23:11 / 15.11.2023
8933

Falastin davlati tashkil etilgani e’lon qilinganiga 35 yil to‘ldi 

Yosir Arafot bu haqda Jazoirda e’lon qilgan edi. Shundan keyin Falastin va Isroil o‘rtasida muvaffaqiyatli muzokaralar o‘tkazildi. Biroq, qonli fojia bunga barham berdi. 

Foto: Reuters

1988 yil 15 noyabrda Jazoirda Falastin davlati tuzilganligi e’lon qilindi. Bu tashabbus bilan Falastin ozodlik tashkiloti (FOT) yetakchisi Yosir Arafot chiqqan edi. 

«Bir qo‘limda zaytun novdasini, bir qo‘limda ozodlik kurashchisi qurolini ushlab keldim. Qo‘limdan zaytun novdasi tushmasin. Takror aytaman, zaytun novdasi qo‘limdan tushmasin», degan edi Yosir Arafot 1974 yilda. BMT Bosh Assambleyasi zalida Falastin rahbari qarsaklar bilan qutlandi. 

Oradan 14 yil o‘tgach, BMT a’zo davlatlarining aksariyati yana Falastinni qo‘llab-quvvatladi. Bunga faqat AQSh va Isroil qarshi chiqqan. FOT rahbari Yosir Arafot 1988 yil 15 noyabrda Jazoirda Falastin davlati tuzilgani va uning mustaqilligini e’lon qildi. Shundan so‘ng, ko‘plab mamlakatlarda FOT vakolatxonalari to‘la huquqli elchixonalarga almashtirildi. 

«Biz yahudiylarga qarshi emasmiz. Aksincha, haqiqiy musulmon va haqiqiy nasroniy ishonadigan qadriyatlar yahudiy e’tiqodida ham bor. Isroil bilan muzokara olib borayotgan delegatsiyamiz tarkibida ikki nafar yahudiy bor. Biz bundan faxrlanamiz», dedi Arafot. «Asosiy dushman kim?» degan savolga u «istilo» deb javob berdi. 

Falastin mustaqilligini e’lon qilib, Arafot mohiyatan Isroilni ham davlat sifatida tan oldi. Bu tinchlik sari ishonchli qadam edi. 

O‘nlab yillar davom etgan mojaro 90-yillarning o‘rtalarida amalda hal qilindi. Norvegiya poytaxtida Falastin ma’muriyatini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlar imzolandi. Keyinroq esa Yosir Arafot, Isroil bosh vaziri Ishoq Rabin va siyosatchi Shimon Peres tinchlik bitimlarini imzolagani uchun Nobel mukofotini olishdi. 

Ishoq Rabin 1995 yilda o‘ldirildi, shundan keyin muzokaralar jarayoni amalda muzlatib qo‘yildi.

Mavzuga oid
Top