17:36 / 21.10.2023
11636

“Dengizdan bir tomchi” – Isroil-Hamas urushi boshlanganidan buyon ilk marta G‘azoga humanitar yordam kiritildi

21 oktyabr kuni Misr-G‘azo chegarasidagi Rafah o‘tish joyi ochilib, Isroil qamalidagi G‘azo sektoriga 20 ta yuk mashinasida yordam kirib keldi. Humanitar yordam tarkibida zarur bo‘lgan dori-darmon va oziq-ovqat mahsulotlari bor. Ekspertlar bu yordam juda ozligini hamda hudud uchun yoqilg‘i ham zarurligini aytmoqda.

Foto: Aljazeera

“Bugun kirishi kerak bo‘lgan yordam kolonnasi dori-darmon, tibbiy buyumlar va cheklangan miqdordagi oziq-ovqat mahsulotlari [konserva mahsulotlari] olib ketilgan 20 ta yuk mashinasini o‘z ichiga oladi”, deya Hamas matbuot idorasi so‘zlarini keltirmoqda Aljazeera nashri.

Ochiq osmon ostida qamalda bo‘lgan falastinliklar uchun bu zarur, shu bilan birga juda oz miqdordagi yordam hisoblanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil taxminan 3 ming tonnalik yordam olib ketayotgan 200 dan ortiq yuk mashinalarini bir necha kundan beri G‘azoga kiritmay turibdi.

BMTning Favqulodda yordam bo‘yicha koordinatori Martin Griffits ushbu yordamni olqishlab, uni amalga oshirish uchun “chuqur va shiddatli muzokaralar” o‘tkazishga to‘g‘ri kelganini aytgan.

“Ishonchim komilki, bu yetkazib berish G‘azo aholisini xavfsiz, ishonchli, so‘zsiz va to‘siqsiz oziq-ovqat, suv, dori-darmon va yoqilg‘i bilan ta’minlash bo‘yicha barqaror sa’y-harakatlarning boshlanishi bo‘ladi”, — degan BMT vakili.

Isroil tarafi Misrdan G‘azoga kiradigan yordam yuklari tarkibiga yoqilg‘i kirmasligini ta’kidlagan. Bu esa hududdagi aholi uchun yordamni qiyinlashtiradi. Shifoxonalarni suv va elektr generatorlari bilan ta’minlash uchun ham yoqilg‘i kerak.

Ayni vaqtda G‘azoda yoqilg‘isiz bir nechta shifoxonalar to‘liq ishlamayapti, natijada minglab bemorlar, shu jumladan inkubatorlardagi yangi tug‘ilgan chaqaloqlar hayoti ham xavf ostida qolgan.

“Yoqilg‘i juda muhim, u kelishi kerak. Agar biz odamlarga yordam berishni istasak, bizga yoqilg‘i kerak bo‘ladi,” — dedi UNRWA aloqa direktori Juliyetta Touma.

Aljazeera nashrining yozishicha, G‘azoga bu to‘qnashuv boshlanishidan oldin kuniga 100 ga yaqin yuk mashinasida yordam olib kelingan. Bugungi inqiroz vaqtidagi ushbu 20 ta yuk mashinasi esa dengizdan bir tomchi xolos.

Xalqaro tashkilotlar va ekspertlar ham ushbu kichik yordam karvoni G‘azodagi vaziyatni o‘zgartirmasligini aytgan.

Mavzu
HAMAS–Isroil urushi
7 oktyabr kuni G‘azo bo‘lgasidagi HAMAS kuchlari Isroilga yoppasiga raketa zarbalari berdi va chegaradagi aholi punktlarini egallay boshladi. Bunga javoban Isroil tashkilotga qarshi urush ochdi. Bu safargi eskalatsiya avval kuzatilmagan darajada ko‘p qurbonlarga olib keldi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top