11:22 / 03.11.2023
5281

YeI: YaSTshni deratifikatsiya qilish - Rossiyaning o‘z majburiyatlarini buzishi

Rossiya Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma ishtirokchisi sifatida YaSTshning tezroq kuchga kirishi uchun harakat qilishga va uni barcha kanallar orqali targ‘ib qilishga va’da bergan, deb eslatdi Bryussel.

Foto: Reuters

Yadroviy sinovlarni to‘liq taqiqlash to‘g‘risidagi shartnoma (YaSTsh)ni asossiz ravishda deratifikatsiya qilish Rossiyaning xalqaro xavfsizlik arxitekturasi bo‘yicha o‘z majburiyatlarini e’tiborsiz qoldirishi va yadro qurolini tarqatmaslik bo‘yicha xalqaro sa’y-harakatlarga putur yetkazishidir. Bu haqda Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrelning 2 noyabr, payshanba kuni e’lon qilingan bayonotida aytiladi.

Yevropa Ittifoqi Rossiyada YaSTshni ratifikatsiya qilishni bekor etuvchi qonun qabul qilinganidan chuqur afsusda va Moskvani uning maqsad va vazifalarini hurmat qilishga chaqiradi. Bryusselning eslatishicha, Rossiya Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomaning (YaQsh) ishtirokchisi bo‘lgan davlat sifatida YaSTsh tezroq kuchga kirishi va uni barcha kanallar orqali eng yuqori siyosiy darajada ilgari surishga va’da bergan. Prezident Vladimir Putinning yangi qonunni imzolashi «Rossiyaning BMT Xavfsizlik kengashi doimiy a’zosi sifatidagi maqomi bilan kuchaygan ushbu majburiyatlarga nisbatan orqaga qadamdir», deyiladi bayonotda.

Borrelning ta’kidlashicha, bu harakat Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi va bir necha oylik «mas’uliyatsiz yadroviy ritorika va tahdidlar»dan so‘ng amalga oshirilgan, ularning ba’zilari yadroviy sinovlarning qayta tiklanishiga ishora qiladi. Oliy vakil Yevropa Ittifoqi nomidan yadroviy qurol sinovlari va boshqa har qanday yadroviy portlashlarga qo‘yilgan moratoriyga barcha davlatlar to‘liq rioya qilishi xalqaro tinchlik va xavfsizlik uchun muhim ahamiyatga ega ekanini bildirdi.

Putin qonunni bir necha soat oldin, 2 noyabr kuni imzoladi. 17 va 18 oktyabr kunlari Rossiya Davlat dumasi deputatlari spiker Vyacheslav Volodin nomidan xalqaro ishlar bo‘yicha ixtisoslashtirilgan qo‘mita tomonidan tayyorlangan shartnomani deratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi hujjatni bir ovozdan uch o‘qishda qabul qildi. 25 oktyabr kuni deratifikatsiyani o‘sha kuni ovoz berishda ishtirok etgan Rossiya Federatsiya kengashining barcha a’zolari ham qo‘llab-quvvatladi.

Shartnoma hali ham kuchga kirmagan

Yadroviy sinovlarni to‘liq taqiqlash to‘g‘risidagi shartnoma 1996 yil sentabr oyida BMT Bosh assambleyasi tomonidan qabul qilingan. U 2021 yilda yangi sakkizta davlat tomonidan ratifikatsiya qilingan, jami - 178 ta. Biroq dastlabki ro‘yxatdagi sakkizta davlat tomonidan ratifikatsiya qilinmagani sababli kuchga kirmagan. Ro‘yxatga 44 davlat, jumladan, AQSh va Xitoy kiritilgan.

Rossiya Mudofaa vazirligi 25 oktyabr kuni dushman yadroviy zarbasi sodir bo‘lgan taqdirda «ommaviy yadroviy zarbalar tayyorlash» bo‘yicha mashg‘ulot o‘tkazganini e’lon qildi. Mashg‘ulotlar Putinning shaxsiy nazorati ostida o‘tdi, dedi vazirlik rahbari Sergey Shoygu.

Yadroviy sinovlarni to‘liq taqiqlash to‘g‘risidagi shartnoma tashkiloti (YaSTshT) yadro sinovi portlashini istalgan vaqtda va istalgan joyda aniqlashga qodir noyob global monitoring tizimiga ega. SSSRdan farqli o‘laroq, Rossiya haligacha yadro sinovlarini o‘tkazmagan.

Mavzuga oid
Top