19:49 / 18.11.2023
13484

«Urushlar fojiali, ammo uni aql-idrok bilan bartaraf etish mumkin» - Kun.uz suhbatdoshlari Isroil-Falastin urushi haqida

Kun.uz muxbiri dunyoda G‘arb va Sharq, jumladan, musulmon mamlakatlari orasida kuzatilayotgan qarama-qarshiliklar va ularning tub ildizlari mavzusida tahliliy suhbat o‘tkazdi.

Suhbat davomida faylasuf Viktor Alimasov, Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti direktori Olimjon Davlatov va siyosatshunos Hamid Sodiq Isroil-Falastin urushining adolatli yechimi qanday bo‘lishi borasida ham o‘z fikrlarini bildirdi.

— Bir oydan oshiqroq vaqt davomida yangi to‘lqinda davom etayotgan Isroil-Falastin urushining adolatli yechimi qanday bo‘ladi?

Olimjon Davlatov:

— Adolatli yechim 1967 yilgi BMT rezolyutsiyalariga muvofiq tuzilgan chegaralarga qaytish bo‘ladi.

Agar bugun Isroil Falastinni o‘ziga qo‘shib olsa, u yerda etnik arablar ko‘pchilikni tashkil qiladi, shuning uchun qarama-qarshilik yanada kuchayadi. Agar Isroil bugungi harakatlari orqali Falastin yerlarini olib qo‘yib, arablarni haydasa, bugungi holatlar dunyoning boshqa nuqtalariga ham ko‘chadi. Ya’ni shunga o‘xshash holatlarga andoza bo‘ladi bu. Yechim — 1967 yilgi chegaralash bo‘yicha ikkita mustaqil davlat bo‘lishi.

Viktor Alimasov:

— Otto fon Bismark aytadiki: «Barcha urushlar fojiali, ammo bu fojiani xalqlar o‘z aql-idroki bilan bartaraf etish mumkin». Isroil va Falastinga ham aql-idrok kerak, shu yerda urushni to‘xtatish kerak. Ikki xalq dinlarida ham totuvlikka chaqiriqlar bor. Islom dinida «nizo uch kundir», deyiladi, yahudiylikda esa «dushmaningni ham sev», degan chaqiriq bor. Bu o‘rinda ikki xalq o‘z dinidagi ana shu chaqiriqlarga amal qilishi kerak. Din yarashtiruvchi bo‘lishi lozim. Shunga amal qilib, to‘xtatishlari kerak.

Bizning nazdimizda vaziyat juda chigallashib ketgan, ammo buni yechsa, yengillashtirsa bo‘ladi. Faqat bu ikkalasini bir-biriga yaqinlashtiruvchi kuch kerak. Umuminsoniy butunlikka intilish ikki xalq uchun ham zarur ayni damda.

Hamid Sodiq:

— 1967 yilgi chegaralarga qaytmasligini barchamiz yaxshi bilamiz, lekin aytilishi kerak bo‘lgan ritorika bu. Ammo bu muammoning yechimi emas, ongostida buni bilamiz.

Ikkinchi jahon urushidan katta talafot va yo‘qotishlar bilan chiqqan xalq yahudiylar edi. Shuning uchun BMTning birinchi missiyalaridan biri yahudiylarga davlat qilib berish bo‘ldi. Lekin sionistik hukumat o‘ziga fashizm kasalligini yuqtirgan ekan. Endi yahudiylar davlati butun dunyoda ularga nisbatan shakllangan tafakkur bilan hisoblashishga majbur.

1967 yilgi chegaralarga qaytolmaydi. Lekin butun dunyoda bu xalqqa, hukumatga nisbatan emotsional bosim bor. Shu bilan birga ular institutsional kuchga ega: qurol bor, moliyaviy ta’sir bor, zamonaviy texnologiyalar bor. Zamonaviy ishlab chiqarish ham yahudiy lobbisi bilan bog‘liq.

Bu urush to‘xtaydi, ya’ni ma’lum muddatga muzlatiladi. Kun tartibini HAMAS belgilab turibdi, AQSh emas. Misr orqali chiqib ketmaslikni ham HAMAS iltimos qilyapti, aholi ketsa, yerlarini yo‘qotadi. Isroil loyihasi orqaga ketyapti, u o‘z avtoritetini yuz yillarga salbiy qilib bo‘ldi.

· Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzu
HAMAS–Isroil urushi
7 oktyabr kuni G‘azo bo‘lgasidagi HAMAS kuchlari Isroilga yoppasiga raketa zarbalari berdi va chegaradagi aholi punktlarini egallay boshladi. Bunga javoban Isroil tashkilotga qarshi urush ochdi. Bu safargi eskalatsiya avval kuzatilmagan darajada ko‘p qurbonlarga olib keldi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top