15:23 / 15.11.2023
5939

G‘azodagi Al-Quds kasalxonasidan bemorlar va xodimlar evakuatsiya qilindi

Falastin Qizil Yarim Oy jamiyatiga ko‘ra, Al-Quds kasalxonasidagi bemorlar, yaradorlar va tibbiyot xodimlari chiqib ketishga muvaffaq bo‘lgan. Endi ular G‘azo sektorining janubiga olib ketilmoqda.

Foto: Ali Jadallah/Anadolu/picture alliance

G‘azo sektoridagi Al-Quds kasalxonasining bemorlari va xodimlari uning hududini tark etishga muvaffaq bo‘ldi. Ularni evakuatsiya qilish haqida 15 noyabr, chorshanbaga o‘tar kechasi Falastin Qizil Yarim Oy Jamiyati (PRCS) X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi. Qayd etilishicha, hozir bemorlar, yaradorlar, ularning oilalari va tibbiyot xodimlari G‘azo sektori janubiy hududiga olib ketilmoqda.

Ash-Shifo kasalxonasi bilan bir qatorda, Al-Quds ham G‘azo sektoridagi eng yirik shifoxona hisoblanadi. PRCS ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi o‘n kun ichida u yerga gumanitar yordam yetkazishning imkoni bo‘lmagan. 

15 noyabrga o‘tar kechasi Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) Ash-Shifo kasalxonasida «maqsadli» operatsiya boshlanganini e’lon qildi. Shu bilan birga, Isroil harbiylari, TsAHAL matbuot xizmati bayonotiga ko‘ra, kasalxonaga inkubatorlar va bolalar ovqatlarini yetkazib bergan.

Avvalroq AQSh Oq uyi vakili Vashington shifoxonalarga havo zarbalari berish yoki ularning devorlari ichida o‘t ochishni qo‘llab-quvvatlamasligini ta’kidlagan edi. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 11 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzu
HAMAS–Isroil urushi
7 oktyabr kuni G‘azo bo‘lgasidagi HAMAS kuchlari Isroilga yoppasiga raketa zarbalari berdi va chegaradagi aholi punktlarini egallay boshladi. Bunga javoban Isroil tashkilotga qarshi urush ochdi. Bu safargi eskalatsiya avval kuzatilmagan darajada ko‘p qurbonlarga olib keldi.
Barchasi
Top