15:57 / 23.11.2023
5235

Isroil qo‘yib yuborilishi mumkin bo‘lgan falastinlik mahbuslar ro‘yxatini e’lon qildi

Isroil ro‘yxatida 300 nafar mahbus bo‘lib, ular HAMAS garovidagilarni ozod qilish evaziga Isroil qamoqxonalaridan qo‘yib yuborilishi mumkin. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, ularning 287 nafari 18 yoshgacha bo‘lgan yigitlar, 13 nafari yoshi katta ayollardir.

Foto: AA/ABACA / Abaca Press / Forum

Isroil Adliya vazirligi 22 noyabr, chorshanba kuni HAMAS tashkiloti bilan tuzilgan garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha kelishuv doirasida Isroil qamoqxonalaridan qo‘yib yuborilishi mumkin bo‘lgan falastinlik mahbuslar ro‘yxatini e’lon qildi. 

Times of Israel internet nashriga ko‘ra, ro‘yxatda 300 nafar mahbus bor. Ularning 287 nafari 18 yoshgacha bo‘lgan yigitlardir. Ularning aksariyati, deb yozadi gazeta, G‘arbiy sohil va Sharqiy Quddusdagi tartibsizliklar va tosh otishlar tufayli qamoqqa tashlangan. Ro‘yxatdagilarning 13 nafari katta yoshli ayollar bo‘lib, ularning aksariyati pichoq bilan hujum qilgani uchun sudlangan. 

Times of Israel gazetasi ta’kidlashicha, Isroil hukumati qaroriga ko‘ra, ro‘yxatdagi barcha 300 kishi Isroil qamoqxonalaridan faqat 100 nafar HAMAS garovida bo‘lgan Isroil fuqarolari yoki Isroilda yashovchilar G‘azo sektorini tiriklayin tark etishi va Isroilga qaytishi sharti bilan chiqishi mumkin.

Avvalroq HAMAS jangchilari «gumanitar sulh»ni olqishlab bayonot tarqatgan edi. Hujjatda aytilishicha, Qatar vositachiligida tuzilgan kelishuv 150 nafar falastinlikni Isroil qamoqxonalaridan ozod qilish va G‘azo sektoriga insonparvarlik yordamini yetkazishni ko‘zda tutadi. 

Isroil va HAMAS o‘t ochishni to‘xtatish va garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha kelishuv 

Isroil va HAMAS o‘rtasida 22 noyabrga o‘tar kechasi e’lon qilingan kelishuvga ko‘ra, G‘azo sektorida dastlab to‘rt kunlik otashkesim o‘rnatiladi. Bu vaqt ichida HAMAS jangchilari 7 oktyabr kuni Isroilga uyushtirilgan hujum chog‘ida garovga olingan 240 ga yaqin kishidan 50 nafarini ozod qilishi kutilmoqda. OAV xabarlariga ko‘ra, gap 30 nafar bola va 20 nafar ayol haqida ketmoqda. «Har safar yana o‘n nafar garovga olinganning ozod etilishi o‘t ochishni to‘xtatish rejimini yana bir kunga uzaytirishiga olib keladi», — deyiladi Isroil hukumati bayonotida. 

Shu bilan birga, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu kabineti vakillari matbuot anjumanida kelajakda G‘azo sektoridan Isroilga tahdidni bartaraf etish maqsadida HAMAS tashkilotiga qarshi kurashni davom ettirishga va’da berdi. 

Yevropa Ittifoqining Isroil va HAMAS o‘rtasidagi kelishuvga munosabati 

Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Isroil va HAMAS o‘rtasidagi kelishuvni olqishladi. «Birinchi yirik garovga olingan guruhning ozod etilishi yutuqdir – hattoki dunyoda hech narsa ular boshdan kechirgan azob-uqubatlarni bartaraf eta olmasa ham», deb yozadi X ijtimoiy tarmog‘ida Berbok. «Gumanitar tanaffus G‘azo sektori aholisiga o‘ta zarur yordamni yetkazish maqsadida ishlatilishi kerak», — deya qo‘shimcha qildi Germaniya tashqi ishlar vaziri. 

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen ham xuddi shunday fikrni bildirdi. Yevrokomissiya urushdagi bu pauzadan G‘azo sektoriga gumanitar yordam yetkazish uchun qo‘ldan kelganini qiladi, deya ishontirdi u. 

Falastin milliy ma’muriyati (FMM) rahbari Mahmud Abbos ham garovga olinganlarni ozod qilish hamda Isroil va HAMAS o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi kelishuvni olqishladi. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 14 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid
Top