qimmatlashishi sezilgan inflatsiyaga ta’sir qilgan asosiy omilga aylangan

Aholi vakillari va tadbirkorlar valuta kursi o‘zgarishini narxlarga eng ko‘p bosim o‘tkazuvchi omil sifatida keltirib o‘tgan. Non va un narxlarining qimmatlashishi daromadlari 10 mln so‘mgacha bo‘lgan barcha aholi qatlamlari uchun inflatsiyaga ta’sir qilgan asosiy jihat sifatida qayd etilgan.    

Foto: Shutterstock

Markaziy bank sentabr oyi uchun aholi va tadbirkorlik sub’yektlarining inflyatsion kutilmalari bo‘yicha ma’lumotlarni e’lon qildi.

Unga ko‘ra, aholining inflatsiya bo‘yicha kutilmalari 0,7 foiz bandga pasayib, 13,5 foizni tashkil qilgan.

Aholi kelgusida narxlar oshishiga quyidagi omillar ta’sir qiladi deb hisoblaydi:

  • valuta kursi o‘zgarishi (65 foiz);
  • yoqilg‘i va energiya narxlarining qimmatlashishi (45 foiz);
  • kommunal xizmatlarning qimmatlashishi(34 foiz);
  • narxlarning sun’iy oshirilishi (33 foiz);
  • bozorda monopoliyaning mavjudligi(32 foiz).

Tadbirkorlik sub’yektlarining inflyatsion kutilmalari

Sentyabr oyi yakunlari bo‘yicha respondent tadbirkorlik sub’yektlarining inflyatsion kutilmalari 14,2 foizni tashkil qilib, o‘tgan oyga nisbatan 0,2 foizga pasaygan.

Biznes vakillari narxlar oshishiga quyidagi omillar ta’sir qiladi deb hisoblaydi:

  • valuta kursining o‘zgarishi (68 foiz);
  • yoqilg‘i va energiya resurslarining qimmatlashishi (42 foiz);
  • kommunal xizmatlarning qimmatlashishi (31 foiz);
  • ish haqi va nafaqalarning oshishi (29 foiz);
  • transport qimmatlashishi (28 foiz).

Shuningdek, sentabr oyida aholi tomonidan sezilgan inflatsiya darajasi 13,3 foizni tashkil qilgan. Hududlar kesimida inflatsiyaning eng yuqori darajasi Toshkent shahri – 14,8 foiz, Buxoro – 14,6 foiz va Surxondaryo viloyatida – 14,4 foiz, eng past darajasi esa Qoraqalpog‘iston – 11,6 foiz, Navoiy – 11,8 foiz va Jizzax viloyatida – 12,1 foiz sezilgan. 

Iste’molchilar tomonidan narxlari yuqori o‘sganligi qayd etilgan tovar va xizmatlar:

  • non va un – 53 foiz (jami respondentlarning ulushida);
  • go‘sht va sut mahsulotlari – 43 foiz;
  • benzin va yoqilg‘i – 34 foiz;
  • tuxum – 31 foiz;
  • meva-sabzavotlar – 25 foiz;
  • qurilish mollari – 24 foiz.

Markaziy bank daromadlar darajasi kesimida sezilgan inflatsiya darajasini ham taqdim qilgan. Unga ko‘ra, daromadi 15 mln so‘mdan oshiq bo‘lgan aholi qolganlarga qaraganda inflatsiyani ko‘proq sezmoqda – 15,2 foiz. Inflatsiya bo‘yicha eng past o‘rtacha ko‘rsatkich oyiga 2-3 mln so‘m daromadga ega bo‘lgan fuqarolar tomonidan qayd etilgan – 12,2 foiz.

Non va un narxlarining oshishi daromadlari 10 mln so‘mgacha bo‘lgan barcha aholi qatlamlari uchun asosiy qimmatlashgan mahsulot sifatida qayd etilgan. 10-15 mln so‘mlik daromad egalari uchun benzin va yoqilg‘i narxlari, 15 mln so‘mdan ko‘p daromad egalariga esa meva-sabzavotlar narxining o‘sishi eng ko‘p ta’sir ko‘rsatgan.

Avvalroq, joriy yil avgust oyida iste’mol sektoridagi tovarlar va xizmatlar o‘rtacha 1,24 foizga oshib, yillik inflatsiya 9,19 foizga yetgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid