11:30 / 24.10.2023
4251

Germaniyani bomba tahdidi haqidagi yolg‘on xabarlar to‘lqini qamrab oldi

Maktablar, muzeylar va Maynsdagi ZDF telekanali shtab-kvartirasiga bomba tahdidi haqida xabar berilgan. Politsiya bir nechta yirik evakuatsiyalarni amalga oshirdi, biroq haqiqiy xavf aniqlanmadi. 

Foto: CHRISTOPH SOEDER / SCANPIX

23 oktyabr, dushanba kuni Germaniyada turli federal yerlardagi maktablar, shuningdek, ZDF telekanalining Maynsdagi shtab-kvartirasiga bomba qo‘yilgani tahdidi haqida xabarlar kelib tushdi. Xuddi shunday mazmundagi xatlar elektron pochta orqali tarqatildi

Shimoliy Reyn-Vestfaliyaning Myonhengladbax shahrida politsiya ehtiyot chorasi sifatida o‘rta maktabni evakuatsiya qildi. Uning hududida portlovchi moddalar topilmagan. Xuddi shu ssenariy - evakuatsiya va binolarni tekshirish - ko‘plab shaharlardagi maktablarda takrorlandi, ammo hech qanday shubhali narsalar topilmadi. 

Frankfurter Allgemeine gazetasi hisob-kitoblariga ko‘ra, Germaniyaning kamida 11 maktabida tahdidlar haqida xabarlar olingan. Zolingen va Vuppertal (Shimoliy Reyn-Vestfaliya), Mangeym va Karlsrue (Baden-Vyurtemberg), Erfurt (Tyuringiya), Augsburg, Regensburg, Kam (Bavariya), Drezden va Xemnits (Saksoniya) shaharlaridagi ta’lim muassasalari shular jumlasidandir. Yuzlab maktab o‘quvchilari xavf-xatar tufayli darsdan chetlashtirildi. 

ZDF telekanaliga tahdidli xatlar kelib tushdi 

Maktablardan tashqari, Lyudvigsxafendagi (Reynland-Pfals) Vilhelm Hak muzeyiga va Maynsdagi ZDF jamoat teleradiokompaniyasining bosh qarorgohiga tahdidli xatlar yuborilgan. Kompaniya vakilining aytishicha, 600 ga yaqin xodim Mayns-Lerxenberg tumanidagi ZDF majmuasi hududida joylashgan binolarni, jumladan, ma’muriy binoni ham tark etishga majbur bo‘lgan. Voqea translatsiyaga ta’sir qilmadi: politsiya binolarni ko‘zdan kechirdi, shundan so‘ng xodimlar ishga qaytdi. 

Mamlakat bo‘ylab qabul qilingan xatlarning mualliflari hozircha noma’lum. Germaniya Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi tahdidlar Falastin-Isroil mojarosi bilan bog‘liq degan taxminni «sof spekulyativ» deb atadi. 

Bomba haqidagi yolg‘on xabarlar boshqa davlatlarda ham kuzatildi
 
So‘nggi oylarda Germaniya va Yevropada terror tahdidlari haqidagi yolg‘on xabarlar soni ko‘paydi. Misol uchun, sentabr oyida Brandenburg politsiyasiga maktabda bomba borligi haqida xabar kelib tushgan, biroq xavfli obektlar topilmagan. Qo‘shni Fransiyada aeroportlar va Luvr muzeyi evakuatsiya qilindi. Versal saroyi sakkiz kun ichida yetti marta evakuatsiya qilindi. 

Top