13:42 / 03.12.2023
5888

COP28’da Xalqaro iqlim sudini tuzish va iqlim uchun moliyaviy paketlar taklif qilindi

Buyuk Britaniya, Italiya, Fransiya va Germaniya 100 million dollargacha bo‘lgan iqlim paketi ajratishni e’lon qildi.

Foto: Getty Images

Dubayda o‘tayotgan iqlim sammiti doirasida turli davlat vakillari o‘z takliflari bilan qatnashib, iqlimni yaxshilash uchun turli darajadagi majburiyatlarni olyapti.

2 dekabr kuni so‘zga chiqqan Ispaniya bosh vaziri o‘rinbosari Yolanda Dias dunyo davlatlari vakillari oldiga xalqaro iqlim sudini tashkil qilish taklifi bilan chiqdi. U bunday sud sayyorani zaharlayotgan yirik kompaniyalar chiqarayotgan CO2ʼni nazorat etishi va mas’uliyatini orttirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Chexiya boshqa davlatlar qatori ko‘mirdan foydalanishdan voz kechib, ko‘mir elektr stansiyalaridan bosqichma-bosqich foydalanmaslik majburiyatini oldi.

Shu bilan birga, 120 dan ortiq mamlakat odamlar salomatligini iqlim o‘zgarishi ta’siridan himoya qilish zarurligini tan olgan deklaratsiyani imzoladi.

Tadbirning eng muhim qismlaridan biri bu turli davlat va tashkilotlarning iqlim o‘zgarishini yaxshilash uchun turli loyiha va davlatlarga ajratadigan mablag‘lari e’lon qilinganida bo‘ldi.

Norvegiya Zarar va yo‘qotishlar fondiga 25 million dollar, AQSh esa Yashil iqlim jamg‘armasiga 3 milliard dollar va’da qildi. Buyuk Britaniya 76 million dollar, Italiya, Fransiya va Germaniya 100 million dollar atrofidagi iqlim paketlarini e’lon qildi. Osiyo taraqqiyot banki, Global jamg‘arma, Rokfeller jamg‘armasi iqlim va sog‘liqni saqlash uchun jami 1 milliard dollar ajratadigan bo‘ldi.

Lotin Amerikasi va Karib havzasi Taraqqiyot banki (CAF) esa Lotin Amerikasiga iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish uchun 2030 yilgacha jami 15 milliard dollarlik, har yili 2 milliard dollardan ortiq sarmoya kiritishini e’lon qildi.

Eslatib o‘tamiz, COP28 prezidenti Sulton Al-Jobir sammit ochilishida dunyoda davlatlaridan iqlim o‘zgarishi uchun 420 million dollar ajratishni so‘ragandi.

Top