12:51 / 20.11.2023
3019

UNWTO Samarqandda «yashil» turizm xalqaro markazi tashkil etishni rejalashtirmoqda

O‘zbekistonning Ispaniyadagi elchisi Jahongir G‘aniyev BMT Butunjahon sayyohlik tashkiloti (UNWTO) bosh kotibi Zurab Pololikashvili bilan uchrashdi.

Foto: Dunyo AA

«Dunyo» xabariga ko‘ra, suhbat chog‘ida O‘zbekiston va UNWTO o‘rtasidagi hamkorlikka oid qator masalalar, jumladan, joriy yil oktyabr oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan tashkilot Bosh assambleyasi 25-sessiyasi yakunlari muhokama qilindi.

Zurab Pololikashvili prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 25-sessiya ochilish marosimida bildirilgan taklif va tashabbuslar UNWTO keyingi faoliyati uchun o‘ziga xos «yo‘l xaritasi»ga aylanishini alohida ta’kidladi. «Yashil» turizmni rivojlantirish taklifi jahon turizmi rivojida yangi bosqich sifatida e’tiborga loyiq», dedi Zurab Pololikashvili.

UNWTO bosh kotibining aytishicha, kotibiyat hozirda «yashil» turizmni baholash mezonlarini joriy etish metodologiyasi loyihasini ishlab chiqmoqda. Bu «yashil» turizm bo‘yicha xalqaro dasturning asosiga aylanadi. Shu munosabat bilan u Samarqandda ochiladigan «Ipak yo‘lida turizm» tematik ofisi negizida UNWTO tomonidan moliyalashtiriladigan «yashil» turizm xalqaro markazini tashkil etish taklifini bildirdi.

Zurab Pololikashvili prezident Shavkat Mirziyoyev bilan Samarqandda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Buxoro shahri va Buxoro viloyatida turizmni rivojlantirish masalalari muhokama qilinganini ham ta’kidladi. Shu munosabat bilan u viloyatning turizm salohiyatini kengaytirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish uchun viloyatga xorijiy investorlarni jalb etishga tayyorligini ma’lum qildi.

Uchrashuv so‘ngida O‘zbekiston va Butunjahon sayyohlik tashkiloti o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun elchi Jahongir G‘aniyevga UNWTO esdalik nishoni topshirildi.

Top