17:00 / 23.11.2023
19932
Reklama

Surxondaryo viloyatida jahon andozalariga mos charm-poyabzal klasteri ishga tushdi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Surxondaryo viloyatiga amalga oshirgan tashrifi chog‘ida viloyatning Angor tumanida bunyod etilgan, zamonaviy texnologiyalar va sifat nazorati asosida faoliyat yuritadigan “Top Quality Brand” MChJ korxonasi foydalanishga topshirildi. To‘rt gektar yer maydonida qad rostlagan ushbu klasterda Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand va Buxoro viloyatlarida hosil bo‘layotgan va zaruratga ko‘ra Afg‘oniston, Tojikiston va Turkmanistondan olib kelinayotgan teri xomashyosi chuqur qayta ishlanib, undan raqobatbardosh, eksportga yo‘naltirilgan tayyor mahsulotlar ishlab chiqariladi. Klasterni amalga oshirish uchun 23,2 mln AQSh dollari miqdorida sarmoya yo‘naltirildi. 

Loyiha ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda joriy yilning o‘zida 120 mln kv.dm teri chuqur qayta ishlanib, undan tayyor charm olish ishlari amalga oshiriladi. Natijada dastlabki bosqichning o‘zida 450 ta ish o‘rni yaratildi. 2024 yildan ikkinchi bosqichga o‘tilishi bilan to‘liq faoliyat amalga oshirilishi boshlanadi. Unda yiliga 450 ming juft har xil turdagi erkaklar, bolalar va sport poyabzallari, 250 ming dona charm-attorlik mahsulotlari, 5 ming tonna jyelatin va kollagen ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Qo‘shimcha 860 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi. 

“Top Quality Brand” MChJ klasteri to‘liq Italiya va Turkiya texnologiyasi bilan jihozlangan. Xususan, Italiyaning dunyoga mashhur “Pajusco Tecnologie S.R.l”, “Mec Man S.R.L”, “Alpe Spak SRL”, “Escomar Italia S.R.l.”, “Bergi S.P.A.”, “Bauce Tri.Ma S.R.L”, “Officine Meccaniche Alpe SPA”, Turkiyaning “Ekspres Deri Mak. Kimya San.ve Tic.Ltd.”, “C M Tannery Machines Tic.Ltd.”, “Barnini Tic.Ltd.” kompaniyalarining uskunalari olib kelib o‘rnatildi. Ushbu uskunalar yuqori sifatli va xalqaro talablarni qanoatlantiruvchi tayyor charm, poyabzal, charm-attorlik buyumlari, jyelatin, kallogen ishlab chiqarishga xizmat qiladi. 

Ishlab chiqarish quvvati to‘liq ishga tushirilishi bilan eksport hajmi 45 mln dollarni tashkil etadi. Klasterda ishlab chiqarilgan mahsulotlar Ozarboyjon, Turkiya, Rossiya, Italiya, Hindiston, Portugaliya, Germaniya, Dog‘istonning bend kompaniyalariga yetkazib berilishi yo‘lga qo‘yiladi. Qayd etish kerakki, klasterning o‘zida 20 o‘rinli “dual” ta’lim o‘quv markazi ham ish boshladi. Tinglovchilar bu yerda Italiya va Turkiya davlatlaridan taklif qilingan tajribali texnolog, marketolog va dizaynerlar tomonidan korxonada ta’lim va amaliyot jarayonlari o‘zaro bog‘langan holda tahsil oladilar.

Korxona sertifikatlash bo‘yicha xalqaro tashkilot bo‘lmish “Leather Working Group” (“LWG” – “Charm ishchi guruhi”) tomonidan taqdim etilgan, atrof-muhit va insoniyatga zararsiz ishlab chiqarish, yaxshilangan va xavfsiz mehnat sharoitlarini ta’minlash holatini ifodalovchi, “oltin” toifasidagi xalqaro sertifikatga ega. Bu korxonaga o‘z mahsulotlarini Yevropa bozoriga to‘g‘ridan to‘g‘ri eksport qilish va xorijiy brend zanjirlariga qo‘shilish imkonini yaratadi.

Bu borada klasterda hozirdanoq dastlabki natijalar mavjudligini ta’kidlab o‘tish mumkin. Jumladan, Germaniyaning “Berkemann” va Italiyaning “Aldo Brue” kompaniyalari bilan brend mahsulotlarini “autsorsing” va “franchayzing” asosida ishlab chiqarish bo‘yicha muzokara o‘tkazib, kelishuvlarga erishildi.

Klaster ishida yana bir muhim qadamni alohida qayd etib o‘tish mumkin: bu yerda “Daewoo”, “Mercedes-Benz”, “Audi”, “Toyota” kabi kompaniyalar avtomobillarining o‘rindiqlari uchun tayyor charm yetkazib berish ham reja qilingan.

Muhimi, maqsad aniq, puxta reja ishlab chiqildi. Endigi qadam Surxondaryoda shu vaqtga qadar charm sanoati sohasida ishga solinmagan imkoniyatlardan foydalanib, mamlakat iqtisodiyotiga manfaat keltirish va aholining daromadli ish bilan bandligiga ko‘maklashish ekani ushbu loyihaning ahamiyatini ifodalashini ta’kidlab o‘tish mumkin.

Mavzuga oid
Top