18:12 / 22.11.2023
33302

Jo‘rabek Mirzamahmudov energetika islohoti orqali nimalarga erishilishi haqida gapirdi

O‘zbekistonda 2028 yilgacha elektr energiyasining raqobatli ulgurji va chakana bozorlarini shakllantirish maqsad qilingan. Yakuniy bosqichda elektr energiyasini sotib olish bo‘yicha davlat kafolatini berish to‘xtatiladi. Rejaga ko‘ra, tarmoq foydaga chiqishi, natijada sohaga davlat kafolatisiz ham xususiy mablag‘lar kirib kela boshlashi, raqobat paydo bo‘lib, tannarx tushishi kerak.

Foto: Qonunchilik palatasi matbuot xizmati

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 22 noyabr kuni Qonunchilik palatasida sohada qilinayotgan ishlar va rejalar haqida axborot berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda 14 ta yangi elektr stansiyasi ishga tushishi hisobiga elektr energiyasi ishlab chiqarish 22 foizga (60,7 mlrd kWh'dan 74,3 mlrd kWh'ga) oshgan.

Respublika iste’molchilariga yetkazib berilgan elektr energiyasi 32 foizga (47,3 mlrd kWh'dan 62,3 mlrd kWh'ga, shundan aholiga 6,3 mlrd, iqtisodiyot tarmoqlariga 8,6 mlrd kWh'ga) ko‘paygan.

Joriy yilning boshidan bugungi kunga qadar umumiy quvvati 673 MW bo‘lgan 6 ta loyiha doirasida 4 ta GES, 1 ta IES va 1 QES ishga tushirilgan. Yil yakunigacha umumiy quvvati 2000 MW'ga yaqin bo‘lgan 8 ta loyiha ishga tushiriladi va umumiy ishlab chiqarish quvvati 18 751 MW'ga yetkaziladi.

“Shuni alohida ta’kidlab o‘tish kerakki, ushbu loyihalarning barchasi davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilyapti, ya’ni to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilinyapti”, – dedi Jo‘rabek Mirzamahmudov.

Vazirga ko‘ra, energetikada DXSh asosida imzolangan investitsiya bitimlarining umumiy qiymati 17,7 mlrd dollarga yetgan.

Energetika vazirligi rahbari elektr energiyasini erkin bozor modeliga o‘tishning ilk bosqichi – amaldagi yagona xarid qiluvchi modeli yaratilganiga ham to‘xtaldi.

“Islohotlarning keyingi bosqichida Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda boshqa nufuzli xalqaro institutlar va xorijiy konsultantlar bilan birga 2028 yilga qadar elektr energiyasining raqobatli ulgurji va chakana bozorlarini shakllantirish bo‘yicha ishlar olib borildi. Natijada prezidentimizning joriy yil 28 sentabrdagi PF-166 sonli farmonlari bilan raqobatli bozorga o‘tish konsepsiyasi tasdiqlandi hamda energetika bozori regulyatori tashkil etilishi belgilandi”, – dedi u.

Mirzamahmudovning aytishicha, islohotlarning yakuniy bosqichida raqobatli elektr energetika bozoriga o‘tish orqali quyidagilarga erishiladi:

1. Elektr energiyasining ulgurji narxi maqbullashtiriladi.

2. Davlat-xususiy sherikligi bo‘lmagan xususiy stansiyalar qurilishi sababli davlat kredit reytingiga bosim beruvchi, elektr energiyasini sotib olish bo‘yicha davlat kafolatlarini berish to‘xtatiladi.

3. Tarmoq operatorlari foydaga chiqishi natijasida davlat kafolati talab qilinmaydigan korporativ kreditlar jalb qilishga imkon yaratiladi.

4. Raqobat natijasida elektr stansiyalari va chakana savdo kompaniyalari o‘z-o‘zidan tannarxni tushirishdan manfaatdor bo‘ladi.

5. Aholiga ijtimoiy himoyali tariflar saqlab qolinadi.

“Keyingi bosqichda, O‘zbekiston–2030 strategiyasiga muvofiq, xuddi shunday islohotlar tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minoti tizimida ham amalga oshiriladi”, – dedi Jo‘rabek Mirzamahmudov.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston–2030 strategiyasida tabiiy gaz bozorini yaratish ko‘zda tutilmagan. Hujjatga ko‘ra, 2030 yilga borib tabiiy gaz qazib olish hajmini 62 milliard kub metrga yetkazish, elektr energiyasi va tabiiy gazni taqsimlash, generatsiya qilish va iste’molchiga yetkazish infratuzilmasini modernizatsiya qilish maqsad qilingan.

Top