23:45 / 12.10.2023
8602

AQSh Eronning 6 mlrd dollar mablag‘ini yana muzlatib qo‘yishi mumkin 

Avvalroq, Qo‘shma Shtatlar mahbuslar almashinuvi kelishuvi doirasida Eronga ushbu mablag‘larni qaytarishga rozi bo‘lgan edi. 

Foto: Getty Images

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinkenning aytishicha, Oq uy «mahbuslar almashinuvi» kelishuvi doirasida Eronga qaytarilgan 6 milliard dollarni yana muzlatib qo‘yish huquqini o‘zida saqlab qoladi. Mablag‘lar Qatar bankida saqlanmoqda. 

«Biz ushbu mablag‘larni qattiq nazorat qilamiz va ularni muzlatish huquqini o‘zimizda saqlab qolamiz», dedi u. 

Blinkenning ta’kidlashicha, bu pullar AQSh Moliya vazirligi tomonidan nazorat qilinadi va faqat gumanitar ehtiyojlar uchun ishlatilishi mumkin. Bu mablag‘ Eronga topshirilmasdan, faqat oziq-ovqat, dori-darmon va tibbiy jihozlarga sarflanishi mumkin, dedi AQSh Davlat kotibi. 

Avvalroq AQSh Vakillar palatasining sobiq spikeri Kevin Makkarti prezident Jo Baydenga murojaat qilib, Eronga qaytarilgan 6 milliard dollarni yana muzlatib qo‘yishga chaqirgan edi. HAMAS Isroilga hujum qilganidan so‘ng, shunday chora ko‘rish kerak, dedi Makkarti. 

«Baydenning tinchlantirish siyosati, jumladan, mahbuslar almashinuvi doirasidagi pul ham to‘xtatilishi kerak... Uning siyosati terrorchilarni faqat ruhlantirgan», dedi Makkarti. 

Avvalroq, Davlat departamenti Eron tomonidan qamoqqa olingan besh nafar amerikalik fuqaroni ozod qilish evaziga mamlakatning Janubiy Koreyada muzlatilgan 6 milliard dollarlik aktivlarini qaytarishga rozi bo‘lgan edi. Shunday bo‘lishiga qaramay, Eronga qarshi sanksiyalar yumshatilmasligi aytildi.

Top