19:15 / 24.11.2023
20245

KXShT kuchayib borayotgan tahdidlar haqida doimiy ravishda gapiravermasligi kerak - To‘qayev 

Qozog‘iston prezidenti bunday bayonotlar allaqachon mutlaqo noto‘g‘ri talqin qilinayotganini ta’kidladi.

Foto: akorda.kz

Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti (KXShT) a’zolari o‘ziga nisbatan kuchayib borayotgan tahdidlar haqida doimiy ravishda gapiravermasligi kerak. Bu haqda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev tashkilotning Minskdagi sammiti chog‘ida aytib o‘tdi.

«KXShT uchun taktika va strategiyani ishlab chiqishda biz, albatta, zamonaviy voqelikdagi tahdid va chaqiriqlarini inobatga olishimiz kerak. Shu bilan birga, fikrimcha, KXShT a’zo davlatlari xavfsizligiga tahdidlar mavjud bo‘lsa ham, ularning kuchayib borayotgani haqida doimo gapiraverishning hojati yo‘q. Axir tahdidlar doimo mavjud bo‘lgan. Bu xalqaro hamjamiyatning mohiyatidir. Bu mavzu bo‘yicha tez-tez aytilayotgan gaplar biz kimdandir qo‘rqamiz degan illyuziyani yaratadi. Bunday bayonotlar noto‘g‘ri talqin qilinishi ham mumkin va allaqachon mutlaqo noto‘g‘ri talqin qilinmoqda», dedi To‘qayev.

Uning fikricha, tashkilotning ritorikasi keskin, ammo «ishtirokchi davlatlarning qadri, umumiy harbiy-siyosiy salohiyati va qudratini hisobga olgan holda» odob doirasida bo‘lishi kerak.

KXShT 1992 yilda tashkil qilingan bo‘lib, unga Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston a’zo sanaladi. O‘zbekiston 1992-1999 va 2006-2012 yillarda bu tashkilot a’zosi bo‘lgan.

Top