17:53 / 27.10.2023
55242

«Mobil qullik» bekor qilindi. Raqamni saqlagan holda mobil operatorni qanday o‘zgartirish mumkin?

Dastlabki bosqichda jismoniy shaxslar o‘zi o‘tishni xohlagan mobil aloqa operatori ofisiga tashrif buyurgan holda murojaat etadi hamda mobil raqami ko‘chirilgan yangi sim kartani olib ketadi.

Foto: Yandeks-xarita

27 oktyabr kuni «ICTWEEK UZBEKISTAN — 2023» axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi doirasida O‘zbekiston Respublikasi mobil aloqa tarmoqlarida abonent raqamini ko‘chirish xizmati (MNP) ishga tushirildi.
 
Tizimning qulayligi shundaki, endilikda abonentlar mobil aloqa operatorlarining xizmat ko‘rsatish sifatiga qarab istalgan kompaniyani tanlashi mumkin. Bu jarayonda mobil aloqa abonentlariga ular boshqa operatorga ko‘chganda o‘z abonent raqamini saqlab qolish imkoniyati taqdim etiladi. Bu raqam yo‘qotilishining oldini olishi hamda aloqa operatorlari tomonidan raqam resurslaridan yanada oqilona foydalanilishiga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan.

Hozirgi kunda O‘zbekistonda Beeline, Mobi.uz, Ucell, UZTELECOM, Humans kabi 5 ta mobil aloqa operatori faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular tomonidan mijozlarga mobil aloqa xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda. Agar xizmatdan foydalanib, mobil aloqa operatori o‘zgartirilsa, ko‘chirilgan raqamlar o‘z shaklini va ko‘rinishini saqlab qoladi.

Raqamni saqlagan holda kompaniyani o‘zgartirish quyidagi 4 bosqichda amalga oshiriladi.

1-bosqich

Telefon raqamni boshqa uyali aloqa operatoriga ulash uchun yangi kompaniya ofisiga ariza bilan murojaat qilinadi. Bunda raqam rasmiylashtirilgan shaxsni tasdiqlovchi hujjat (pasport, ID-karta, haydovchilik guvohnomasi, harbiy guvohnoma)ni olib borish lozim.

Ayni vaqtda raqamni onlayn o‘zgartirish imkoniyati mavjud emas.

2-bosqich

Ariza berilgan vaqtdan boshlab, agar barcha shartlar bajarilgan bo‘lsa, raqamni ko‘chirish jarayoni 10 daqiqagacha davom etadi. Tasdiq javobidan so‘ng xizmat uchun to‘lov amalga oshiriladi.

Bir martalik to‘lov abonent o‘tayotgan operatorga to‘lanadi, to‘lov miqdori har bir mobil aloqa operatori tomonidan mustaqil belgilanadi. Hozirda aksar kompaniyalarda mazkur xizmat uchun o‘rtacha 60 ming so‘m miqdorida to‘lov belgilangan.

3-bosqich

Operator abonent arizasini qabul qiladi, u bilan yangi kelishuv tuzadi va abonentga vaqtinchalik raqamga ega yangi SIM-karta topshiradi. Vaqtinchalik raqam nazarda tutilgan operatorga biriktirilgan raqamlar to‘plamidan tanlab beriladi, yangi SIM-karta esa abonent tomonidan arizada ko‘rsatilgan tarif rejasiga ulangan bo‘ladi.

Kelishuv tuzilgan vaqtda vaqtinchalik raqamga ega SIM-karta faol bo‘ladi va abonent uning raqami faktga ko‘ra yangi operatorga o‘tkazilguniga qadar ham yangi aloqa operatori (resipient-operator) xizmatlaridan foydalanishi mumkin.

Raqamni yangi operatorga o‘tkazish arizasi rad qilinganda, abonent o‘ziga berilgan SIM-karta orqali resipient-operator xizmatlaridan foydalanishda davom etishi mumkin.

Raqam yangi operatorga muvaffaqiyatli o‘tkazilganda, resipient-operator SIM-kartadagi vaqtinchalik raqamni abonent arizasida o‘tkazilishi lozim deb ko‘rsatilgan raqamga o‘zgartiradi. Raqamni boshqa mobil operatoriga ko‘chirish 8 ish soatidan ortiq bo‘lmagan vaqt talab qiladi.

4-bosqich

Yangi operator (resipient-operator) abonentni uning raqamini boshqa operatorga ko‘chirish jarayoni muvaffaqiyatli yakunlangani haqida operatori o‘zgartirilgan raqam SIM-kartasiga SMS yuborish orqali xabardor qiladi. Operator cheklanmagan sonda almashtirilishi mumkin, ammo dastlabki ko‘chirish vaqtidan kamida 30 kun o‘tgan bo‘lishi lozim.

Raqamni ko‘chirish borasidagi ariza bir qancha sabablarga ko‘ra rad etilishi mumkin:

1-sabab: agar arizada ko‘rsatilgan ma’lumotlar oldingi operatordagi ma’lumotlarga (raqam, FISh, pasport ma’lumotlari) mos kelmasa, ariza rad etiladi (Yechim: oldingi operatorning sotuvlar va xizmatlar bo‘limiga murojaat qilib, undagi ma’lumotlarni to‘g‘rilash, so‘ng raqamni ko‘chirish arizasi qayta topshiriladi).

2-sabab: oldingi operator oldida qarzdorlik mavjud (Yechim: qarzdorlikni istalgan usulda so‘ndirish, so‘ng boshqa operatorga o‘tish arizasini uning ofislaridan birida takroran topshirish lozim).

3-sabab: raqam oxirgi marta ko‘chirilganidan keyin 30 kundan kam muddat o‘tgan bo‘lishi. (Yechim: 30 kunlik muddat tugashini kutish va raqamni ko‘chirish bo‘yicha arizani takroran topshirish).

4-sabab: SIM-karta yo‘qolgani, sud qaroriga ko‘ra yoki oldingi mobil aloqa operatori xizmatlari uchun haq to‘lanmagani sababli raqam bloklangan bo‘lsa ariza rad etiladi (Yechim: operator ofisga murojaat qilib, raqamni blokdan ochish va ko‘chirish haqida takroran ariza berishi lozim).

Top