16:30 / 26.11.2023
7991

2023 yilgi Global tinchliksevarlik indeksida O‘zbekiston 86-o‘rinda qayd etildi

«Global tinchliksevarlik indeksi» (Global Peace Index) mamlakatlarni besh toifaga ajratadi: tinchliksevarlik darajasi bo‘yicha «o‘ta yuqori», «yuqori», «o‘rtacha», «past» va «o‘ta past» kabi ko‘rsatkichlar beriladi. O‘zbekiston bu yilgi reytingda ikki o‘ringa pastlagan, 86-o‘rindan joy egallab, «o‘rtacha» darajasini saqlab qolgan.

O‘zbekiston 86-o‘ringa loyiq ko‘rilgan va tinchliksevarlik «o‘rtacha» darajali mamlakatlar qatoridan o‘rin olgan. O‘zbekiston 2022 yildagi o‘rnidan 2 o‘ringa pastlagan.

Markaziy Osiyo vakillaridan Qozog‘iston — 76, Turkmaniston — 100, Qirg‘iziston — 101, Tojikiston — 102-o‘rinda joylashgan. 

Afg‘oniston esa ro‘yxatning eng so‘nggi — 163-o‘rnidan joy olgan. Tinchliksevarlik darajasi «o‘ta past» — qizil zonadan Afg‘onistondan tashqari, Yaman, Suriya, Janubiy Sudan, Kongo Demokratik Respublikasi, Rossiya, Ukraina, Somali, Sudan, Iroq, Mali va Markaziy Afrika Respublikasi kabi davlatlar o‘rin olgan.

Turli tashkilotlar doirasida O‘zbekiston bilan hamkor davlatlardan Xitoy — 80, Gurjiston — 94, Ozarboyjon — 95, Saudiya Arabistoni — 119, Hindiston — 126, AQSh — 131, Pokiston — 146, Turkiya va Eron — 147-o‘rinda.

Eng xavfsiz davlatlar o‘n to‘rtta bo‘lib, ular quyidagilardan iborat: Islandiya, Daniya, Irlandiya, Yangi Zelandiya, Avstriya, Singapur, Portugaliya, Sloveniya, Yaponiya, Shveytsariya, Kanada, Chexiya, Finlandiya, Xorvatiya.

«Global tinchliksevarlik indeksi» (Global Peace Index) — Tinchlik instituti hamda Sidney universitetining tinchlik va mojarolarni o‘rganish markazining sotsiologlar va iqtisodchilardan iborat ekspertlar guruhi tomonidan ishlab chiqiladi. U mamlakatlar va mintaqalarda yashash xavfsizligini ko‘rsatadi.

Bu indeks ilk marta 2007 yilda hisoblab chiqilgan. O‘shanda ushbu indeks mamlakatlarni yashash xavfsizligiga qarab ajratishga dastlabki urinish sifatida tilga olingan.

Manba sifatida Uppsala Conflict Data Program, The Economist Intelligence Unit, Qochqinlar ishlari bo‘yicha BMT oliy bosh komissari boshqarmasi, BMTning Survey of Criminal Trends and Operations of Criminal Justice Systems sharhi, Londondagi Kings kollejidagi International Center for Prison Studies, Xalqaro strategik tadqiqotlar institutining The Military Balance sharhi, Stokholm tinchlik muammolarini o‘rganish institutining Arms Transfers Database bazasidan foydalaniladi.

Xavfsizlik darajasi quyidagi 23 ta mezon bo‘yicha hisoblab chiqiladi:

Ichki va tashqi urushlar soni, ichki va tashqi urushda o‘lganlar soni, tashkillashtirilgan ichki mojarolar soni, qo‘shni davlatlar bilan munosabatlar, fuqarolar o‘rtasidagi ishonchsizlik darajasi, aholi soniga nisbatan qochqinlar foizi, siyosiy beqarorlik, inson huquqlari hurmat qilinishi, terrorchilik aktlari ehtimoli, qotilliklar soni, og‘ir jinoyatlar soni, keskin namoyishlar ehtimoli, mahbuslar soni, politsiya va maxsus xizmatlar ofitserlari soni, harbiy xarajatlarning YaIMdagi ulushi, harbiy xizmatchilar soni, oddiy qurol-yarog‘lar importi va eksporti, BMT, NATO va boshqa harbiy alyanslar qo‘shinlari safida harbiy ishtirok, og‘ir qurol-yarog‘lar soni, yengil kalibrli o‘qotar qurolga ega bo‘lish darajasi, armiya imkoniyatlari va harbiy kuchlarning modernizatsiyalashganligi. 

Top