O‘zbekiston | 16:27 / 09.11.2023
5143
2 daqiqa o‘qiladi

Strategik islohotlar agentligining qo‘shimcha vazifalari belgilandi

Agentlik aholini tashvishga solayotgan masalalar va muammolarga yechim topish hamda ijtimoiy soha, iqtisodiyot va boshqa ahamiyatga ega bo‘lgan yo‘nalishlarni transformatsiya qilish bo‘yicha istiqbolli tashabbuslarni ishlab chiqadi.

“O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi

Strategik islohotlar agentligining qo‘shimcha vazifalari belgilandi. Shunga ko‘ra, agentlik:

aholini tashvishga solayotgan masalalar va muammolarga yechim topish hamda ijtimoiy soha, iqtisodiyot va boshqa ahamiyatga ega bo‘lgan yo‘nalishlarni transformatsiya qilish bo‘yicha istiqbolli tashabbuslarni ishlab chiqadi;

ijtimoiy soha, iqtisodiyot va boshqa ahamiyatga ega yo‘nalishlarda xorij mamlakatlarida amalga oshirilayotgan islohotlar va ilgari surilayotgan tashabbuslarni (shu jumladan, xorijiy davlatlar rahbarlarining chiqishlari va nutqlarini) o‘rganishni tashkil qilib, ularni O‘zbekiston sharoitida implementatsiya qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;

xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari, konsalting kompaniyalari, yetakchi xorijiy ilmiy-tadqiqot va ekspert muassasalari hamda mutaxassislarning tavsiyalarini tahlil qilish va umumlashtirish, maqbul tashabbuslarni implementatsiya qilish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi;

istiqbolli tashabbuslarni ishlab chiqish yuzasidan respublikaning ilmiy tashkilotlari bilan hamkorlik qiladi.

Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari har oyda jalb qilingan xorijiy ekspertlar, konsultantlar va maslahatchilar tomonidan bajarilgan ishlar to‘g‘risida batafsil ma’lumotni Strategik islohotlar agentligiga taqdim qilib boradi.

Mavzuga oid