20:55 / 31.10.2023
19656

Frontdagi vaziyat: Ukraina Avdiyivka bo‘yicha bir qarorga kelishi kerak

Ukraina qurolli kuchlari Avdiyivka mudofaasi uchun boshqa yo‘nalishlardan qo‘shimcha kuchlar yuborishi talab etiladi. Bu esa janubda shusiz ham susaygan yurishlarni to‘xtatishga rozi bo‘lishni anglatadi. Bu vaqtda G‘arb muvaffaqiyat namoyish etmayotgan armiyani moliyalashtirishda davom etish borasida o‘ylanib qolgan.

Rossiya harbiylarida so‘nggi bir yil ichida Baxmut va Soledardan so‘ng nisbatan yirik uchinchi aholi yashash manzili Avdiyivkani egallash imkoniyati paydo bo‘lgan. Ukraina QK hozircha Dniproning so‘l qirg‘og‘ida muvaffaqiyatini rivojlantira olmayapti. Bu voqealar fonida G‘arbda Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etish borasida keskin munozaralar paydo bo‘lgan.

Ukrainalik harbiy xizmatchilar frontda. Foto: Volodimir Zelenskiyning Telegram kanali

Germaniyaning Bremen universiteti qoshidagi Sharqiy Yevropani o‘rganish markazi ilmiy xodimi Nikolay Mitroxin Ukraina frontida so‘nggi hafta ichida sodir bo‘lgan voqealarni tahlil qildi.

Avdiyivka birinchi planga chiqdi

Frontdagi vaziyat yetarli tarzda statik ko‘rinish oldi. Tomonlarda sezilarli siljish yoki yangi muhim janglar kuzatilmayapti. Biroq hafta ichida agar prinsipial bo‘lmasa ham, Avdiyivka atrofidagi vaziyat sezilarli darajada o‘zgardi. Uning yo‘qotilishi tobora oydinlashmoqda va Ukraina QKning 2023 yilgi yozgi qarshi hujum kampaniyasining barcha natijalarini yo‘qqa chiqarish bilan tahdid qilmoqda, bu esa Ukrainani 2024 yilda moliyalashtirishga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir o‘tkazishi mumkin.

Avval xalqaro kuzatuvchilar, so‘ngra Ukraina nashrlari RF qurolli kuchlari (turli baholashlarga ko‘ra) ikki ming askari va (fotolar bo‘yicha sanab chiqilgan) yuzdan ortiq texnikasidan ayrilib, Avdiyivkani jiddiy yarim qamal holatiga qamay olishgani va Ukraina ta’minot koridorini yetti kilometr kenglikkacha toraytirishgani (avval 9 km edi)ni ta’kidlashdi. Avdiyivka shimoliy-sharqiy chetidagi kokskimyo kombinatining «terrikoni» 20 oktyabr kuni RF QK tomonidan egallangani shaharni mudofaa qilish imkoniyatlariga jiddiy ta’sir o‘tkazmoqda.

Endi inson qo‘li bilan yaratilgan, diametri 300 metr bo‘lgan yassi tepalik ustidan turib nafaqat shaharning shimoliy qismini kuzatish va o‘qqa tutish, balki kombinatning sanoat zonasiga hujum ham uyushtirish imkonli bo‘lib qoldi. Baxmut va Soledar (avvalroq Severodonetsk va Lisichansk, undan avvalroq Izyum) tajribasidan ma’lumki, Rossiya shturmchi guruhlari shaharga kirgach, garchi qarama-qarshilik oylab davom etsa ham ukrainalik mudofaachilarda shaharni ushlab qolish imkoniyati qolmaydi.

Ukrainalik muxbirlarning so‘nggi kunlarda e’lon qilgan fotosuratlariga qaraganda Avdiyivkaning hozirgi holati bir yarim yildan buyon o‘qqa tutilayotgan va bombalanayotgan shahar uchun yaxshi saqlanib qolgan. Ukraina QK u yerda hali uzoq jang qilishi mumkin edi.

Biroq, Rossiya qo‘shinlarining ham shimol, ham janubdan bir necha yo‘nalishlarda ilgarilashi Baxmutdagi singari yagona ta’minot yana bitta yordamchi yo‘lni qoldirmoqda. Agar Rossiya qo‘shinlari yana har ikki tomondan 1 kilometrga oldinlasa, Ukrainaning barcha kommunikatsiyalari to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘rinish masofasiga keladi va ayniqsa kunduz kunlari o‘t ochish bilan kafolatli yo‘q qilinadi. Shunday vaziyat Baxmutning yo‘qotilishiga olib kelgan edi.

Ukraina QK o‘tgan hafta davomida bu hududda ruslarning oldinga siljishiga qarshi turishga urinib ko‘rdi, ayniqsa RF QKning shimoliy «qisqichi»ni shimoldan, o‘z mudofaasi qa’ridan hujum qilib kesib tashlashga harakat qildi. Biroq bu urinishlar muvaffaqiyatsiz yakunlangan.

Ukrainalik jangchi. Foto: Volodimir Zelenskiyning Telegram kanali

Rossiya tomoni (hali tasdiqlanmagan) ma’lumotlariga ko‘ra, 28 oktyabr kuni Ukraina QK o‘zining operativ shtablarini Avdiyivkadan olib chiqqan. Bu chindan yuz bergan bermaganini aytish qiyin, biroq Ukraina nashrlari tomonidan qurolli kuchlarning shahardagi nochor ahvoli tan olinishi – jamoatchilik fikrini muhim va yirik shahar topshirilishiga tayyorlayotgandek. Amerika harbiylari shu hafta ichida Rossiya qo‘shinlari operativ muvaffaqiyatlarga erishishi mumkinligini qayd etishdi.

Rossiyaning Avdiyivka atrofidagi amaliyoti taqdiri kuchlar nisbatiga bog‘liq: Rossiya qo‘shini Ukraina qurolli kuchlari ta’minoti olib o‘tiladigan Lastochkino qishlog‘i tomon yana bir necha kilometr yaqinlashishi talab etiladi, ammo har bir metr uchun katta qurbonliklar berilmoqda, shu tufayli zaxira kuchlarni jangga olib kelish talab etiladi — bunaqasi so‘nggi yil davomida ikki tomonning amaliyotlarida ko‘p bor kuzatildi — bu esa hujum qilish salohiyatini tushiradi.

Boshqa tomondan, Ukraina qurolli kuchlari uchun ham vaziyat o‘ta xavfli, shuning uchun, qo‘mondonlik Avdiyivkani saqlab qolishni istasa, qanotlarni nisbatan kattaroq kuchlar bilan mustahkamlashi kerak bo‘ladi. Bu esa, katta ehtimol bilan, Orixiv yoki Baxmut atrofidagi guruhlarni kuchsizlashtirish evaziga bo‘ladi. Bu mazkur yo‘nalishlarda yurishlarni davom ettirishdan voz kechishni anglatadi.

Avdiyivkaning yo‘qotilishi Ukraina QK 1991 yilga chegaralarga chiqish yoki kamida mamlakat janubi va Qrimni ozod qilishdek o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga yetisha olmasligi xususida birtomonlama baholashga sabab bo‘lishi mumkin. G‘arbdan ulkan miqdorda texnika yetkazilganiga qaramasdan yozgi qarshi hujum kampaniyasi barbod bo‘lgan. Texnika va tayyorgarlik o‘tgan brigadalar hamon kurash davom etayotgan Zaporijjya frontidagi besh oylik qarshi hujum asnosida kuydirib yuborilgan.

Rossiya ma’lumotlariga ko‘ra, 26 oktyabrning o‘zida Ukraina QK Rabotine (Orixivdan janubda) hududida Kopani qishlog‘iga qanotdan hujum qilish chog‘ida bir nechta «Leopard» tanklari va «Bredli» zirhli transportyorlaridan ayrilgan.

Nazariy jihatdan bu hujumlar muvaffaqiyatga olib kelishi mumkin edi, chunki Rossiyaning tayyorgarlik ko‘rgan mudofaasining ro‘parasidan emas, qanotlaridan zarba berilgan. Biroq u ham muvaffaqiyatsiz tugagan va Ukraina QKning Rabotineda olib borayotgan hujumi asnosida RF QK qanot mudofaasini tashkillashtirish uchun yetarli vaqtga ega bo‘lgan, Kopaniga jiddiy hujum esa nisbatan yaqinda boshlandi.

Agar Kopanida Ukraina QKga omad kulib boqqanida ham bu ukrainalik harbiylarning bosh vazifasi — RF QKning mudofaa chiziqlarini yorib o‘tish va kelgusida dushman orti tomon chuqurlashishga yordam bera olmas edi. Rabotine — Kopani «Surovikin chizig‘i»ning birinchi va asosiy bo‘lmgan mudofaa istehkomlarining kichik bir uchastkasi hisoblanadi. Xaritalarga ko‘ra ikkinchi va qudratliroq chiziq bir necha kilometr janubda joylashgan. Uning ortidan uchinchi va to‘rtinchisi ham turibdi, shuningdek, muhim aholi punktlari atrofida mudofaa tugunlari va Rossiya mudofaasining boshqa yashirin sirlari ham bor.

Xullas, 2023 yil yakunlariga ko‘ra Ukraina QKning Zaporijjya frontidagi muvaffaqiyatsizligi fonida Ukrainaning bir paytlar muhim iqtisodiy ahamiyatga ega va yetarli tarzda yirik shaharlari Avdiyivka, Baxmut va Soledar vayronalarining egallanishi Rossiyaning «erishgan muvaffaqiyati» bo‘ladi.

Bundan Ukraina QKning g‘arb tomonidan faol moliyalashtirilishi va qurol-yarog‘ yetkazib berilishi okkupatsiya ostidagi hududlarni ozod qilish uchun rejalashtirilgan keng ko‘lamli qarshi hujum uchun yetarli bo‘lmagani kelib chiqadi. Bunga sabab Ukrainaning Zaporijjya frontidagi qarshi hujumi muvaffaqiyatsizlikka uchragani va Rossiya qarshi hujumining xavfliligini o‘z vaqtida payqay olish qobiliyatiga ega bo‘lmagani, Baxmut, Soledar va Avdiyivka kabi kritik muhim uchastkalarda mudofaa uchun qo‘shinlarni to‘play olmagani bo‘lgan. Bu holatda Kupyansk ham qil ustida turibdi, u yerda ham istalgan vaqtda Rossiya armiyasi front chizig‘ini yorib o‘tishi mumkin.

G‘arb siyosatchilarida muvaffaqiyat namoyish eta olmayotgan Ukraina armiyasini avvalgi hajmlarda qurollantiraverish kerakmi yoki ishni sulh tuzish tomon yetaklash lozimmi, degan savol paydo bo‘lmoqda. Boz ustiga, dunyoda urush kamaymayapti, endi g‘arbdan yordam faqat Ukrainaga emas, Isroilga ham kerak. G‘arb qonun chiqaruvchilari kelgusi yil uchun budjet taqsimlashda mana shular haqida o‘ylamoqda. Xususan, AQShda Ukraina mudofaasini moliyalashtirish budjet protsedurasidan ajratib olingan va alohida o‘tkaziladi.

Biroq Avdiyivkaning egallanishini katta muvaffaqiyat deb atamayotganlar ham bor. Rossiya tomonidan frontdagi vaziyat bilan tanish bo‘lganlar Avdiyivka katta harbiy ahamiyatga ega emasligi, uni shturm qilish mohiyatan Putinning saylovoldi kampaniyasi uchun siyosiy aksiya, degan fikrda.

Ukraina QK hozircha Dniproning so‘l qirg‘og‘ida muvaffaqiyatini rivojlantira olmayapti

Salbiy effektni Ukraina QKning Dnipro daryosining so‘l qirg‘og‘idagi muvaffaqiyatli ilgarilashi yo‘q qilishi mumkin edi. Buning uchun imkoniyatlar ham bordek ko‘ringandi. Ukraina desantlari oktyabr oyida Xersondan boshlab sohil bo‘ylab 20 kilometrcha masofani egallagan. Dinamikaga ko‘ra, ular daryo o‘zanidagi orollarning qariyb barchasi va Nova Kaxovkadan pastroqda so‘l qirg‘oqdagi qayirlarning katta qismini nazorat qilishmoqda. Ikki haftacha avval so‘l qirg‘oqda keng ko‘lamli desant operatsiyasini rad etgan Ukraina nashrlari ham hafta oxiriga kelib g‘arb manbalariga tayangancha uni tan ola boshlashdi.

ISW’ning Dnipro daryosi so‘l qirg‘og‘ida Ukraina QK platsdarmi hosil bo‘lganini ko‘rsatuvchi xaritasi (och havorang zona). Foto: Urushni o‘rganish instituti

Biroq bir vaqtning o‘zida ma’lum bo‘ldiki, 17 oktyabr kuni bir qator joylarda va qayirlarda muvaffaqiyatli tushgan va sohilga yaqin qishloqlarda pozitsiyalarni egallagan desant Alushka va Nova Kaxovkani bog‘lovchi asosiy yo‘l bo‘ylab o‘tgan Rossiya mudofaa chiziqlarini yorib o‘tolmagan va muvaffaqiyatini rivojlantira olmagan.

Bir joyda (qirg‘oq chizig‘idan 4 km ichkarida) ular bu yo‘lni kesib o‘tishga muvaffaq ham bo‘lishgan, biroq yo‘l va qirg‘oq chizig‘i o‘rtasidagi ko‘plab qishloq va posyolkalar hamon RF QK nazoratida qolmoqda. Shuningdek, bir qator joylarda Ukraina QK chekinishga majbur bo‘lgan. Yoki yo‘qotishlarga uchragancha sezilarli muvaffaqiyatlarsiz qishloqlarni artilleriya yomg‘iri ostida shturm qilmoqda.

Qayirning o‘ng qirg‘oqdan turib o‘qqa tutish mumkin bo‘lgan qismida (aftidan, ko‘psonli) desant tushirishni ta’minlab, Ukraina QK u yerga yengil zirhlangan texnika va dala artilleriyasini olib o‘tishga ham qodir bo‘lmagan. Binobarin, desantning ahvoli hozircha u tushirilgan juda ko‘p joylarda barqaror ko‘rinish olmagan. So‘l qirg‘oqdagi yirik aholi punktlarini 10 kun ichida egallashga muvaffaq bo‘linmagan. Shu sababli hozir qarama-qarshilik chizig‘i o‘tgan Oleshkida Ukraina Zaporijjya fronti va Donbassdagi imijli yo‘qotishlarni qisman kompensatsiya qilishidan umid qilib turilibdi.

Qora dengizda Ukraina QKning yangi g‘alabasi

Dengizda Ukraina QK navbatdagi g‘alabani qo‘lga kiritdi. 27 oktyabr kuni Sevastopolga reyd uyushtirishda bonli to‘siqlar tashqarisida suvosti droni bilan Rossiyaning eng yangi minalarga qarshi 33 metr uzunlikdagi «Vladimir Kozitskiy» kemasiga talafot yetkazilgan. Mashina bo‘lmasiga zarar yetkazilgach, kema bandargohga buksir yordamida tortib ketilgan.

Oleg Tsaryovga suiqasd

27 oktyabrga o‘tar kechasi Ukraina Oliy Radasining sobiq deputati, rossiyaparast ayirmachilarning eng mashhur yetakchilaridan biri Oleg Tsaryovga Qrimda hujum uyushtirildi. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, unga ikki bor o‘q uzilgan va u ko‘p qon yo‘qotib, kasalxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Oleg Tsaryov. Foto: RIA Novosti

Ukraina nashrlari «UXXdagi manbalari»ga asoslanib, ertasi kuni bu 2022 yilda Kiyev okkupatsiya qilinsa muhim rolni o‘ynashi kerak bo‘lgan oliy martabali xoinga qarshi anchadan buyon ov qilayotgan Ukraina maxsus xizmatlari o‘tkazgan operatsiya ekanini yozib chiqishdi.

RF FXX esa o‘z navbatida Zaporijjya oblastida ukrainaparast telegram-kanallarning yashirin administratorlar tarmog‘i yo‘q qilingan haqida hisobot berdi. Go‘yoki, ularning ortida Ukraina mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi xodimi turgan. Yana bir holatda ta’kidlanishicha, gumonlanuvchini ushlash otishma bilan tugagan va gumondor o‘ldirilgan.

Havo jangi: ATACMS’ning yangi muvaffaqiyatli hujumlari

Rossiya dronlari va raketalari hujumi noqulay ob-havo sharoitida va qish ostonasida Ukraina energiya tizimiga yopirilma zarbaga tayyorgarlik ko‘rilayotgani ehtimoli bois past darajada qolmoqda. RF bir oydan buyon Ukrainaga «havo-yer» tipidagi raketalar bilan zarba bermayapti. Zarbdor dronlarning hujumlari sentabrdagi 25-30 drondan iborat guruh o‘rniga 5-6 talik guruhga almashgan. Lekin shunga qaramasdan, 25 oktyabr kuni RF QK murakkab yo‘nalishlar bo‘ylab Ukrainaning markaziy hududlariga kurib borib, Xmelnitskiy oblastining AES joylashgan Slavuta shahrida Ukraina QKning yirik arsenaliga zarba berishga muvaffaq bo‘lgan. Rossiya telegram-kanallarida bu hududda ro‘y bergan yirik portlash tasviri tarqatilgan, tasvirlardan ko‘rinishicha takroriy detonatsiya ham ro‘y bergan.

Bunga javoban 26 oktyabr kuni Ukraina QK uchta dron yordamida Kursk AESiga hujum uyushtirgan. Ulardan ikkitasi radioelektron kurash tizimlari ishga tushirilib qulatilgan, uchinchisi esa yadroviy chiqindilar omboriga borib urilib, uning fasadini zararlagan.

Shu kunning o‘zida kechqurun Ukraina QK 36 ta dron yordamida Qrimdagi Yevpatoriya shahrida sohilga hujum uyushtirgan. Rossiya tomoni ularning barchasi urib tushirilganini ma’lum qilgan. Bu yarimorolga bu kabi yirik hujumlardan biri. 29 oktyabrga o‘tar kechasi Ukraina pilotsiz uchun qurilmasining hujumi natijasida Krasnodar o‘lkasidagi Afipsk neftni qayta ishlash zavodida yirik yong‘in kelib chiqqan. Bu o‘lka poytaxtidan 16 km uzoqda, Ukraina dronlarining avval nishoniga aylangan dengiz sohilidan ham olisda joylashgan.

Bundan tashqari, 26 oktyabr kuni Amerikaning uzoq masofadagi mo‘ljalni ura oluvchi ATACMS raketalaridan yana foydalanilgan. Rossiya telegram-kanallari xabariga ko‘ra, ikkita raketa yordamida Luhansk oblastida Rossiyaning uchta S-400 zenit raketa komplekslari ishdan chiqarilgan.

Amerika Urushni o‘rganish instituti (ISW) 21 oktyabrdan boshlab jang maydonlarida Rossiyaning «Lanset» kamikadze-dronining nishonni identifikatsiya qila oluvchi yangi versiyasi paydo bo‘lganiga e’tibor qaratdi. Pilotsiz parvoz qurilmasi nishonning turlarini ajarata oladi va bu muvaffaqiyatli zarba imkoniyatlarini oshiradi. Ijyevskda ishlab chiqarilayotgan «Lanset»lar Rossiya tomonidan ommaviy ishlab chiqarilayotgan zarbdor dronlarning eng muvaffaqiyatlisi bo‘lib, quvvati kamligiga qaramasdan Ukraina QKga katta muammolar yarata olmoqda.

Rossiya frontga migrantlarni jo‘natmoqda

Ukraina QK va RF QK o‘rtasida butun yoz mobaynida ro‘y bergan qarama-qarshilik yo‘qotishlar oshishiga olib keldi va safarbarliklarning hozirgi ko‘rinishi ularning o‘rnini qoplay olmaydi. Birinchi safdagi Rossiya siyosatchilari oyiga 200 ming rubl evaziga urushda qatnashish istagida bo‘lganlarning oqimi tugamayotgani xususidagi o‘ktam hisobotlariga qaramasdan, aslida RF QKga Dnipro daryosining so‘l qirg‘og‘ini ushlab turish uchun ham odam yetishmayapti. Keng ko‘lamli ehtimolli qarshi bosqinlarni qo‘ya turing. Avdiyivka hududidagi nisbatan lokal qarshi hujum ham odam yo‘qotishlari borasida juda qimmatga tushmoqda, garchi hozircha Baxmut shturmidan besh karra «arzon» bo‘layotgan bo‘lsa ham.

Rossiya hukumatidagilarda vaziyatni o‘nglash uchun asosiy g‘oya yaqinda mamlakat fuqarosiga aylangan migrantlarni urushga jo‘natish bo‘lmoqda. Bu qonun chiqaruvchilar tomonidan bot-bot eslatilmoqda va amaliyotga joriy qilinyapti ham.

Rossiya Tergov qo‘mitasi ham g‘ayrat bilan ishga kirishgan. Xususan, Tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrikin Bosh harbiy tergov boshqarmasi rahbari Konstantin Korpusovga hududiy boshqarmalar boshliqlariga harbiy komissariatlar bilan Rossiya fuqaroligini qabul qilgan va harbiy xizmatga chaqirilishi lozim bo‘lgan shaxslarni aniqlashda yordam berish vazifasini yuklagan.

Aftidan, ishlar tezroq ketishi uchun u har bir hududiy tergov organida migratsiya sohasida jinoyatlarni surishtiruvchi maxsus bo‘linma ham tashkil qilganga o‘xshayapti. Tergov qo‘mitasi darhol Moskvada harbiy chaqiruvdan qochgan 22 migrantga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini e’lon qildi. «Ular Rossiya fuqaroligini olgani hamono harbiy xizmatga chaqirilishi kerak bo‘lgan», — deb xabar bergan idora. Rossiyaning 80 dan ortiq yangi fuqarolari Tergov qo‘mitasi tomonidan armiyaga jo‘ntilgan. Bundan tashqari, Moskva tergov qo‘mitasi xodimlari harbiy komissariatlar bilan birga yaqinda Rossiya fuqaroligini olgan, biroq komissiyaga kelmagan chaqiriluvchilarni topish uchun ularning shaxsiy delosini o‘rganib chiqishmoqda. Shuningdek, harbiy xizmatdan qochganlarning Rossiya Federatsiyasi fuqaroligiga ega bo‘lishi qonuniyligi ham tekshirilmoqda.

Moskva hududida masjidga juma namoziga borgan insonlar ham armiyaga ushlab ketilmoqda. Bunday sarfarbarlik amaliyoti yangi fuqarolarga nisbatan ksenofobik munosabatda bo‘lgan Rossiyaning asosiy aholisida norozilik potensialini kamaytirishga qaratilgan.

Eslab o‘tish joyizki, urushni qo‘llovchi auditoriya o‘rtasida mashhur «Ribar» telegram-kanali ruslar frontda jon berayotgan bir paytda migrantlar front ortida turli jinoiy bemazagarchiliklar bilan shug‘ullanayotgani to‘g‘risidagi narrativni ilgari surib keladi.

Ukrainada ham yangi safarbarlik borasidagi kampaniya tezlashmoqda. Agar avval Ukraina nashrlari harbiylarning «biz front ortida insonlar tinch yashashi uchun jang qilmoqdamiz» kabi liberal fikrlarini ko‘p translatsiya qilgan bo‘lsa, uch oy ichida pozitsiya «nega birovlar jang qilyapti, boshqalar esa yo‘q»qa o‘zgargan.

Radaning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha qo‘mitasi a’zosi Sergiy Raxmanin yangi brigadalarni komplektlash rejasi haqida gapirdi. Zaporijjya fronti va Dnipro sohiliga desant tushirishdagi yo‘qotishlar, boshqa barcha frontlardagi to‘xtamayotgan qurbonlar doimiy to‘ldirib borishni taqozo etadi, o‘z ixtiyori bilan ommaviy chaqiriqqa borish haqida endi gap bormayapti.

Boz ustiga, Ukrainadagi front ortida armiya uchun yaroqli va ishsiz bo‘lgan erkaklar haligacha ko‘pga o‘xshayapti. Ukrainalik qonun ijodkorlari ularni hududiy komplektlash markazlari (harbiy komissariatlar)ga jo‘natishning turli usullarini o‘ylab topishmoqda va saralashda korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilishmoqda. Ukraina sog‘liqni saqlash vazirligi Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashining qarorini amaliyotga joriy etib, chaqiruvda majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tish muddatini to‘rt kungacha qisqartirdi. Bu harbiy komissariatlarda va tibbiy komissiyalarda korrupsiya borasida yangi faktlar yuzaga chiqqani ortidan ro‘y berdi: potensial chaqiriluvchilarga armiyaga chaqiruvdan ozod qilish va chet elga chiqib ketishga izn beruvchi tibbiy ma’lumotnomalar berilgan.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top