23:27 / 13.10.2023
11977

YeKPA Putinni noqonuniy, Rossiyani esa diktatura deb tan olishga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qildi 

Shuningdek, Rossiya prezidentini javobgarlikka tortish uchun maxsus xalqaro jinoiy tribunal tashkil etish tarafdori ekanini tasdiqladi.

Foto: Getty Images

Yevropa Kengashi Parlament Assambleyasi (YeKPA) Yevropa Ittifoqi davlatlarini Vladimir Putinning amaldagi prezidentlik muddati tugaganidan keyin uni noqonuniy deb tan olishga chaqiruvchi rezolyutsiyani ma’qulladi. Shuningdek, unda Rossiya bilan barcha aloqalarni to‘xtatishga chaqiriq bor. Gumanitar va tinchlikka erishish uchun qilingan aloqalar bundan mustasno. 

Rezolyutsiyada ta’kidlanganidek, Putin 2000 yildan beri hokimiyat tepasida bo‘lib, bunday uzoq prezidentlik davrida kuchli parlament, mustaqil sud tizimi, erkin ommaviy axborot vositalari va faol fuqarolik jamiyati ko‘rinishidagi o‘zaro nazorat va muvozanatning yo‘qligi Rossiyani de-fakto diktaturaga aylantirdi. 

Bundan tashqari, YeKPA Rossiyaning Ukrainaga qarshi davom etayotgan tajovuzini hisobga olgan holda diktaturalar xalqaro tinchlik va xavfsizlikka, shuningdek, qo‘shnilarining hududiy yaxlitligiga tahdid solayotganini ta’kidladi. 

Bundan tashqari, YeKPA Rossiya yetakchilarini, jumladan Vladimir Putinni Qrimning noqonuniy anneksiyasi va Donbassdagi urushdan tortib MH17 reysi samolyoti urib tushirilishigacha bo‘lgan harakatlar uchun javobgarlikka tortish uchun maxsus xalqaro jinoiy tribunal tashkil etish tarafdori ekanini yana bir bor tasdiqladi. 

2022 yil fevralida Yevropa Kengashi Rossiyaning o‘zini o‘zi e’lon qilgan LXR va DXR mustaqilligini tan olgani, shuningdek, Ukrainaga bostirib kirgani uchun qoraladi. Yevropa Kengashi Vazirlar qo‘mitasi Rossiyaning tashkilotdagi vakolatini to‘xtatib, uni Parlament Assambleyasi va Kengashning boshqa organlari ishida ishtirok etish huquqidan mahrum qildi. Bunga javoban Rossiya Yevropa Kengashidan chiqdi va unga nisbatan xalqaro shartnomalarini bekor qildi.

Mavzuga oid
Top