18:30 / 16.11.2023
7958

Tanasiga 52 ta chip o‘rnatgan ayol Ginnes rekordlar kitobiga kiritildi

AQShda istiqomat qiluvchi ayol tanasiga 52 ta texnologik implant o‘rnatib, rekordlar kitobiga kirdi. U chiplar yordamida hech qanday harakatsiz kompyuterni ishga tushirishi, telefon qo‘ng‘iroqlarini amalga oshirishi mumkin.

Foto: Guinness World Records

AQShda yashovchi 48 yoshli Anastasiya Sin tanasiga dunyoning eng ko‘p texnologik implantlari o‘rnatilgan ayol sifatida Ginnes rekordlar kitobiga kiritildi. Uning tanasida 52 ta implant bor. Shuningdek, ular orasida inson tanasiga o‘rnatish mumkin bo‘lgan eng katta magnit ham mavjud. Rekordchi ayol o‘zini "kiborg" deb hisoblamoqda. Kiborg — tananing ma’lum qismi elektromexanikadan iborat degan ma’noni anglatadi.

1

Ayol tanasiga o‘rnatilgan chiplar yordamida kompyuterni yoqishi, uning kodini ochishi mumkin. Anastasiyaning bu g‘oyaga qiziqib qolishiga qizi sabab bo‘lgan.

"Qizim mendan agar tanasiga mikrochip implant o‘rnatsa, xuddi o‘yindagi qizlar kabi kompyuterning kodini ocha olishini aytib, ruxsat so‘radi. Men esa buni avval o‘zimda sinab ko‘rib xavfsizligini aniqlashim kerakligini aytdim", deydi u.

Ayolning aytishicha, implantlar unga oltinchi tuyg‘uni bergan.

"Men hozir sizga mikroto‘lqinli pechingiz juda ko‘p radiatsiya chiqarayotganini aytib berishim mumkin. Bunda mening qo‘lim vibratsiya bo‘ladi (titraydi)", deydi u. Shuningdek, Anastasiya devor ortidagi elektr simlarni ham his qila oladi.

 

Foto: Guinness World Records

 

U implantlari yordamida hatto telefon qo‘ng‘iroqlarini amalga oshirishi mumkin. "Chap bilagimdagi qizimga, o‘ng bilagimdagisi esa turmush o‘rtog‘imga qo‘ng‘iroq qila oladi", deydi ayol.

 

Foto: Anastasia Synn/Facebook

 

Anastasiyaning aytishicha, u tanasiga ba’zi implantlarni o‘z joylashtirgan, ba’zilari uchun tibbiy yordam olgan.

Lekin rekordchi ayol tanaga implant o‘rnatishning xavflari borligi haqida ham ogohlantirdi. "Agar doimiy nazorat talab qiladigan biror kasallik menda borligini sezsam, barcha implantlarni tanamdan olib tashlagan bo‘lardim", deydi u.

Mavzuga oid
Top