09:10 / 15.11.2023
8778

O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarboyjon Yevropaga «yashil» energiya eksport qilishni rejalashtirmoqda

Mamlakatlar «yashil» energiya eksporti bo‘yicha texnik shartlar va qo‘shma korxona tashkil etish yuzasidan kelishib oldi.

Foto: REGNUM

O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarboyjon Yevropaga «yashil» energiya eksport qilishni mo‘ljallamoqda. Bu haqda Zakon.kz nashri xabar berdi.

Nashrning Qozog‘iston Energetika vazirligiga tayanib ma’lum qilishicha, mamlakatlar «yashil» energiya eksporti bo‘yicha texnik shartlar va qo‘shma korxona tashkil etish yuzasidan kelishib oldi.

Tegishli kelishuvga O‘zbekiston, Ozarboyjon va Qozog‘iston energetika va iqtisodiyot vazirlarining Boku shahrida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida erishildi. Tadbir davomida Markaziy Osiyo davlatlaridan Ozarboyjon hududi orqali Yevropaga elektr energiyasini eksport qilish istiqbollari muhokama qilindi, deyiladi vazirlik xabarida.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha vazirliklar rahbarlari qo‘shma kommyunikeni imzoladi, unda mamlakatlarning qayta tiklanadigan energetika sohasidagi salohiyati hamda muqobil manbalardan olinadigan elektr energiyasini Yevropaga eksport qilish loyihasiga qo‘shilishga tayyor ekani qayd etilgan.

Top