22:25 / 18.10.2023
16557

Qozog‘istonda odam a’zolari savdosi bilan shug‘ullangan jinoiy guruh ushlandi 

Guruh tarkibida tibbiyot xodimlari, notariuslar, retsipiyentlar va donorlar borligi aytilmoqda. 

Olmaota viloyati politsiya boshqarmasi inson a’zolarini sotib olish va sotish bo‘yicha jinoiy sxema tuzgan guruh faoliyatiga barham berdi. Bu haqda Polisia.kz xabar berdi. 

Qayd qilinishicha, Olmaota, Jambil va Turkiston viloyatlaridagi uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘linmalari tomonidan 22 nafar gumondor ushlangan. Ular orasida tibbiyot xodimlari, notariuslar, retsipiyentlar va donorlar borligi aytilmoqda. 

Ular retsipiyent va donorlarni izlash, qalbaki hujjatlarni tayyorlash noqonuniy transplantatsiya operatsiyalarini tashkil etish bilan shug‘ullangan. Bitimlar summasi 6-10 million tengeni (taxminan 150-250 mln so‘m) tashkil etib, sakkizta shunday fakt aniqlangan. Uch nafar asosiy tashkilotchi hibsga olingan. 

Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida gumonlanuvchilardan naqd pullar, hujjatlar, raqamli axborot vositalari va boshqa ashyoviy dalillar olib qo‘yilgan. 

Holat bo‘yicha Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 116-moddasi (Tirik odamning a’zolari va to‘qimalarini transplantatsiya qilish yoki boshqacha tarzda qo‘llash uchun olib qo‘yish yoki qonunga xilof ravishda olib qo‘yish, shuningdek, noqonuniy operatsiyalarni amalga oshirishga majburlash) bilan jinoyat ishi ochilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Gumondorlarga mol-mulki musodara qilingan holda, o‘n ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tahdid solmoqda. 

Mavzuga oid
Top