21:01 / 29.11.2023
6913

Toshkentdagi “Yalpiz” restorani vaqtincha yopilgani bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berildi

Sanepidqo‘mga ko‘ra, restoran dudbo‘ron shovqini bilan bog‘liq muammoni hal etgan holda qayta ish faoliyatini olib borishi mumkin.

Foto: Toshkent shahri hokimligi

26 noyabr kuni Toshkent shahri hokimligi Yakkasaroy tumanidagi “Yalpiz” restoranining faoliyati aholining shikoyati sababli o‘tkazilgan o‘rganishlardan keyin vaqtincha to‘xtatilgani haqida xabar bergan edi.

Kun.uz ayni holatga aniqlik kiritish maqsadida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasiga ayrim savollar bilan murojaat qildi. Quyida qo‘mitaning javoblari taqdim etiladi.

Restoran qanday qoidalarni buzgan edi? U faoliyatini qayta tiklashi mumkinmi?

— Toshkent shahar Yakkasaroy tumani “Muxandislar” MFY, Shota Rustaveli ko‘chasi 59-uy fuqarolari nomidan Toshkent shahar hokimligiga murojaat qilingan bo‘lib, unda ushbu uyning birinchi qavatida joylashgan “Lima Business” MChJga qarashli “Yalpiz” restorani dudbo‘ron qismini yordamchi binoning tom qismiga joylashtirgani va ish jarayonida dudbo‘ron motoridan chiqayotgan shovqin aholiga salbiy ta’sir qilayotgani bildirilgan.

Murojaat bo‘yicha 2023 yilning 20 noyabr kuni Sanepidqo‘mita Toshkent shahar boshqarmasi laboratoriyasi tomonidan shovqin darajasi o‘lchanganda me’yordan yuqori ekanligi aniqlangan.

Tekshiruv jarayonida motorda shovqin darajasini pasaytirish bo‘yicha ta’mirlash ishlari olib borilganligi ma’lum bo‘ldi. Sanepidqo‘mita Toshkent shahar boshqarmasi laboratoriyasi tomonidan 2023 yilning 24 noyabr kunida shovqin darajasini qaytadan o‘lchash maqsadida o‘lchovlar o‘tkazilgan. Biroq natijasi bo‘yicha shovqin darajasi ushbu ko‘p qavatli uyning 22-xonadonida o‘lchanganda me’yor talablaridan yuqori ekanligi aniqlangan.

O‘tkazilgan tekshirish natijasi bo‘yicha “Aholining sanitariya-yepidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi qonunning 12-moddasiga asosan “Lima Business” MChJ rahbari Rixsiyev Hamidulla Hasanovichga ventilyatsiya tizimi motorini boshqa joyga ko‘chirish masalasini hal etish hamda yangi joyga ko‘chirilgan ventilyatsiya tizimi shovqini atrofda istiqomat qiluvchi fuqarolarga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi choralarini ko‘rish bo‘yicha tavsiyalar berilib, ushbu kamchiliklarni bartaraf etilgunga qadar Sanepidqo‘mita Toshkent shahar boshqarmasining 2023 yil 25 noyabrdagi 11-1-sonli “To‘xtatib qo‘yish to‘g‘risida” qarori chiqarilib, ushbu restoranning ish faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan.

Restoran faoliyatida “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtalik to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi qonuni, Sanitariya qoida va me’yorlari 0008-20-sonli “turar joylarda, jamoat binolarida, aholi yashash hududlarida va dam olish zonalarida ruxsat etilgan shovqin darajasi” sanitariya qoida va talablari buzilgan.

Ushbu restoran ko‘rsatilgan kamchiliklarni bajargan holda qayta ish faoliyatini olib borishi mumkin.

Bunday voqea faqat shu restoran bilan kuzatildimi? Sanepidqo‘mning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan boshqa restoranlarga ham shunday choralar ko‘rgan keyslar bormi, agar bo‘lsa, qanday?

— Toshkent shahrida faoliyat olib borayotgan ovqatlanish shoxobchalarining sanitariya talablariga rioya etmagan holda faoliyat yuritishi natijasida dezinfeksiya ishlarini amalga oshirish hamda sanitariya kuni o‘tkazilishi sababli ovqatlanish shoxobchalarining ish faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan. Ammo ulardagi dudbo‘rondan chiqayotgan shovqin tufayli boshqa shikoyatlar kelib tushmagan va bu asosida ovqatlanish obektlari faoliyati to‘xtatilmagan.

Ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatida joylashgan kafe va restoranlarga oid qanday sanitariya talablari bor?

— Ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatida faoliyat olib boradigan kafe-restoranlarga quyidagi sanitariya talablari mavjud:

  • Umumiy ovqatlanish shoxobchasiga kirish eshiklari alohida bo‘lishi kerak.
  • Xomashyo va oziq-ovqat mahsulotlari uchun alohida eshik bo‘lishi, ya’ni uyning yon qismidan bo‘lishi talab etiladi.
  • Umumiy ovqatlanish shoxobchasida xo‘randalar uchun o‘rindiqlar soni 50 tadan oshmasligi kerak.
  • Havo tortish dudbo‘ronlari uyning yon devor qismida aholi yashash qismidan 1 metr baland qilib o‘rnatilishi zarur.
  • Umumiy ovqatlanish shoxobchasi umumiy maydoni 100 m2 dan oshmasligi kerak.
Top