21:43 / 28.10.2023
17854

Qozog‘istondagi ko‘mir konida yuz bergan falokat sabablari ma’lum bo‘ldi

Dastlabki xulosalarga ko‘ra, avariyaga metan gazining portlashi sabab bo‘lgani aytilmoqda.

Foto: Getty Images

Qozog‘istonning Qarag‘anda viloyatidagi Kostenko ko‘mir konida sodir bo‘lgan yirik avariyaga yong‘in va undan keyin metan gazining portlashi sabab bo‘lgan. Bu haqda viloyat hokimi Yermaganbet Bulekpayev xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 28 oktyabr kuni shaxtada yong‘in chiqqan, so‘ngra metan-havo aralashmasi portlagan. Bulekpayev so‘zlariga ko‘ra, portlash vaqtida shaxtada qolgan 13 kishining taqdiri hozircha noma’lum, ularni qidirish ishlari davom etmoqda.

Qutqaruvchilar markaziy shtabining Qarag‘anda bo‘limi direktori Gennadiy Silinskiy portlashdan keyin yuzaga kelgan zarba to‘lqini zilzila markazidan ikki kilometr uzoqlikda tarqalib, keng ko‘lamli oqibatlarga olib kelganini ta’kidladi.

«Portlash kuchi shunday katta ediki, g‘arbiy va sharqiy bloklardagi telekommunikatsiya tizimi ishdan chiqdi», dedi Silinskiy.

28 oktyabr kuni tunda Kostenko nomidagi ko‘mir konida portlash sodir bo‘ldi. Shaxta ichida 252 kishi bo‘lgan, ularning 208 nafari yer yuziga chiqqan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lganlar soni 33 nafarni tashkil qiladi. Qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda.

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev fojia sababli 29 oktyabrni mamlakatda umumilliy motam kuni deb e’lon qildi.

Mavzuga oid
Top