Jamiyat | 13:35 / 23.10.2023
29745
2 daqiqa o‘qiladi

TDTU talabalari oliygoh hovlisida yugurtirilgani aytilmoqda

Toshkent davlat transport universitetining bir guruh talabalari o‘quv formasida universitet hovlisida yugurib yurgani, ular darsga kechikkani uchun shunday jazolangani aytilgan video tarqaldi. OTM bu holat videorolik olish jarayoni bilan bog‘liqligini ma’lum qildi. Rasmiylar hozircha aytilgan videorolikdan parchani taqdim etmayapti.

Videodan kadrlar

Kun.uz ixtiyoriga Toshkent davlat transport universitetining bir guruh talaba yigit-qizlari oliygoh hovlisida jamoa bo‘lib yugurib yurgani aks etgan video kelib tushdi. Unda aytilishicha, talabalar darsga kechikib kelgani uchun jazo sifatida univeritet hovlisida yugurtirilgan. Bu video ijtimoiy tarmoqlarda ham tarqalib ulgurdi.

Universitet holatga rasmiy munosabat bildirib, tasvirga tushib qolganlar universitetning “Yurisprudensiya” yo‘nalishi talabalari bo‘lib, ular videorolik olishayotgan bo‘lgani, bu video ijtimoiy tarmoqlarda boshqacha izoh bilan tarqalib ketganini bildirdi.

Kun.uz univeritet matbuot xizmati bilan bog‘lanib, rasmiy izohda ko‘rsatilgan “Yurisprudensiya” yo‘nalishi talabalari olgan videorolikdan parcha berishni so‘radi. Lekin matbuot xizmati videorolik keyingi oydagi tadbir uchun mo‘ljallangani, hali tayyor emasligini ma’lum qildi.

“Hamma o‘zi guruhi bilan videorolik tayyorlagan. Yakuniy bitta rolik bo‘lmaydi. Videorolik keyingi oy tayyor bo‘ladi. 22 ming talaba, 9 fakultet bor bu yerda. Bu aynan kimning tadbiri, qanaqa tadbir ekanini aniqlab sizlarga xabar qilamiz, – dedi OTM vakili.

Hozircha oliygoh ma’mumuriyati tahririyatga o‘zlari aytgan videodan parcha taqdim etgani yo‘q.

Mavzuga oid