Jahon | 13:20 / 27.11.2023
5341
4 daqiqa o‘qiladi

Tixanovskaya Lukashenkoga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishga chaqirdi

Belarusni qo‘llab-quvvatlash - «Yevropada tinchlik va xavfsizlikka sarmoya», dedi Svetlana Tixanovskaya Karlsruedagi nemis «yashillari» qurultoyida.

Foto: Kay Nietfeld/dpa/picture alliance

Belarusda fuqarolik jamiyati, ommaviy axborot vositalari va siyosiy mahbuslar hali ham yordamga muhtoj, dedi Belarus muxolifati yetakchilaridan biri Svetlana Tixanovskaya 25 noyabr kuni Karlsrueda «Ittifoq-90»/«yashillar» partiyasi qurultoyida so‘zlagan nutqida. Shu bilan birga, u G‘arbni «Belarusni kun tartibidan olib tashlamaslikka» va Belarus rahbari Aleksandr Lukashenkoga qarshi sanksiyalarni kengaytirishga chaqirdi.

«Belaruslar bizning kelajagimiz Yevropada va Yevropa eshiklari biz uchun ochiq ekanligini sizdan eshitishni istaydi», - deya ta’kidladi Tixanovskaya yig‘ilganlarga murojaat qilib. «Belarus ozod bo‘lmaguncha, Yevropa hech qachon xavfsiz bo‘lmaydi. Shu tariqa, siz Yevropaning kelajagini qo‘llab-quvvatlaysiz. Bu xayriya emas. Bu Yevropada tinchlik va xavfsizlikka sarmoyadir».

«Belarusni Rossiya changalidan tortib olishga va Yevropaga olib chiqishga yordam bering. Yevropa kelajagi biz uchun imkoniyat emas, zaruratdir. Agar Belarus mustaqil davlat bo‘lib qolmoqchi bo‘lsa, Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bunga erishishning yagona yo‘li», - deya qo‘shimcha qildi Tixanovskaya. 

Tixanovskaya Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi haqida

Ukrainadagi urush haqida gapirar ekan, siyosatchi o‘zini Rossiyadan himoya qilayotgan bu davlatga ko‘rsatilayotgan yordam Belarus manfaatlariga javob berishini ta’kidladi. «Ko‘plab belaruslar Ukraina ozodligi uchun kurashmoqda. Ularning ko‘pi bu kurashda o‘z jonini berdi. Chunki bu birovning kurashi emasligini tushunamiz - bu bizning ozodlik uchun umumiy kurashimiz», - deya ta’kidladi Tixanovskaya.

Nemis «yashillari» 2024 yilgi Yevropa parlamenti saylovlariga borishni rejalashtirgan dastur loyihasida partiya Belarusda demokratiya va inson huquqlari uchun kurashayotgan «jasur odamlar» bilan birdam ekani aytiladi. «Biz birdamlik ko‘rsatishda davom etamiz hamda Belarus fuqarolik jamiyati va muxolifatini qo‘llab-quvvatlash, barcha siyosiy mahbuslarni ozod etish, Belarus rejimiga qarshi sanksiyalar, mamlakatda erkin va adolatli saylovlar o‘tkazilishini faol himoya qilamiz», — deya AFP agentligi ushbu hujjatdan iqtibos keltiradi.

«Yashillar» saylovoldi dasturiga ko‘ra, Aleksandr Lukashenko Belarusdagi siyosati, shuningdek, Rossiyaning Ukrainadagi harbiy tajovuzini qo‘llab-quvvatlagani munosabati bilan «inson huquqlarining jiddiy buzilishi va urush jinoyatlari»da aybdor. Boshqa narsalar qatori, partiya Yevropa Ittifoqi yuqoridagi jinoyatlar sodir etilganligi to‘g‘risidagi dalillarni to‘plash va saqlashda faol yordam ko‘rsatishini yoqlaydi. 

Tixanovskayaning Germaniyaga tashrifi natijalari

Tashrif davomida Svetlana Tixanovskaya Germaniya iqtisodiyot vaziri Robert Habek va Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok bilan muzokaralar olib bordi.

Shu bilan birga, Belarus muxolifati yetakchisi Habekka Belarus hukumati sanksiyalarni qanday chetlab o‘tayotgani haqidagi hujjatlar va bu muammoni hal qilish bo‘yicha takliflarni topshirdi. Shuningdek, u «yashil» texnologiyalar sohasida belaruslik mutaxassislar ishini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. 

Svetlana Tixanovskaya Berbok bilan Germaniyada tug‘ilgan belaruslik bolalarni qonuniylashtirish masalasini muhokama qildi. O‘z navbatida, Germaniya Tashqi ishlar vazirligi rahbari GFRda bo‘lib turgan belaruslar uchun zarur hujjatlarni rasmiylashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar Germaniya davlat idoralariga yuborilganini aytdi.

Mavzuga oid