22:08 / 17.11.2023
8624

HAMAS Isroil bilan garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralarni to‘xtatdi - Isroil elchisi 

Muzokaralar HAMAS tashabbusi bilan to‘xtatilgani ta’kidlanmoqda. 

Foto: Reuters

HAMAS rasmiylari garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha Isroil bilan muzokaralarni to‘xtatdi. Bu haqda Isroilning Rossiyadagi elchisi Aleksandr Ben Tsvi ma’lum qildi. 

«Garovga olinganlar bilan bog‘liq vaziyat bizga noma’lum. Barcha so‘rovlarga qaramay, HAMAS garovdagilar qanday ahvolda ekani, tirikmi yoki yo‘qmi, ularning ro‘yxatini ham taqdim etmadi. Biz u yerda nima bo‘layotganini bilmaymiz. Shuning uchun, ma’lumotga ega bo‘lmasdan turib muzokara olib borish juda qiyin», dedi Ben Tsvi «Rossiya-24» telekanalida. 

«Bilishimcha, hozir hech qanday muzokaralar yo‘q, HAMAS ularni o‘z tashabbusi bilan to‘xtatdi», deb ta’kidladi u. 

Noyabr oyi boshida Isroil armiyasi matbuot kotibi Daniel Hagariy HAMAS 242 kishini garovga olgani haqida xabar bergan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu yakuniy raqam emas, harbiylar yangi ma’lumotlar olish uchun surishtiruvni davom ettirmoqda. 

HAMAS garovga olinganlar soni va ularning ahvoli haqida ma’lumot bermadi. 

Mavzu
HAMAS–Isroil urushi
7 oktyabr kuni G‘azo bo‘lgasidagi HAMAS kuchlari Isroilga yoppasiga raketa zarbalari berdi va chegaradagi aholi punktlarini egallay boshladi. Bunga javoban Isroil tashkilotga qarshi urush ochdi. Bu safargi eskalatsiya avval kuzatilmagan darajada ko‘p qurbonlarga olib keldi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top