07:54 / 09.11.2023
5531

Xorijiy transportning O‘zbekistonga kirgani uchun yig‘im undirish tartibi o‘zgarishi mumkin

Yig‘imlar bojxona postlarida tashkil qilingan bank kassalaridan tashqari, qonunchilikda belgilangan hollarda respublika hududidagi tijorat banklarining boshqa kassalari orqali ham qabul qilinishi mumkin.

Foto: Kun.uz

Markaziy bank boshqaruvi va Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasining “Xorijiy davlatlar avtotransport vositalarining O‘zbekiston hududiga kirgani hamda tranzit o‘tishi uchun yig‘imlarni undirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga qo‘shimchalar va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Yig‘imlarni bojxona postlarida tashkil qilingan bank kassalaridan tashqari, qonunchilikda belgilangan hollarda respublika hududidagi tijorat banklarining boshqa kassalari orqali ham qabul qilinishi bo‘yicha band kiritilmoqda.

Shuningdek, “Tijorat banklarida kassa ishini tashkil etish, naqd pul va boshqa qimmatliklarni inkassatsiya qilishga doir yo‘riqnoma” talablariga moslashtirish maqsadida:

maxsus kassa tomonidan tijorat bankiga yuboriladigan naqd pul va boshqa qimmatliklar o‘zaro shartnomaga asosan Milliy gvardiya qo‘riqlash xizmati (bank avtomashinasidan foydalangan holda) yoki "Respublika maxsus aloqa bog‘lamasi" davlat unitar korxonasi xizmati kuzatuvi ostida amalga oshirilishi mumkinligi bo‘yicha band bilan to‘ldirilmoqda.

Shu bilan birga, prezident farmoniga asosan Bojxona qo‘mitasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuriga o‘tkazilgani munosabati bilan hujjatga tegishli tahririy o‘zgartirish kiritilmoqda.

Top