Jamiyat | 15:24 / 24.10.2023
29787
11 daqiqa o‘qiladi

Zamonaviy kasallik: raqamli ko‘z zo‘riqishida nima qilish yoki qilmaslik kerak?

Ko‘z qurishi, ko‘zda ortiqcha narsa bordek his qilish, qizarish, qichishish, xira ko‘rishni boshlash – bular 21-asr kasalligi raqamli ko‘z charchashi belgilaridir. Ekranlarga uzoq termilish sabab bugun ko‘z kasalliklari yosharib boryapti. Smartfon, noutbuklardan doimiy foydalangan holda, ko‘z nurini asrash mumkinmi va bu uchun nima qilish kerak?

Toshkent metrosida edim. Poyezd qancha oldin ketganini bilish uchun elektron tabloga qaradim. 20 metrcha masofada bo‘lsam ham tablodagi raqamlarni aniq ko‘ra olmadim. Qizig‘i, bundan bir yil oldin metroning oxiri, vagoni to‘xtagan joydan ham elektron tablodagi raqamlarni o‘qiy olardim. Bu holat jiddiy xavotir uyg‘otib, ko‘z shifokoriga yugurdim. Shifokorning aytishicha, menda ko‘z yosh yetishmasligi boshlanib, natijada ko‘zim uzoqni oldingidek yaxshi ko‘rmayapti. Bu qanday paydo bo‘ldi, ko‘z qurishi, ko‘zda ortiqcha narsa bordek his qilish, qizarish, qichishish, xira ko‘rish sizda ham kuzatilganmi?

Raqamli ko‘z zo‘riqishi nima degani?

Ko‘z shifokorlari cmartfon va kompyuter ommalashganidan keyin digital eye strain – raqamli ko‘z zo‘riqishi atamasining ommalasha boshlaganini aytadi. Yoki buni computer vision syndrome – kompyuter ko‘rish sindromi ham deb atash mumkin. Bu atamalar oxirgi 20 yilda ko‘p tilga olinyapti. Bu nima ma’noni anglatadi, belgilari qanday?

Raqamli ko‘z zo‘riqishi raqamli qurilmalardan uzoq vaqt foydalanish natijasida paydo bo‘ladigan kasallik. Bunday hollarda ko‘zlarning qurib qolishi, qichishish, ko‘zda begona jism kirib qolganday his qilish, ko‘z yoshlanishi, ko‘rishning xiralashishi va bosh og‘rig‘i kabi belgilar kuzatiladi. Shu bilan birga bo‘yinning qotib qolishi, bel og‘rig‘i ham raqamli zo‘riqishning belgilari bo‘la oladi. Tahlillarga ko‘ra, bu belgilar ayniqsa pandemiya davrida 5 foizdan 65 foizgacha o‘sgan. Xo‘sh, O‘zbekistonda-chi, ko‘z shifokorlariga murojaat oxirgi 5 yilda ko‘payganmi?

Ha, ko‘paygan!

O‘zbekistonda ko‘z kasalliklari bilan bog‘liq murojaatlar haqida Respublika ko‘z kasalliklari klinik shifoxonasi bosh shifokori Otabek Ikromov ma’lumot berdi. Uning aytishicha, oldin ko‘z kasalliklari, masalan katarakta operatsiyasi 60 yoshdan boshlab qilingan bo‘lsa, hozir ko‘z kasalliklari 35-40 yoshda ham rivojlanyapti.

Oftalmologiya sohasida yildan yilga kasalliklarning oldini olishga qaratilgan diagnostikalar mukammallashib ketyapti. Shu bilan birga raqamli kasalliklarning ham o‘z navbatida ko‘payishi kuzatilmoqda. Bu, albatta, kompyuter texnologiyalari hayotimizga kirib kelishi hisobiga bo‘lyapti”, – deb tushuntiradi Ikromov.

Shuningdek, shifokor oxirgi vaqtda bemorlar ko‘zda doim qadalish, yot jism borligini his qilishdan shikoyat qilayotgani, bolalarda ko‘z olmasining normadan tez o‘sishi ham kuzatilayotganini aytadi.

“Buni maxsus indikatorlar bilan tekshirganimizda ularda ko‘z yosh yetishmasligi aniqlanadi. Bu ba’zi hollarda ko‘zdagi yaralarning tez bitmasligiga ham sabab bo‘lyapti”, – deydi u.

Nega ekranlar ko‘zga yomon ta’sir qiladi?

Kino ko‘rish yoki o‘yin o‘ynash kabi uzoq davom etadigan mashg‘ulotlar insonning ekranga ko‘z uzmasdan qarab turishiga sabab bo‘ladi. Normal ko‘zlar 1 daqiqada 15-18 martagacha kiprik qoqib, o‘zini namlab turishi kerak.

Diqqat bir joyda bo‘lgandan keyin ko‘z yummasdan qaraladi. Buning oqibatida ko‘z olmasida har xil o‘zgarishlar, shox pardada qavariqlik, ko‘z yoshi yetishmasligi yoki ko‘z shox pardasi qurib qolishi mumkin”, – deydi oftalmolog.

Bundan tashqari, kechqurun chiroqsiz qorong‘i xonada ekranlarga termilish ham ko‘z kasalliklarining asosiy sabablaridan biri. Shifokorning tushuntirishicha, telefonda chiqadigan nur ham ko‘zga, ham markaziy nerv sistemasiga ta’sir qiladi. “Ko‘z olmasi miyaning tashqariga chiqqan qismi hisoblanadi. Markaziy nerv sistemasida bo‘ladigan narsalarning hammasi ko‘zda bo‘ladi. Ko‘zga birdan yorug‘lik tushib, birdan reaksiya berdimi, bunga markaziy nerv sistemasi ham befarq bo‘lmaydi. Shundan keyin har xil kasalliklar rivojlanishi mumkin”, – deydi u.

Amerikaliklarning 77 foizida ko‘z charchashi bor

Odamlar necha soatini ekranlarga qarab o‘tkazayotgani bo‘yicha O‘zbekistondagi statistikalar topilmadi. Bugungi kun raqamli ekran qiyofasi haqida tasavvur paydo bo‘lishi uchun AQSh olimlari o‘tkazgan tadqiqotga qarash kifoya. Unga ko‘ra, 93,5 foiz odam kuniga 2 soatdan ortiqroq ekranga qaraydi. Va ularning 77 foizida ko‘z charchashi kasalligi boshlangan. 32,8 foiz odam ko‘z zo‘riqishi, 32,7 foizi bo‘yin og‘rishi, 24 foizida bosh og‘rig‘i, 23,3 foizida xira ko‘rish, 22,8 foizida ko‘z qurishidan shikoyat qilgan. Har 10 kishidan 6 nafari eng kamida 9 foiz vaqtini ekranlarga qarash bilan o‘tkazadi.

Shuningdek, eng ko‘p foydalanadigan raqamli vositalar ham o‘rganib chiqilgan: 78 foiz kishi televizor, 74 foizi smartfon, 60 foizi leptop, 52 foizi kompyuter va 15 foizdan ko‘prog‘i videoo‘yinlarga qarashi aniqlangan.

30 yoshgacha bo‘lganlar boshqa yosh guruhlari bilan solishtirganda raqamli ko‘z zo‘riqishi belgilaridan eng ko‘p (73%) aziyat chekadi. Bel og‘rig‘i yoki bo‘yin og‘rig‘idan ayollar erkaklarga qaraganda 7 foizga ko‘proq shikoyat qilishi aniqlangan.

Ko‘zoynaklar foyda beradimi?

Oftalmolog Ikromovning aytishicha, ha. Kompyuterdan himoya ko‘zoynaklari nurlarni qaytaradi. Ulardan foydalanib, bu jarayonni ma’lum bir miqdorda cho‘zish mumkin. Bunda ko‘zoynakdan foydalanib, 30-40 minut ishdan keyin tanaffus qilinsa, ko‘z bilan bog‘liq muammo bo‘lmaydi. Shifokor mutaxassis bilan uchrashib, qanday ko‘zoynakdan foydalanish bo‘yicha tavsiya olish kerakligini alohida ta’kidladi.

Har bir tibbiyot muassasasining o‘z optikasi bor, o‘shanga kirib, nurlarni qaytarishga mo‘ljallangan, ko‘z olmasining bir-biriga yaqinligiga qarab, o‘lchab, ko‘zoynak tavsiya qilinadi”, – deb tushuntirdi u.

Bundan tashqari, ishlayotganda mashq qildiruvchi ko‘zoynaklardan foydalanish ham foydali. Ular ko‘z muskullari va ko‘zdagi neyronlarni qitiqlab ishlatadi.

Ko‘zlarni charchatmaslik bo‘yicha tavsiyalar

Ko‘z zo‘riqishining qanday oldini olish yoki davolash mumkinligi haqida Kanada ko‘z kasalliklari assotsiatsiyasi bir qancha usullarni tavsiya qiladi.

Muntazam tanaffuslar. Ko‘zlarni charchash va qurib qolishidan saqlash uchun 20-20-20 qoidasiga amal qilish foyda beradi. Bunda 20 daqiqa ishlab, 20 daqiqa ko‘zlarga dam berish va eng kamida 20 fut (6 metr) uzoqlikdagi manzaraga qarab turish tavsiya etiladi.

Kiprik qoqishni esda saqlash. Ekranlarga qarab turganda ko‘z yuzasi qurib qoladi, chunki kam kiprik qoqamiz. Kiprik qoqish ko‘zni namlantirib, qurib qolishdan saqlaydi.

Ko‘z tomchilari. Shifokor bilan maslahatlashgan holda turli ko‘z tomchilaridan foydalansa ham bo‘ladi.

Ekran yorug‘ligi va o‘lchami. Ekran yorug‘ligini sozlash ham foyda beradi. Qolaversa, ekranni barmoq izlari va changlardan tez tez tozalab turish kerak. Chunki bu ikkisi ham ekranni xiralashtirib, vizual ravshanlikka raxna soladi. 

Ekranning shrift o‘lchami, kontrasti va yorqinligini ko‘zingizga qulaylashtiring. Misol uchun, o‘qish uchun juda kichik bo‘lsa, shrift hajmini oshiring va ekran yorqinligini atrofga moslang. Kompyuterlar uchun ekranni ko‘zlaringizdan qo‘l uzunligidan (>50 sm) uzoqroq joylashtiring.

Ko‘z uchun muhim mashqlar

Bundan tashqari, Otabek Ikromov o‘zi sinovdan o‘tkazgan ayrim usullari bilan ham bo‘lishdi.

Yana bir yaxshi yo‘li – stol tennisi o‘ynash. Bunda ham ko‘z gimnastika qiladi, ham himoya vositasi oshib, ko‘z muskullari yaxshi rivojlanadi. Avvalo o‘tirgan odamning qon aylanishi yaxshi bo‘lmaydi. Shuning uchun kabinetda hech bo‘lmasa ko‘z tushadigan biror rasmni osib qo‘yib, o‘shanga qarab turish yoki xonani toza havo bilan shamollatib, 5-10 marta aylanish ham qon aylanishini, ham ko‘rishni yaxshilaydi”, – deydi u.

Shuningdek ko‘zlar uchun ayrim mashqlardan foydalanish ham samarali. Masalan, ko‘zni yumib ochish, ko‘z olmasini harakatga keltirish, ko‘z muskul apparatining harakatini yaxshilaydi.

Barmog‘ingizni ko‘zlaringizdan bir necha santimetr uzoqlikda ushlab turing va diqqatni unga qarating. Keyin diqqatni uzoqqa qarating, so‘ngra barmog‘ingizga qayting. Buni bir necha marta takrorlang. Yoki ko‘zingizni yuming, ularni shiftga, so‘ngra polga qarab aylantiring. O‘ngga, keyin chapga qarang. Ushbu mashqlar ko‘z charchoqlarini yengillashtirishga yordam beradi”, – deb tushuntirdi Ikromov.

Yuqoridagi tavsiyalarga, albatta, amal qiling. Chunki pulni shifokorga sarflab yurgandan ko‘ra, yig‘ib tezroq sayohat qilish yaxshi variant.

Zuhra Abduhalimova, jurnalist

Mavzuga oid