22:49 / 28.11.2023
21843

Putin rossiyaliklarni ko‘proq farzand ko‘rishga chaqirdi 

«Ko‘p bolali oilaga ega bo‘lish hayot tarziga aylanishi kerak», dedi u va Rossiyadagi demografik vaziyat og‘ir ekanini qo‘shimcha qildi. 

Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakat «eng og‘ir demografik muammolarga» duch kelayotganini aytdi. Ularni yengib o‘tish uchun rossiyaliklarni ko‘proq farzand ko‘rishga chaqirdi. 

The Moscow Times xabariga ko‘ra, Putin bu haqda Butunjahon rus xalqi qurultoyida ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ruslar «ko‘p bolali oilalar an’anasini jonlantirishi» kerak. 

Putinning ta’kidlashicha, Rossiyaning ko‘plab xalqlari «to‘rt, besh yoki undan ortiq bola tarbiyalanadigan kuchli, ko‘p avlodli oila an’analarini saqlab qolgan». Avvallari rus oilalarida yetti-sakkiz nafar farzand bo‘lgan, agar ko‘p bo‘lmasa. 

«Keling, bu ajoyib an’analarni asrab-avaylaylik va tiklaylik. Ko‘p bolali va katta oilali bo‘lish Rossiyadagi barcha xalqlar uchun odatdagi hol, turmush tarziga aylanishi kerak», dedi Putin. 

Shu bilan birga, Rossiya rahbari mamlakatdagi demografik muammolarini faqat pul, nafaqa, ijtimoiy to‘lovlar va imtiyozlar yordamida hal qilish «mumkin emasligini» ta’kidladi. 

Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya aholisi 2018 yildan beri kamayib bormoqda. 2022 yilda u 533 ming kishiga kamaygan va 2023 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra 146,5 million kishini tashkil etdi. 

Oliy Iqtisodiyot maktabi qoshidagi Demografiya instituti mutaxassislari Valeriy Yumaguzin va Mariya Vinnik o‘tgan yozda qilgan prognozlariga ko‘ra, Rossiya aholisining qisqarishi davom etadi va 2070-yillarning o‘rtalariga borib, 131 million kishiga tushadi. Asr oxiriga borib esa atigi 137,5 million kishi bo‘ladi.

Mavzuga oid
Top