12:52 / 02.12.2023
15099

Dunyoning eng qimmat shaharlari reytingi e’lon qilindi. Toshkent eng arzon shaharlar beshtaligida

The Economist nashri dunyoning 173 ta yirik shahridagi 200 ta mahsulot va xizmatlar narxlarini o‘zaro taqqoslab, 2023 yildagi dunyoning eng qimmat shaharlari reytingini tuzdi. Unda Tsyurix va Singapur eng qimmat shaharlar, Damashq va Tehron esa eng arzon shaharlar sifatida qayd etildi.

Foto: Kun.uz

Economist Group’ning Economist Intelligence Unit tahliliy bo‘limi dunyoning yashash eng arzon va eng qimmat bo‘lgan shaharlari ro‘yxatini yangiladi

Tadqiqot mualliflari 173 ta yirik shaharlardagi 200 turdagi tovar va xizmatlarning 400 dan ortiq individual narxlarini AQSh dollarida taqqoslashdi. Barcha shaharlar Nyu-York bilan solishtirilib, uning bazaviy reytingi 100 punkt asosida baholangan.

2023 yilda ushbu shaharlardagi narxlar o‘rtacha 7,4 foizga qimmatlashgan. Taqqoslash uchun, 2022 yilda o‘rtacha yashash qiymati yil davomida 8,1 foizga oshib, so‘nggi 22 yillikdagi eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etgandi.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, Tsyurix va Singapur dunyoning eng qimmat shaharlari deb topildi. Uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlar Nyu-York va Jyenevaga nasib etgan.

Dastlabki o‘ntalikdagi eng qimmat shaharlar:

  • Tsyurix;
  • Singapur;
  • Nyu-York;
  • Jyeneva;
  • Hongkong;
  • Los-Anjyeles;
  • Parij;
  • Tel-Aviv;
  • Kopengagen;
  • San-Fransisko.

Mualliflarining qo‘shimcha qilishicha, tahlillar joriy yilning martidan sentabrigacha bo‘lgan davr oralig‘ida amalga oshirilgan. Shu jihatdan, Yaqin Sharqdagi qurolli mojarolar va dollar kursining zaiflashishi ayrim tovarlar narxiga ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin.

Damashq (Suriya), Tehron(Eron) va Tripoli (Liviya) eng arzon shaharlar sifatida qayd etilgan. Ushbu shaharlarda o‘tgan bir yil davomida mo‘’tadil inflatsiya kuzatilgan. Toshkent esa eng qimmat shaharlari reytingida 31 punktlik bazaviy ball bilan 169-o‘rinni egallagan.

Dunyoning eng arzon shaharlari o‘ntaligi

  • Damashq;
  • Tehron;
  • Tripoli;
  • Karachi;
  • Toshkent;
  • Tunis;
  • Lusaka;
  • Ahmadobod;
  • Lagos;
  • Chennay;
  • Buenos-Ayres.

Kommunal xizmatlarning eng yuqori narxi – AQSh shaharlarida, ko‘ngilochar, jamoat transporti va uy-ro‘zg‘or buyumlarining eng yuqori narxi – Yevropa shaharlarida, oziq-ovqat va spirtli ichimliklarning eng yuqori narxi esa Osiyo shaharlarida kuzatilgan.

Xulosa qilinishicha, dunyo bo‘ylab yashash narxi oshib boryapti. Bu jarayonga energiya resurslari narxining oshishiga olib kelgan qurolli to‘qnashuvlar va salbiy iqlim o‘zgarishlari ta’sir ko‘rsatgan, buning oqibatida oziq-ovqat narxlari ko‘tarilgan. Ekspertlar 2024 yilda global inflatsiyaning sekinlashishini prognoz qilmoqda.

Mavzuga oid
Top